O‘tgan bir yil ichida mamlakat hayotining barcha jabhalarida olamshumul o‘zgarishlar ro‘y berdi. Muhimi, odamlarda yillar davomida va’da qilib kelingan «buyuk kelajak»ka ishonch uyg‘ondi. Mamlakat rahbari o‘zining g‘ayrat-shijoati, aqlu zakovati bilan uyg‘ota oldi odamlarni. Ko‘p yillardan buyon tinchligimizga shukur qilib, «minnatdor» bo‘lib yashagan bo‘lsak, endi ko‘rdik tashqi va ichki siyosat qanday yuritilishini. Endi gap davlatimiz rahbarini qo‘llab-quvvatlash, u kishining tashabbus va harakatlariga munosib bo‘la olishimizda.
Bugun har birimiz jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda ishtirok etmog‘imiz zarur.
«Loqayd bo‘lmaylik va hayotimiz qanday kechishiga mas’ul bo‘lgan rahbarlarning ham loqayd bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaylik», — deb ko‘p ta’kidlaydi Prezidentimiz. Qanday tizim bo‘lmasin, joylarda demokratik tamoyillarni qaror toptirish, islohotlarni sekinlashtiruvchi turli illatlarga barham berishning eng maqbul yo‘li — jamoatchilik nazorati. Aynan jamoatchilik nazorati islohotlar o‘z vaqtida amalga oshishi, jamiyat ravnaqiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar bartaraf etilishi, korrupsiyaning oldi olinishining kafolatidir. Bunda ommaviy axborot vositalari asosiy rolni o‘ynashi, Prezidentimizning eng ishonchli yordamchilari bo‘lishi kerak.
Mustabid tuzumda ommaviy axborot vositalari soni sanoqli edi. Viloyat va shaharlarda faqatgina hokimiyatlar va jamoat tashkilotlarining gazetalari faoliyat ko‘rsatardi. Ammo biror-bir gazetada tanqidiy maqola berilsa, u zudlik bilan tegishli tashkilot vakillari ishtirokida shahar yoki viloyat rahbariyatida muhokama etilardi. Kamchilik va xatoga yo‘l qo‘ygan tashkilot rahbarlari qattiq jazolanardi. Bunday maqola yoki feletonlarning vaqti-vaqti bilan gazetalarda bosilib turilishi ham o‘sha davrning o‘ziga xos jamoatchilik nazorati edi.
Bugun ommaviy axborot vositalarining soni ham, turi ham ko‘p. Telekanallar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Ammo ularda e’lon qilinayotgan tanqidiy materiallarga e’tibor, aksincha, susayib bordi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Kamdan-kam hollarda vakolatli organ OAVda e’lon qilingan tanqidiy maqolaga rasmiy javob qaytaradi.
OAV o‘zi istaydimi, istamaydimi, bo‘layotgan hodisa, voqea, jarayonga nisbatan jamoatchilik fikrini shakllantiradi. Ayni o‘sha jamoatchilik fikri rivojlangan demokratik davlatlarda vakolatli organlar tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini oladi. Qolaversa, qonun ustuvorligini ta’minlaydi. Qonun chiqaruvchi, ijro, sud organlari vakillarining ham adolatli ish yuritishiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Afsuski, bugun jamiyatda jamoatchilik fikri orqali yechimini topmayotgan muammolarga qarshi kurash qiyin kechmoqda. Ayni shu asnoda mamlakatimiz aholisi hayotini har tomonlama yaxshilashga bel bog‘lagan davlatimiz boshlig‘ini yolg‘izlatib qo‘ymayapmizmi degan xavotirimiz bor. Muammolarga qarshi kurashda nega ommaviy axborot vositalari tashabbuskor emas? Faqatgina Prezidentimiz aytib o‘tgan mavzular bo‘yicha qator materiallar bera boshlaymiz. Ungacha o‘zimiz bu muammolarni ko‘tarib chiqishga qo‘rqamiz. Qo‘rquvimiz ham bejiz emas albatta. Chunki shu choqqacha tanqidiy material beriladigan bo‘lsa, bizning yutuqlarimizni, mustaqilligimizni ko‘rolmayapti deb o‘zini oqlash, jurnalistga tazyiq o‘tkazish, hatto uni ozodlikdan mahrum etish holatlari ko‘p bo‘ldi. Eng muhimi, uning himoya qiladigan tarafkashi qolmadi. Boshqacha qilib aytganda, jamoatchilik «soqov» bo‘lgan. Oqibatda amaldorlar imi-jimida xohlagan ishini qilavergan.
