13:40 / 22.01.2018
5 350

Firibgarlar qarmog‘iga tushib qolishdan ehtiyot bo‘ling...

Firibgarlar qarmog‘iga tushib qolishdan ehtiyot bo‘ling...
Besh-olti yilcha avval internet orqali biror mahsulot sotib olgan kishi haqida eshitsak, ajablanardik. Bugunchi?

Bugun millionlab yurtdoshlarimiz onlayn to‘lov tizimlaridan faol foydalanishmoqda. Bunga, birinchi navbatda, onlayn kartalarning joriy etilishi keng yo‘l ochib berdi. Hozir deyarli har bir oilada «Uzcard» onlayn kartalari ishlatiladi. Ushbu tur plastik kartalari orqali nafaqat savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalariga o‘rnatilgan terminallar orqali, balki foydalanuvchining shaxsiy smartfoni yoki kompyuterlar orqali turli onlayn to‘lovlar, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoni mavjud.

Xavfsizlik masalasi
Mutaxassislar «Uzcard», «Click»,«Payme» kabi tizimlar orqali to‘lov usullarini mutlaqo xavfsiz, deb e’tirof etishadi. Chunki foydalanuvchi haqida kiritilgan barcha axborot shifrlangan ko‘rinishda saqlanadi va aloqa kanallari orqali yuboriladi.

Unutmang! Yangi kartani birinchi marta qo‘lga olganda undagi standart PIN-kodni boshqa murakkabrog‘iga almashtirish zarur. PIN-kodni ixtiyoriy infokiosk, bankomat yoki savdo ko‘rsatuvchi tashkilotda o‘rnatilgan terminal orqali almashtirish mumkin.

Umuman, «Uzcard» plastik kartalarida EMV standartlariga javob beradigan NXP chiplari ishlatiladi. Ushbuchiplar «Uzcard» kartalari yordamida bajarilgan amaliyotlarning xavfsizligini ta’minlab beradi. Shuningdek, mikroprotsessorlik «Uzcard» kartalari har galtranzaksiya amalga oshirilganda tranzaksiya uchun maxsus va noyob kod hosil qiladi,keyingi bajariladigan amaliyot uchun yangi kod talab etiladi, shuning uchun ushbu kartalarni umuman qalbakilashtirib bo‘lmaydi.

Ammo...

Afsuski, xavfsizlik faqatgina texnik jihatlarga bog‘liq emas. Bunda inson omili ham muhim o‘rin tutadi.

Onlayn kartalar va elektron to‘lov tizimlarining rivojlanishi bilan ushbu yo‘nalishdagi firibgarlik va o‘g‘irlik holatlari ham avj olib boryapti. Jahon tajribasida bu jiddiy muammoga aylanib ulgurgan.

Bankomatdan ma’lum miqdorda pul yechib olib, kartadagi hamma summaning yo‘qolib qolishi, notanish onlayn-do‘kondan arzon mahsulot sotib olib, katta pul yo‘qotish, o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, plastik karta ma’lumotlarini bilib olish holati yoki kartangiz qulflanib qolgani haqida SMS yuborib, uni ochish uchun karta ma’lumotlarini o‘g‘irlash kabi bir qancha usullardan foydalanayotgan firibgarlar har yili milliardlab summalarni uzlashtirib yuborishyapti. Vaqt o‘tishi bilan firibgarlik usullarining yangi ko‘rinishlari paydo bo‘lyapti.

Banklar va onlayn to‘lov tizimlaridagi xavfsizlikning kuchaytirilishiga qaramay, foydalanuvchilarning ehtiyotsizligi tufayli firibgarlar osongina o‘z maqsadlariga erishib kelyaptilar.

O‘zbekistonda onlayn-firibgarlikning qanday usullari ommalashayapti?
Mamlakatimizda onlayn plastik kartalari yoki elektron hamyonlarda qanday va qancha miqdorda o‘g‘irliklar sodir bo‘layotgani haqida aniq statistik ma’lumotlar mavjud emas, biroq bu holat onlayn-firibgarlik yo‘qligini bildirmaydi.

Turli banklarning plastik kartalaridan o‘zaro pul o‘tkazmalarining yo‘lga qo‘yilishi internet orqali pul ishlash imkonini keskin oshirdi. Bu bir jihatdan ko‘plab insonlar uchun qo‘shimcha daromad olish yo‘llarini ochdi. Misol uchun, siz — dasturchisiz. Uyda o‘tirgan holda xorijiy kompaniyalar buyurtmalari bo‘yicha dasturiy kodlar yozasiz va daromad topasiz. Mehnatingiz uchun to‘langan WMZ («Webmoney Transfer» tizimidagi AQSh dollarining elektron titul birligi)ni istasangiz xorijiy elektron do‘konlardan mahsulot xarid qilishga ishlatasiz, istasangiz sotib, so‘mga aylantirib olasiz. Buning uchun internet tizimida, ijtimoiy tarmoqlarda istalgancha e’lonlarga duch kelasiz. Aksar firibgarliklar aynan shu palladan boshlanadi.

Elektron pul almashishga mo‘ljallangan saytlarda 1 WMZning sotilishi va sotib olinishi o‘rtasidagi farq kattagina: 8000 so‘mdan sotib olish, 9000 so‘mgacha sotish haqida e’lonlar joylashtirilgan. Ya’ni, o‘rtadagi odam 1 WMZdan 1000 so‘mgacha ishlab oladi. Bu xuddi valyuta oldi-sottisining «qora bozori»ga o‘xshaydi. Faqat onlayn ko‘rinishdagisi.

Ushbu ayirboshlashlarda aksar hollarda WMZ sotib olish va sotishni taklif qilayotganlar bilan shaxsan uchrashilmaydi, onlayn ravishda amalga oshadi. Ayirboshlashda «PayMe», «Click»,«Uzcard» to‘lov tizimlaridan foydalaniladi. Bu aylanmalarda aniq nazorat yo‘qligi sabab, firibgarlikdan hech kim sizni sug‘urtalamagan. WMZ xarid qilishdayoq firibgar qarmog‘iga ilinib qolishingiz mumkin. Uyog‘iga turli shakllardagi aldovlarga duch kelaverasiz.

Aldovlar
Yoshlarimiz internetdan erkin foydalanishadi va ularning aksariyati onlayn o‘yinlarga qiziqadi. Bolalarni bir zumda o‘ziga tortuvchi va bog‘lab qo‘yuvchi xorijiy onlayn o‘yinlar pullik hisoblanadi. Deylik, bir soatlik o‘yin – 2 WMZ. Elektron pul sotuvchilar bolalarning shu nozik joyidan ushlab, ularga WMZ sotib olishni va «dahshatli» onlayn o‘yinlar o‘ynashni taklif qiladi. Ammo bolada buncha pul nima qilsin? U qarmoqqa ilingach, firibgarlar unga ota-onasining plastik kartasidan qanday qilib to‘lovni amalga oshirishigacha telegramm orqali o‘rgatib turishadi.

O‘tgan yili bir tanishim oilasida shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lgan edi. Kichik sinflarda o‘quvchi bola «odnoklassniki»da«internetdan pul topishni o‘rgatuvchi» bilan tanishib qoladi. Firibgar bolani otasining pulini bir zumda ikki hissalab ko‘paytirish mumkinligiga ishontiradi. Bunga uchgan bolakay otasining telefonini olib, u orqali plastik kartadagi milliondan ortiq so‘mni aytilgan raqamga “payme” qilib yuboradi. Buni qanday amalga oshirishni firibgar bolaga o‘rgatib turadi. Hatto telefonga to‘lov haqida kelgan SMSni ham o‘chirtiradi. Ota plastik kartasida kattagina pul yo‘qolganini bilganida esa, «poyezd» ketib bo‘lgan edi. Hatto firibgar topiladi ham, ammo u«men bilan telegramm orqali katta kishi gaplashdi, u o‘z xohishi bilan «payme» qilingan pulga WMZ sotib olib, bukmekerlik saytlariga ishlatdi» deb o‘zini oqlaydi. Ota bu ish ortida qiziquvchan va g‘o‘r o‘g‘li turgani uchun vaziyatni chigallashtirib o‘tirmay, yo‘qotilgan millionni bahridan o‘tib qo‘ya qoladi.

