Bundan chamasi 15 yillar avval Bekoboddagi bir qishloqda bitiruvchi sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. Undan bir parchagina xatdagi so‘zlar dilingni zirqiratib yuboradi: “Mening bitiruv oqshomiga kiyishga hashamdor kiyimim ham, dabdabali mashinam ham yo‘q. O‘zimni osishimga sabab shu narsalarning menda yo‘qligi. O‘rtoqlarim nega shu dabdabalarni o‘ylab topisharkin-a?!!!”
Afsuski 16 yoshli o‘smirning dabdaba-yu hashamga bo‘lgan nafrati bugun ham bizni o‘zgartira olgani yo‘q. Ayniqsa, to‘ylarimizda, ulardan so‘ng qilinadigan marosimlarimizda bizning xalq sifatida naqadar hasham va dabdabaga o‘chligimizda namoyon bo‘lmoqda.
“Aqchasi yo‘qni hayron etti to‘y”
O‘rganishlarga ko‘ra, ayni paytda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi to‘yxonalar bir kishi uchun 15 mingdan to 150 ming so‘mgacha haq olishi qayd etilgan. Odatda, o‘zbek to‘yiga kamida 300 chog‘li odam chaqiriladi. Mazkur raqamlar cho‘tga solib ko‘rilsa, oyiga o‘rtacha 600 ming so‘m topadigan fuqaro kishi boshiga 150 ming so‘m oladigan katta restoranda 300 kishiga to‘y berish uchun 45 million so‘m sarflashi ma’lum bo‘ladi. Agar o‘sha to‘y sohibi maoshga qanoat qiladigan yupqaqo‘l odam bo‘lsa-chi? U “eldan qolmay” bitta marosim o‘tkazish uchun necha yil qozonni to‘nkarib qo‘yishi kerak?..
“Gorko, gorko!” Havas qildikmi senga!
Gorko, gorko… hushtagu qichqiriqlar muhitida yoshlar shu marosimni goh uyalib, goh hadiksirab ado ham etishdi. Emishki, Rossiya Federatsiyasida ishlab pul topib to‘y qilayotgan ba’zi bir yigitlarimiz o‘z to‘ylarida “gorko”ni odat tusiga aylantirishga ulgurishibdi. Qarangki, “gorko” odati yigitlarning Rossiyada ishlab kelganligini bildirib turarkan… Kelinlarning gul otish marosimida qizlarimizning hayo qilmasdan gulni birinchi bo‘lib ilib olishga bo‘lgan intilishini ham, ularning birinchilardan bo‘lib erga tegishga bo‘lgan da’vosini ham, “orzu havasim bor deya qaylig‘ini vals tushishni o‘rgatadigan joylarga olib borguvchilarning iddaosini ham tushundik, qabul qildik va amalda qo‘lladik!!!
Endigi navbat “gorko, gorko”gami?! To‘ylarimizning hamma intiqib, huzur qilib kutadigan kulminatsion pallasi yoshlarning “gorko”si bo‘lib qolsa-chi?! Va bundan hech kim ajablanmasa-yu buni “ha, endi to‘yda qilinishi lozim bo‘lgan qonuniyat-da deb alqasak… O‘pichini qo‘l kaftiga bosib keyin ahli ayoli, qizi yoki kelinlarining peshonasiga kaftini qo‘yib mehri muhabbatini bildirgan o‘zbek erkaklari, yigitlarimiz bugun o‘z to‘ylarida “gorko”ga havasmand bo‘lishdimi?!
Bundan ikki asr oldin rus harbiy qo‘shinlari O‘rta Osiyo hududini egallab borar ekan, qarshilik qilayotgan xalqlarni qanday qilib mahv etish borasida mashhur generallardan biri fon Kaufman shunday degan edi:
– Bunday isyonkor xalqlarni kuch bilan ma’lum bir payt yengish mumkin. Ularni butunlay yakson qilish va yengish uchun ularning eng aziz odatlarini, qadriyatlarini yo‘q qilish darkor. To‘ylarimizda g‘arb dunyosiga xos ba’zi bir amallarning urfga aylanishi, rostini aytganda, bizni bir kun yeb bitiradigan kemiruvchiga o‘xshaydi. “Kemiruvchi” bizni emas, biz “kemiruvchini” bartaraf etaylik!
Buvimning to‘y ko‘ylagi
Yaqinda turmush ostonasida turgan ikki yoshning fotihasi buzildi. Kattalar ishtirokida muqaddas nikohning bir qismi bo‘lgan fotihaga putur yetdi. Sabab oddiy: kelin bo‘lmish 16 million so‘mlik oq ko‘ylakni yoqtirgan va shu ko‘ylakni kiyaman, pulini siz to‘laysiz, deya yigitga shart qo‘ygan… “Turmushimiz boshlanmasdan shu shartni qo‘ygan xotindan men neni kutay deya, o‘qituvchi yigit bu bo‘lajak nikohdan voz kechib qo‘ya qolgan. Shleflari 3 metrdan kam bo‘lmagan oq ko‘ylaklar baxtimizni ham o‘zi kabi uzun va bardavom qila olarmikin?!