Shukurki, zamon o‘zgardi. Internet saytlarida yaxshi-yaxshi tanqidiy maqolalar berila boshlandi. Butun dunyoda bunday maqolalarni yutuqlarimizni ko‘ra olmayapti deb emas, balki haqiqatan shu kamchiligimiz bor deb qabul qilishadi. Jamoatchilik e’tibori shu muammoga qaratiladi. Muammoning yechimi taklif etiladi. Muammo yuzasidan vakolatli organ qabul qiladigan qarorga jamoatchilik ta’siri o‘tkaziladi. Shu mexanizm orqali boshqaruvda xalq ishtiroki, xohish-irodasi ta’minlanadi.
Menimcha, ayni shu mexanizmni jamiyatimizda keng qo‘llaydigan payt keldi. Jamoatchilik o‘z fikrini bildirib, muammo yechimiga ta’sir o‘tkazayotgan holatlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Biroq jamoatchilik fikri inobatga olinmayotgan holatlar talaygina.
Misol keltiraman. Bir qator saytlarda ayrim hokimlar qo‘l ostidagilarni kaltaklagani, haqoratlagani haqida materiallar e’lon qilindi. Jamoatchilik bu holatlarni keng muhokama qilib, qattiq qoraladi. Hatto Prezidentimiz ham bu voqealarga e’tibor qaratdi. Biroq hokimlar qanday ishlagan bo‘lsa, shunday ishlashda davom etishmoqda. Ulardan birigina ishdan olindi va nima sababdan ishdan olingani ham oshkor etilmadi. Prokuratura maxsus tekshiruv o‘tkazib, hokimlarning ushbu harakatlarida jinoyat alomatlarini topolmadi. Qoyil. Ammo bu alohida mavzu.
O‘z obro‘siga dog‘ tushirib, xalq nazaridan qolgan bunday hokimlar hamon amal kursisida o‘tirishining o‘zi jinoyat emasmi? Nega o‘zi haqida shuncha salbiy fikr-mulohazalarni eshitgan, jamoatchilikning qattiq tanqidiga duchor bo‘lgan hokimning o‘zi Prezidentdan iste’fo so‘ramaydi? Nega toki davlat boshlig‘i bu masala bilan alohida shug‘ullanib, uni ishdan olmaguncha kreslosini bo‘shatmaydi?
Yoki boshqa bir misol. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu o‘yini bilan jahon chempionatiga chiqa olmasligi bultur muxlisu mutaxassislar orasida rosa muhokama qilinib, jamoatchilik tomonidan bosh murabbiyni ishdan olish talabi ilgari surildi. Futbolimiz mutasaddilari bu fikrlarga tupurib, Samvel Babayanni «tek turib» himoya qilishdi. Natijada, muxlislar aytganiday, terma jamoa maqsadga erisha olmadi. Mana endi Babayanning kirdikorlari fosh etilib, u futboldan umrbod chetlatildi. Jamoatchilik fikri inobatga olinib Babayan o‘z vaqtida chetlatilganida terma jamoa bugun jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lardi.
Bu nimani anglatadi? Demak, jamiyatimizda jamoatchilik fikriga quloq tutish odat tusiga kirmayapti. Tafakkurimiz o‘zgarishi qiyin bo‘lmoqda. Ommaviy axborot vositalarining muammolar yechimi bo‘yicha jamoatchilik taklifi mas’ul idoralar tomonidan qabul qilinishiga erishish borasida birlashishi qiyin kechmoqda.
Nahotki bu vaziyatni o‘nglash uchun ham Prezidentimizning qarori yoki farmoyishi zarur bo‘lsa? Nahotki yurtni boshqarishning shuncha tashvishlaridan ortib, shu masala bo‘yicha ham u kishining kuyunib gapirishini kutib o‘tirsak? Qachon o‘z harakatimiz yoki harakatsizligimiz tufayli xalqdan, jamiyatdan, bir-birimizdan uyala boshlaymiz? Qachon?
Burhon Shermatov
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi