17:02 / 03.02.2018
24 096

Qanday oilada "baxtli bolalar" ulg‘ayadi?

Қандай оилада "бахтли болалар" улғаяди?
Bolalik. Bu beg‘ubor faslni boshidan kechirmagan inson yo‘q olamda. Bolalikning nigohlari katta bo‘ladi, degan gap bor. Albatta, bu ramziy ma’noda aytilgan fikr. Aslida, olam va odamlarni o‘rganayotgan, qahr, razolat va jinoyat neligini bilmaydigan bolalarning hayratlari katta bo‘ladi. Mana shu hayrat ularning tasavvur olamini boyitadi, fikri va dunyoqarashini shakllantiradi. Ular uchun hamma narsa qiziqarli va ajablanarlidek go‘yo. Dunyoni oppoq ranglarda ko‘radi ular.

Mutaxassislarning fikricha, bolalarning kelajakda qanday inson bo‘lib voyaga yetishi aynan shu davrga bog‘liq. Aniqrog‘i, bolalik va beg‘uborlik faslida inson atalmish buyuk qo‘rg‘onning poydevori tiklanadi. Agar bola baxtli oilada kamol topsa, har bir ishda uning omadi chopadi. Chunki ko‘tarinkilik va nekbinlik kayfiyati ularga bolalik davridanoq yuqtiriladi. Urish-janjalli oilalarda ulg‘aygan bolalar esa tajovuzkor, asabiy va johil inson bo‘lib voyaga yetadilar. Ba’zan ota-onalar bolaga qattiqqo‘lroq bo‘lishimiz kerak, deya nazoratni haddan ziyod oshirib yuboradilar.

Hech e’tibor berganmisiz, ota-onasi asabiy bo‘lgan oilaning farzandlari ham xuddi ular kabi urishqoq, tirnoq ostidan kir qidiradigan bo‘lib ulg‘ayishadi. Er-xotin tez-tez janjallashadigan, arazlashadigan oilaning farzandlari esa tortinchoq, ichimdagini top va g‘amgin bo‘lib voyaga yetadilar. Chunki bolaligida u ham otasi yoki onasiga erkalangisi, yelkalarida ot bo‘lib mingisi kelganida uydagi “sovuq urush” bu istakni hamisha chil-parchin etavergan. Masalan, u quchoq ochib, zo‘r ishtiyoq bilan otasi tomon yugurdi deylik.

Lekin otasi uni ko‘zlari to‘la g‘azab bilan qarshi oladi. Otaning shu turishi go‘yo bir turtkiga zor portlovchi bombadek. Bu jonli bomba bolaning shu birgina erkaligi bilan harakatga keladi-yu, uning quloqlarini qomatga keltirib vahshat bilan portlaydi. Bu portlash esa kichkintoyning shijoati, erkinligi, xarxashasi va sho‘xligini chil-parchin qilib, har tomonga to‘zg‘itib yuboradi go‘yo. Shu kundan boshlab bolakayning ruhiyatida siniqlik paydo bo‘ladi. Bu siniqlik uning barcha ijobiy xislatlari, shu jumladan, iste’dodini ham bo‘lak-bo‘laklarga ajratib yuboradi.

Mutaxassislarning fikricha, har bir insonda o‘ziga xos tug‘ma iste’dod va qobiliyat bo‘lishi mumkin ekan. Bu ijobiy xislatlar kishining aynan bolalik davrida shakllanadi va rivojlanadi. Axir xalqimiz “Bolang besh yoshga to‘lguncha unga podshohdek munosabatda bo‘l”, deb bejizga aytmagan. Ammo, ming afsuski, ko‘pgina oilalar “Bolamning jilovini yoshligidan olaman”, deydiyu, o‘zi bilmagan holda undagi Xudo bergan iste’dodni o‘tmaslashtirib, to‘mtoqlashtirib yuboradi. Ota-onalar bola ruhiyatiga qattiq ta’sir etadigan hodisalardan farzandlarini hamisha asrashlari kerak.

QASSOBNING XATOSI
Bir ayolning eri qassoblik qilardi. Shu erkak “O‘g‘limning ko‘zi pishsin, katta bo‘lsa, mening kasbimni davom ettirsin”, deya to‘rt yoshli o‘g‘lini har kuni qushxonaga olib borar va mollarni bo‘g‘izlayotganda bolasini qarab turishga majbur qilar ekan. Bolakay ho‘kizlarning jon talvasasida xirillashini va favvoradek otilayotgan qonni ko‘rib, chinqirib yig‘lasa, ota qo‘lidagi pichoqni unga o‘qtalib, “O‘g‘il bola qo‘rqmasligi, yig‘lamasligi kerak!” deb baqirarkan. Oqibatda soppa-sog‘ bolakay tutqanoq kasaliga chalinibdi. Ota-onasi uni davolatish uchun bormagan joyi qolmabdi. Ammo dardiga davo topolmabdi.

Bir kuni shu bolacha onasiga “Oyi, dadam ho‘kizlarni bo‘g‘izlayotganida ular qattiq titrab xirillaydi. Men bundan qo‘rqaman”, debdi. Bolaning kasali nimadan ekanligini bilgan onasi uni darhol psixologga olib boribdi. Mutaxassis bolakay bilan bir yil ishlagach, u kasallikdan xalos bo‘ldi. Ammo tanishimning aytishicha, unda rahmdillik tuyg‘usi yo‘q ekan. Agar mushugi yoki iti aytganini qilmasa, arqon bilan bo‘ynidan bo‘g‘ib kaltaklarkan. Ona “Hayvonlarga rahmdil bo‘lish kerak”, deya nasihat qilsa ham, parvo qilmasmish.

Bizningcha, endi bolakaydagi qahri qattiqlik tuyg‘usini hech qaysi psixolog tuzatolmasa kerak. Chunki otaning kaltafahmligi oqibatida bolakayning beg‘ubor dunyosini allaqachon chilparchin bo‘lgan. Uning ongidagi beg‘uborlik o‘z o‘rnini yovuzlik, shafqatsizlik va mehrsizlikka bo‘shatib berdi. Chunki o‘g‘il bola otasidan namuna oladi. “Otam shunday qilyaptimi, demak, bu to‘g‘ri”, degan xulosaga keladi. Bu bilan bolaning otasi qassoblik qilmasligi kerak, degan fikrdan yiroqmiz. Ammo u toki farzandi oq-qorani taniguncha qushxonaga olib bormasligi kerak edi.

QANDAY BOLALAR JINOYaTChI BO‘LADI?
Aytishlaricha, qamoqxonalarda jazo muddatini o‘tayotgan jinoyatchilarning aksariyati baxtsiz bolalikni boshidan kechirgan kimsalar ekan. Ayniqsa, ota yoki onasi bo‘la turib, bir bor ularning bag‘rida yayramagan, shirin so‘zlaridan bahramand bo‘lmagan bolalar hayotda doim o‘zlarini nimagadir tashnadek his etib yasharkan. O‘sha tashnalikning o‘rni bosilmasa, asabiy, tajovuzkor va yovuz maxluqqa aylanarkan.

Mutaxasssislarning fikricha, ota-onasi mehr bermagan bolalar qo‘rqoq va jur’atsiz bo‘ladi va bu kamchiliklarini bekitish uchun ataylab o‘zlarini qo‘pol, janjalkash va botir qilib ko‘rsatishga urinadi. Bu ham himoyaning bir usuli, aslida. Chunki ota-ona mehri ham bolaga ruh va qanot beradi, himoyachim bor, degan taskin ularga botirlik bag‘ishlaydi. Bunday mehrdan mosuvo, ota-onasidan kamsitish eshitadigan, kaltak yeydigan bolalar esa doim o‘zlarini yolg‘iz his etishadi. Albatta, inson yog‘och yoki kesak emas. U ham tirik mavjudot. Tiriklik esa hamisha nusxa olishga moyil bo‘ladi.

Masalan, cho‘l echkiemarlarini olaylik. Ularning tash­qi qiyofalari yashiltob qo‘ng‘ir bo‘lsa-da, ammo qumlar uzra o‘rmalab ketayotganda birdaniga qum rangiga kira oladi. Ayniqsa, bunday holat biror xavfni sezganda yashin tezligida ro‘y beradi. Albatta, inson hayvondan farqli. U ongli mavjudot. Shu bilan birga u ham xuddi hayvonlar kabi tabiat farzandi. Chorasiz va najotsiz qolgan damlarda u ham ona tabiatga suyanadi.