– Buvi, to‘yingiz qanaqa bo‘lgan?
– Xotinlar childirma chalib, meni uzatib kelishgan.
– Qanaqa ko‘ylak kiygansiz?
– Qanaqa bo‘lardi, oddiy chit-da…
Oddiy guldor chitni to‘y ko‘ylagi qilgan buvim bobom bilan salkam 60 yil qo‘sha qaridi, ular 60 yil turmushning zalvorli yukini birga ko‘tarib yelkadosh bo‘lishdi. Orqasi uzun, shlefli 16 million so‘mlik oq ko‘ylak mojarosining “qahramon”i bo‘lgan qiz turmushning 60 yillik zalvori tugul 60 soniyalik zahmatiga tob bera olmadi…
To‘y industriyasi: jabrdiyda kim?
Prezidentimizning Olmaliq shahriga tashrifida ham to‘y mavzusi ko‘tarildi. Ushbu uchrashuvlar mobaynida jonkuyarlik bilan aytilgan, behuda odatlardan voz kechgan holda avvalo, yurtdoshlarimizning sog‘lig‘ini, moddiy va ma’naviy dunyosini asrashga qaratilgan so‘zlar aytildi. Ammo, taassufki, ba’zi bir manbalarda to‘ylarimizni soddalashtirish va ixchamlashtirish ortidan to‘y industriyasi talafot ko‘rayotganligi dastak qilinmoqda. Bu yana qanaqa industriya bo‘ldi? O‘sha to‘ylarimizda paydo bo‘layotgan yaramas odatlarni urchitayotganlar, yangidan-yangi odatlarni joriy etayotganlar norozimi endi bu tavsiyadan?
Chindan ham, o‘sha “kelinnavkar”, “Love story”, o‘nlab mashinalardan kortej yasash, odamlardan ortib qolib chiqindiga tashlanadigan ulkan tort kesish kabi yangicha odatlar qadriyatlarimiz, o‘zbekchiligimizga mutlaqo yot narsalar emasmi, aslida? Axir, nonning uvog‘ini ham uvol qilishni katta gunoh deb biladigan xalqqa yarashadigan nima bor bunda?! O‘zlarini jabrdiyda deb bilayotgan to‘y industriyasi o‘zlarining gullab-yashnagan bizneslari aslida xalqning haqiqiy jabri va sho‘ri ekanligini his etisharmikin?
…Men so‘zimni mashhur yozuvchi Tohir Malikning o‘z hayotidan olingan mana bu voqelik bilan yakunlashni lozim topdim:
“O‘g‘limizni uylantirganimizda ba’zi bir nokerak, yoshlar uchun hech bir qimmati bo‘lmagan odatlar, masalan, kuyov tomonning kelin tomonga mashinalar kortejini yuborishi kabi o‘zimiz to‘qigan urflardan biz voz kechdik. Kelin tomonga ham shuni ma’lum qilib qo‘ydik.
O‘g‘lim hech bir e’tirozlarsiz qarorimni ma’qulladi. To‘y chiroyli o‘tdi. Yillar o‘tgach kelinimdan “o‘shanda uyingizga mashinalar kortejini yubormaganligim uchun mendan xafa bo‘lgandirsiz-a, dugonalaringiz sizni izza qilishgandir …”deya so‘radim. Mulohazali kelinim men kutgandan ziyoda qilib javob berdi:
-To‘y kortej kelmasligini eshitib biroz o‘ylanib qoldim, biroz ranjidim ham. Ammo kattalar meni to‘g‘ri yo‘lga undashib, bu to‘yni ixchamlashtirish deyilishini aytishdi. O‘shanda ortiqcha sarf-xarajatlardan biz yoshlarni tiygan kattalardan minnatdorman, juda…”
…Afandi 5 so‘m pulga yong‘oq olib sal nariroq borib 5 so‘mga pullayotganligini ko‘rganlar undan nega bunday qilayotganligini so‘rashibdi.
– 5 so‘mga yong‘oq olib yana 5 so‘mga uni pullayapman. To‘g‘ri cho‘ntagim bundan ortiqcha manfaat ko‘rayotgani yo‘q. Lek o‘zim bu ishimdan huzurlanayapman… Nega deysizmi? Men yong‘oqning shaqir-shuquriga ishqibozman-da!
Mantiqsiz, kelajagimiz uchun hech bir nafi bo‘lmagan dabdaba va hashamlardan o‘zimizni asrasak janob afandi kabi kulguga qolmasmidik…
Dilafro‘z EGAMBERDIYeVA
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Sirdaryoda YTH sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi qamaldi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?