Internetdan mo‘may daromad?
Internetdan oson pul topish —darhol qiziqtirib qo‘yadigan aldamchi taklif. Aniqrog‘i — ishonuvchan kishilarni firibgarlar qarmog‘iga ilintiradigan xo‘rak. Yoshlar o‘rtasida judayam ommalashib ketgan «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘i orqali pul topishni taklif etayotgan «uddaburon»lar qisqa vaqt ichida o‘z pullarini bir necha baravarga ko‘paytirishganini «reklama» qilishadi. Shuncha zo‘r pul topishayotgan ekan, nega jimgina shu ishini davom ettiravermaydi? Nega boshqalarga bu usulni shunchaki o‘rgatmoqchi bo‘ladi? Bundan unga maanfaat yo‘q deb o‘ylaysizmi? Unga ishonib, u aytgan joyga pul o‘tkazib berganlar bir muddatdan keyin bu pulini topa olmasligi aniq. Puliga qo‘shib, firibgarni ham topa olishmaydi.

Internetdan oson pul topishga qaratilgan takliflar shunchalik xilma-xilki, nafaqat firibgarlikdan aziyat chekish va moddiy zarar ko‘rish, balki yoshlarning, bolalarning turli onlayn o‘yinlarasiriga aylanib qolishi, onlayn-bukmekerlik kantoralariga pul tikib, qimorbozlikka ruju qo‘yishi kabi ayanchli holatlar yuzaga keladi.

Tarmoqdagi har qanday takliflarga ishonuvchan bo‘lmaslik, ayniqsa, bolalarning qanday onlayn tizimlardan foydalanayotgani, messenjer yoki ijtimoiy tarmoqlarda kimlar bilan muloqot qilayotganini nazorat qilib turish kerak. Onlayn-do‘konlardan xarid qilishda,plastik kartalarni turli tizimlardan ro‘yxatdan o‘tkazishda, umuman elektron to‘lovlar bilan bog‘liq barcha holatlarda ehtiyotkor bo‘lish zarar qilmaydi.

Plastik kartadagi pullarni ehtiyotlash choralari
Mabodo kartangizdan pul yechib olinganligini sezsangiz birinchi navbatda kartani bloklash chorasini ko‘ring. So‘ng esa xizmat ko‘rsatadigan bankka murojaat qilish lozim. Amalga oshirilgan amaliyotlarni siz bajarmaganingizni isbotlashingiz kerak. Ushbu holatda eng murakkabi— to‘lov amaliyotlari pin-kodni kiritish orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, bank tomonidan bu amaliyotlar qoidaga ko‘ra bajarilgan, deb baholanadi.

Agarda global tarmoq orqali turli xizmatlarga to‘lovni amalga oshirishda elektron servislardan foydalansangiz va hisobingizdan sizning aralashuvingizsiz pul ko‘chirmalari kuzatilsa, qurilmangizni (kompyuter,smartfon va hkz.) virusdan tozalashingiz lozim bo‘ladi. Ayrim turdagi viruslar hisobdan pul kuchirilishi chog‘ida ma’lumotlarni o‘g‘irlab, kartadagi mablag‘ni o‘z egasi (xaker)ga o‘tkazib yuborishi mumkin. Qurilmalarda antivirus dasturining o‘rnatilishi bunday noxush holatlarning oldini oladi.

Plastik kartalardan pullarning yo‘qolishi kabi holatlarga duch kelmaslik uchun quyidagi ayrim qoidalarga amal qilish zarur:

  • Hech kimga o‘z bank kartangizni bermang.
  • Kartochka har doim ko‘z o‘ngingizda tursin. Ya’ni, biror to‘lovni amalga oshirish chog‘ida uni begona kishiga berib yubormang.
  • Kartochka va uning rekvizitlarini ishonchli joyda saqlang. Hech qachon kartani PIN-kod bilan saqlamang, yaxshisi uni eslab qoling.
  • Kartochkada SMS-xabarnomani yoqtiring. Bunda har bir to‘lov amaliyoti SMS shaklida telefoningizga kelib turadi va o‘tkazmalarni o‘z vaqtida nazorat qilib turasiz.
  • Barcha mobil qurilmalar va kompyuterlarda antivirus dasturi o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.

Ehtiyotkor bo‘lmasangiz, hamyoningizni kissovur o‘marib ketganidek, plastik kartangizdagi pullarni ham firibgarlar turli yo‘llar bilan o‘zlashtirib olishlari mumkin.

Manba: xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Firibgarlar qarmog‘iga tushib qolishdan ehtiyot bo‘ling...