Tahririyatga bir ayol qo‘ng‘iroq qildi. U ham dardiga malham, muammosiga chora izlyotganlardan biri edi.
– Uch qizim bor, – deya so‘z boshladi u. – Kenjamni turmushga uzatganimdan so‘ng yengil nafas oldim. Ishqilib, borgan joyidan baxt topsin, uvali-juvali bo‘lib, o‘zidan ko‘paysin, deb tunu kun duo qila boshladim. Ammo...
To‘ydan uch haftalar o‘tgach, oqshom chog‘ida qizim kirib keldi. Onaman-da, darrov yuz-ko‘ziga razm soldim. Tusi yaxshimas. Hushim boshimdan uchdi. «Men u bilan yashamayman. Uni yomon ko‘raman», dedi otasidan ham iymanmay.
O‘zi shu kenjamning fe’l-atvori murakkabroq edi. O‘z bilganidan qolmasdi, uncha-muncha gap yoqmasdi. Kuyovga ham erkalik qilgan bo‘lsa, oralaridan gap qochgan. «Onasi, tur o‘rningdan, qizingni yetaklagin-da, darrov oborib tashla. Qo‘ni-qo‘shni bilmasin, uyatga qolamiz», dedi erim.
Qizimni kelinlik uyiga tashlab keldik. Oradan ikki oy o‘tgach, esa qudalarim chaqirtirishdi. Yuragim "shig‘" etdi. Bordik. «Ne-ne orzu-havaslar bilan qizingizni kelin qiluvdik. Lekin, kundan-kunga hafsalamiz pir bo‘lyapti. Avval boshda bizning xizmatimizni qilmasa-qilmasin, o‘g‘limizning hurmatini joyiga qo‘ysa bo‘ldi, deb indamadik. Ishlayman, dedi, ko‘ngliga qaradik. Kech qaytsa, ishi ko‘paygandir, dedik. Ammo u borgan sari haddidan oshdi. Kelin bo‘lib na nasihatimizga quloq tutadi, na erining gap-so‘zini tinglaydi. Yuzingda ko‘zing bormi, demay gap qaytarib, o‘g‘limni behurmat qilsa... Uyim-joyim deydigan xotin bu ishlarni qilmaydi», – dedi erkak quda.
To‘srayib o‘tirgan qizim uyalmay-netmay dilidagini aytdi-qo‘ydi: «Erimni yomon ko‘raman. Boshqasini yaxshi ko‘raman. O‘g‘lingizdan ajrab, o‘shanga tegaman»…
Otasi menga qaradi. Shunday qaradiki, qiz tuqqanimga ming-ming pushaymonlar yedim o‘sha onda. Ammo qiziga bir so‘z demadi. Yuziga ham qaramadi. Uyga qaytdik.
Ko‘p o‘tmay, va’dalashgan yigitidan sovchilar keldi. Shuncha kundan buyon dardini ichiga yutib yurgan erim vulqonday portladi, sovchilarni quvib soldi. Qizining yuziga bir shapaloq tortdi.
Keksalar: "Erdan chiqqan qiz asrashdan muz asrash oson", deb bejiz aytishmagan ekan. El aro sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib, erta-yu kech uning izini poylayman. Na yeb-ichganimda, na yotib-turganimda halovat bor.
Bir kuni dugonasi to‘yga aytib ketdi. Qarshiligimga qaramay, otasi kelguncha qaytishni va’da qilib, dugonasi bilan ketdi va... shu bo‘yi uyga qaytmadi. Biz uchun haqiqiy iztirobli kunlar boshlandi. Mahalla-ko‘yga qo‘shilolmay qoldik. Hatto bozor-o‘charga borishga ham iymanamiz…
Bir hafta avval katta qizim uch bolasini yetaklab yig‘lagancha kirib keldi. Aytishicha, kuyov singlisining qilmishini yuziga solib, kamsitarmish, ko‘z ochirmasmish. Sen ham buzuqsan, deya haqoratlarmish. Kuyoviga nasihat qilgani borgan erimga ham shunga o‘xshash gaplar aytib, mulzam qilib jo‘natibdi...
Erim shu kunlarda bor alamini mendan va qaytib kelgan katta qizimdan olayapti. Hayotdan to‘yib ketayapman. Bir yorug‘ nur yo‘qday. Kenjam-ku, qilmishiga, xatosiga yarasha jazosini olar bir kuni, ammo katta qizimning ham oilasi buzilib ketsa, bunga qanday chidayman.
Nima qilay, azizlar? Nima qilsam, bu oilani saqlab qolishim mumkin?
Shahlo TOShBEKOVA yozib oldi
Manba: Erk.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi