21:48 / 18.11.2017
23 465

Yamoqchiga borayotgan qizlar...

Yamoqchiga borayotgan qizlar...
Bozor degani ajoyib maskan-da. Bozorni kezib ham shukr qilasan, ham fikr qilasan. Ichki ishlar xodimlari va bozor ma’muriyatining “qatag‘on”iga uchrab ko‘kat, sut-qatiq, uy noni, xonim va pishiriqlar solingan zilday og‘ir xaltalarni ko‘tarib har tomonga qochayotgan ayollarni ko‘rib yuraging uvishadi. Onasi pishirib bergan xonimni sotish uchun maktabdan kelasolib tog‘ora solingan eski aravachani sudrayotgan, bolaligi erta o‘g‘irlangan bolakayni ko‘rib ahvolingizdan uyalasiz. To‘rttagina gulkaram ko‘tarib bozorga tushgan keksa otaxonlar, daladan yalpiz terib sotgani olib chiqqan, o‘tgan-ketganga muztar termulayotgan onaxonlarga qarab ezilasan. Tirikchilikning toshdan qattiq yukini ortmoqlab o‘zini har yonga urayotgan kishilar orasida o‘zing ham borligingni o‘ylab xomushlanasan, alam bilan jilmayasan. So‘ng teshigi to‘lmas ro‘zg‘or uchun xarid qilganlaringni ko‘tarib bekatga kelasan. Boshingda ming bitta o‘y, ming bir xayol. Jismingda ikki ruh janjali...

Xullas, yo‘nalishli taksi derazasiga boshimni tirab xayolga cho‘mib kelayotgandim. Bir bekatda avtoulovning silkinib to‘xtaganidan sergak tortdim. Egnidagi kiyim-boshidan o‘ris millatiga mansub deb o‘ylaganim ikki qizdan biri o‘zbek tilida haydovchidan Chirchiq shahriga borish uchun qayerdan, qanday avtoulovga o‘tirish kerakligini so‘radi. Haydovchi ularning savoliga javob berib, aynan shu bekatda tushib qolib, boshqa transportga o‘tirishlari mumkinligini tushuntirgandi, qizlar egilib-suzilib marshrutdan tushishdi. Aniqki, hammaning nigohi qizlarning yirtiq shimi va beliga arang yetgan koftasi ko‘tarilib, oppoq badani ko‘ringaniga qaratilgandi...
  • Bular yamoqchiga ketyapti,- dedi haydovchi ulovni o‘t oldira turib.- Bechoralarning shimi yirtilib, hamma yog‘i elga tomosha bo‘lib qolibdi, shunga yamoqchiga ketishyapti, yamatgani...

Yo‘lovchilar “guurr” etib kulib yubordi. O‘zi ko‘nglimga kulgu tugul, jilmayish sig‘mas ahvolda bozordan qaytayotgandim. Haydovchi va yo‘lovchilarning kulgusiga g‘ashlanib, yirtiq shim kiygan qizlarni, ularning onasini ko‘z oldimga keltirishga urindim...

O‘zbek qizlarining bugungi qiyofasi va ahvoli. Hatto ayrimi g‘arb davlatlarida ham bugun biz qizlarimizga indamay kiydirayotgan kiyimlarni qizlar jamoat joyida, kundalikka kiyishmaydi. Kiyim atrofdagilarga insonning kimligini, aql –farosati, ma’naviy darajasining nechog‘liligini ko‘rsatadi. Mayli, bu gaplar bizgacha ko‘p aytilgan va bizdan keyin ham ko‘p takrorlanadi. Kaminani boshqa dard og‘rintirdi: qizlari el-xalqqa mayna bo‘lib yurgan onalarning axloqiyu, ma’naviy olami qay ahvolda ekan?..

Homila qiz bo‘lsa to‘lg‘og‘i achchiq bo‘ladi, deydi momolarimiz. Qiz bolani dunyoga keltirish, tarbiyalash, izzat-obro‘ bilan bir xonadonga uzatish, tinib-tinchishini ko‘rish... Qiz farzandi bor ota-onaning yo‘li juda mashaqqatli. Balki, Payg‘ambar (sav) shu mashaqqatlarni nazarda tutib qiz farzandni dunyoga keltirib, tarbiyalagan insonga jannatni muhaqqaq ko‘rib, duo qilganmidilar?

HIKMAT

Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi
“Rosululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kimning uchta qizi bo‘lsa, ularga odob bersa, mehrli bo‘lsa va kafolatini olgan bo‘lsa, albatta, unga jannat vojib bo‘ladi”, – dedilar.

“Yo Rosulaluloh! Agar ikkita bo‘lsa hammi?” -deyishdi.
“Ikkita bo‘lsa ham, – dedilar.
Qavmdan ba’zisi “Bitta bo‘lsa-chi?” deyilganda, “Bitta bo‘lsa ham”, derdilar”.

Qizning yuki og‘ir
Qiz farzandi borning yuki og‘ir. Nega? Chunki u bo‘lajak ona tarbiyalaydi. Qiz farzandi bor oila millat davomchisi va tarbiyachisini yetishtirib beradi. Shuning uchun qiz farzandi bor ota-onaning mas’uliyati og‘ir. Afsuski, buni ko‘pchilik tushunmaydi. His qilmaydi. Boya avtoulovdan tushib ketgan shimi yirtiq qizlarning ahvoliga ularni aybdor qilmayman. O‘n besh- o‘n yetti yashar qizning farosati, dunyoqarashi qanday bo‘ladi? Boz ustiga uning hozirgi holati ko‘ziga chiroyli ko‘ringan kiyimni kiyish, atrofdagilarga go‘zal ko‘rinib, hammaning e’tiborini o‘ziga qaratishni istaydi. “O‘n yetti yosh qiz bola bo‘lmaydi, momolarimiz o‘n besh yoshda erga tegib, o‘n yettida bola quchganlar” deb e’tiroz bildirmoqchisiz. Va haqsiz. Ma’qullayman, o‘n yetti yashar qiz bola emas. Ammo unga bolaligidan qiz bolaga, ayolga xos nazokat va odobdan saboq berilmagan. Bu uning aybi emas, aksincha, kunda kunora “gap”u ziyofatlarda yuradigan, o‘y-xayoli qizini badavlatroq joyga uzatish uchun qimmat sarpo-seplar yig‘ish dardida ovvora bo‘lgan onasining nuqsoni. Qiz bolaning tarbiyasi esa internet, har xil bema’ni xorij seriallari va tayin-turug‘i yo‘q ashulachilarning qo‘shiq-kliplariga “ishonib” topshirilgan...

HIKMAT
Oisha (r.a) dan rivoyat qilinadi:
“Huzurimga bir ayol kirdi. U bilan ikkita qizi ham bor edi. Mening oldimda bitta hurmodan boshqa hech narsa topmadi. Bas, uni ayolga tutdim. U olib qizlariga taqsimlab berdi. O‘zi hech narsa yemadi. Keyin turib, chiqib ketdi. Keyin Nabiy (sav) huzurimga kirdilar. Men u zotga xabarni aytdim. Bas, u zot: “Kim mana shu qizlar ila Allohning sinoviga uchrasa, ular uning uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi”,-dedilar”.

Demak, qizlarga bo‘lgan izzat–ehtirom, ularning nafaqasi, qornini to‘ydirib, ustini but qilish juda katta savob hamda oxiratdagi buyuk bir maqom, jannatdan joy olish, do‘zaxdan pardalanishga sabab bo‘ladigan ishlar ekan. Ammo bu hadisni faqat bir yoqlama tushunish, ya’ni qiz bolani yaxshi ta’minlash va qornini to‘yg‘azishning o‘zinigina vojib amal deb hisoblash oqil kishining ishi emas. Moddiy ta’minot o‘z yo‘liga, qizlarni avvalo ma’naviy jihatdan risoladagidek ta’minlab qo‘yish lozim. Ya’ni, ota-ona qiziga yaxshi tarbiya berib, odob-axloq o‘rgatishi, oq-qorani, yaxshi yomonni ajratishni uqtirishi kerak. Taassufki, bugunning ayrim ota-onalari o‘zi tarbiyaga muhtoj. Ona o‘zi yirtiq, tor shim, kalta-kulta ko‘ylak kiysa, onaning o‘zida fahmu farosat bo‘lmasa qiziga qayerdan o‘rgatsin?!..

O‘smirlik chog‘larimizni eslayman. Balog‘atga yetib, ota-onamiz zimdan bo‘y- bastimizga tikilib, bir-birlariga mamnun ko‘z urishtirgan chog‘lar yozning jaziramasida ham egnimizga yengilgina nimcha kiyib olardik. Bu o‘gitni onamiz qulog‘imizga quygan, qiz bolaning nozik, ko‘zga yaqin tanasi atrofdagilarning yomon nazariga nishon bo‘lishi yaxshilikka emasligi uqtirilgandi. Yirtiq kiyimlarni ochiq-oshkora kiyish nari tursin, oshxonada ishlatiladigan peshbog‘imizning bir-yarim joyi so‘tilsa onamiz xijolat va uyatdan lablarini tishlab:
  • Qiz bola yirtiq kiyimlarda yurishi uyat!- deb koyirdilar. Bu biz o‘smir bo‘lgan davrlar ya’ni o‘n besh-yigirma yil oldingi holat edi. Bugun esa qizlar yirtiq shimlarda tanasini ko‘z-ko‘z qilib yurishni “madaniyat” bilan nisbatlamoqdalar.

Darvoqe’, kundan kunga soni oshib borayotgan ajrashishlar, oilaviy nizolar, injiq qaynonalar, axloqsiz qiz-ayollarning ko‘payotgani shu tiyiqsiz “madaniyat” bilan bog‘liq emasmikan, nima deysiz?

P/S: Qiz bola tarbiyasi, qiz farzandga munosabat, qizlarning kiyinishi, yurish-turishi kabi mavzularda obi-tobi o‘rnida mulohazalar ko‘p bora ta’kidlangan. Kaminaning fikrlari yo‘ldagi o‘ylar edi...
Umida ADIZOVA

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yamoqchiga borayotgan qizlar...