Insonda qaysiki fazilatlar ustun bo‘lsa, u o‘ziga o‘xshagan odamlar orasiga kirganida o‘sha fazilatlari ikki baravar oshib ketar ekan, ya’ni yomonlar orasida yomonligi, yaxshilar orasida yaxshiligi ko‘proq namoyon bo‘ladi, degan gap bor. Farzandlarimiz bizning ko‘zgudagi aksimiz. Ularning xatti-harakatiga qarab, o‘zimizning xarakterimizdagi salbiy jihatlarni anglaymiz. Bolamizning qaysidir qilig‘i bizga yoqmayaptimi, demak, avvalo, o‘zimizni taftish etishimiz, kamchiligimizni tuzatishimiz kerak. Aks holda bu kamchiliklar yig‘ilib-yig‘ilib bir kuni katta illatga aylanadi. Illat esa insonni jinoyatga boshlaydi, boshi berk ko‘chalarga undaydi.

FARZAND MEHRINI QOZONISh OSONMI?
Ba’zan hayotda farzandlari qarovsiz qoldirgan yoki mehrini darig‘ tutgan qariyalarga duch kelganimizda qalbimizda achinish hissi paydo bo‘ladi. Beixtiyor o‘sha o‘zimiz tanimaydigan bemehr farzandga nisbatan qalbimizda nafrat hissi paydo bo‘ladi. Lekin bir on bo‘lsa-da, o‘ylab ko‘rsak, ularning shunday ahvolga tushishlarida o‘zlarining ham aybi bordek nazarimizda. Chunki mehr-muhabbat va oqibat ustun bo‘lgan oilada katta bo‘lgan farzandlar hech qachon ota-onalarini yolg‘iz tashlab qo‘ymaydilar.

Bir ota xotini vafot etgach, yetim bo‘tadek bo‘zlab qolgan uchta qizini mehr-muhabbat bilan voyaga yetkazibdi. “Qizlarimning ko‘ngli o‘ksimasin”, deya hatto uylanmabdi ham. U ibodatga bosh qo‘ygan kezlari qizlari unga mehribon bo‘lib voyaga yetishlarini Tangridan astoydil so‘rar ekan. Bir kuni o‘sha kishi uzoq safarga chiqadigan bo‘libdi va qizlaridan: “Go‘zal qizlarim, sizlarga nima olib kelay?” — deya so‘rabdi.

“Dadajon, menga dur-u marvaridlardan olib keling”, — debdi katta qizi. “Menga dunyodagi eng chiroyli matolardan olib keling”, — deya o‘zining orzusini aytibdi ikkinchi qizi ham. “Senga-chi?” — debdi ota sukut saqlab turgan kenja qiziga. “Otajon, menga safaringiz davomida nima yesangiz, o‘sha yegan narsalaringizning kuygan joylarini olib keling”, — debdi qiz.

Ota bu qizining iltimosidan hayron bo‘la-bo‘la safarga otlanibdi va bir necha oylardan keyin uyiga qaytib kelibdi. Ikkita katta qizi so‘ragan duru marvarid va eng go‘zal, asl matolarni beribdi. Eng kichik qiziga esa uning iltimosiga ko‘ra bir qiyiqchada to‘la qilib tugilgan barcha yegan taomlariyu nonlarining kuygan ku­yindilarini beribdi.

Qizi bundan judayam xursand bo‘libdi va dadasiga so‘ragan narsalarini olib kelgani uchun tashakkurlar aytibdi. Otasi esa qizidan: “Qizim, nega mendan yegan narsalarimning kuygan qismlarini olib kelishimni so‘rading, buning ma’nosi nima?” — deya savol beribdi. “Otajon, kuygan taomlar, ayniqsa, nonning kuygani kishida saraton xastaligini keltirib chiqarishi mumkin ekan. Agar sizga bu haqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytsam, bunga amal qilmasligingiz mumkin edi. Shu narsalarni menga olib keling, desam qizim iltimos qilgan edi, deya e’tiborsiz bo‘lmay, menga ilinishingizni bilib, shu yo‘lni tutgan edim”, — debdi qizi.

Ota qizining donoligi va mehribonligidan quvonib ketibdi va uni chin dildan duo qilibdi. Otasining samimiy duosini olgan qiz esa kelajakda baxtli va saodatli bo‘lib, murodu maqsadiga yetgan ekan.

Qissadan hissa shuki, ota-ona farzandiga qancha ko‘p mehr bersa, kelajakda ulardan mehr oladi. Chunki farzand ham bamisoli ekin qadaladigan yer. Unga nima eksak, shuni olamiz.
Gulruh YoRMATOVA

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qanday oilada "baxtli bolalar" ulg‘ayadi?