Kuni-kecha Navoiyda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda to‘y-marosimlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
«Bosh vazirdan boshlab hokimgacha, ijro organi rahbariga to‘y-marosimlarga borishi man etiladi. Choyxonalarning yonida davlat mashinasi turganini ko‘rgan kunim ishdan olib tashlayman, jinoiy javobgarlikka tortaman. To‘y eng ko‘pi 150 kishiga, osh 200 kishiga bo‘ladi. Birorta rahbar uyida tug‘ilgan kunini ham, to‘yini ham mendan boshlab nishonlamaydi.
Bo‘ldi, u zamonlar tugadi endi, odamlarning g‘ashini keltiryapmiz, la’natini keltiryapmiz. Marosim ham, to‘y ham rahbarlarsiz bo‘ladi. Bosh vazir boradi g‘o‘dayib, hamma muovini bilan, hamma turadi... Sen o‘sha qilgan 20 kilogramm go‘shtingni puliga bitta kambag‘alning uyiga borib kraska qilib ber, televizor olib ber, noinsof.
Qaror chiqadi, qaror! Prezident qarori emas, senatning qarori chiqadi. Qani birortang g‘ing deb ko‘r. U to‘yga borish endi man etiladi. Men o‘zim yuragimdan bilgan holda shuni aytyapman. U hammasi xiyonat bizning xalqimizga, ikkinchidan, to‘y qilishning me’yorini ham yozib beramiz.
Toshkentda to‘rt qizi bor odam o‘zini osishi kerak, to‘y qilish uchun. Oddiy odam, oilali, byudjetdan oylik oladigan odam o‘zini osishi kerak! To‘rtta qizini erga berish uchun o‘zini ossa to‘g‘ri bo‘ladi. Nimaga?! Hech qanday imkoniyati yo‘q, baribir bechora qarz oladi, o‘ziga qaramaydi, do‘xtirga bormaydi, faqat shu to‘yga yig‘adi. Kimga kerak bu to‘y? Bo‘ldi, biz oldin tashviqot qilib ko‘rdik, bo‘lmadi bu tashviqot. Xiyonat qilyapmiz xalqimizga, to‘ylarni agar joyiga qo‘ysak, korrupsiya bo‘lmaydi, adolat paydo bo‘ladi. Hamma bir xil to‘y qiladi. Agar birorta rahbar, prokurormi, hokimmi, soliqchimi, chegarachimi, shu me’yordan chiqsa, o‘sha kuni ko‘rasizlar, qamayman hammani» - dedi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
Bu gaplar ko‘pchilikni mulohazaga undagani, ijtimoiy tarmoqlarda bahs munozaralarga yo‘l ochgani tabiiy. Odamlarning yashashini qiyinlashtiradigan har qanday urflarning yo‘qolishini quvvatlagan holda, bir jihatga e’tibor qaratmoqchiman.
Ba’zilar bu so‘zlarda ham erkinlikni cheklashga doir harakatlarni ko‘rishdi. Misol uchun, puli bor, imkoniyati bor odamga katta to‘y qilish va ko‘pchilikni mehmonga chaqirishni nega cheklash kerak? Pul topgan odam o‘sha pullarni istaganicha sarflash huquqiga ega emasmi?
Yo‘q. E’tibor bergan bo‘lsangiz, prezident ma’ruzasida vazir, prokuror, soliqchi yoki chegarachi deb aynan korrupsiya xavfi bo‘lgan davlat idoralarini tilga oldi. Ma’ruzaning juda muhim nuqtasi, ya’ni, keyinchalik, huquqiy tizimni yaratishda poydevor bo‘ladigan jihati aynan mana shu yerda yashiringan. Ya’ni bu yerda ikkita alohida mavzu bor.
Birinchidan. Davlat tashkilotlarida ishlovchilarning oyligi ma’lum. Agar o‘sha xodim juda dabdabali to‘y qilsa va tabiiyki bu to‘y uchun juda katta miqdorda pul sarflasa, o‘z-o‘zidan bu pullar qayerdan kelgani haqida savol paydo bo‘ladi. Aslida, qimmatbaho mashina yoki uy olish, bolalarini chet elda o‘qitish yoki davolatish singari, dabdabali to‘ylar ham jamoatchilik e’tiborini tortishi va ortidan salbiy xulosalarni olib kelishi kerak. Prezident nutqida mana shu tomonga e’tibor qaratdi. Bu yerda nozik jihat dabdabali to‘y qiluvchilar qatorida aynan davlat idoralari xodimlarining tilga olinishi va bu pullar qayerdan topilganiga urg‘u berilishidir.
“Nega pulingni dabdabali to‘y qilishga sarflading?” deb insonning daromadini sarflash erkinligi cheklanmayapti, aslida. “Dabdabali to‘y uchun pulni qayerdan olding, byudjet (xalq) senga to‘layotgan oylik bunga yetmasligi kerak-ku? Demak o‘g‘irlayapsan ekanda?” degan ma’nodagi o‘rinli savol yuzaga kelyapti. Ba’zilarning ko‘rgazmali xarajatlarini tahdid ostiga olgan holda, ularning to‘ylarini ixchamlashtirish orqali, ijtimoiy urf yaratilmoqda - ya’ni bir o‘q bilan ikki quyonning ovlanishi...
Ikkinchidan, e’tibor bering, agar boy-badavlat qo‘shnimiz qimmatbaho mashina sotib olsa va oilasini o‘sha mashinasida olib yursa, havas qilamiz, lekin qarzdor bo‘lib shunaqa mashina sotib olishga intilmaymiz, “uyalmasdan” avtobusda yuraveramiz. Agar kimdir dang‘illama uy qursa, bunday uy qurish juda qimmatligini bilamiz, tan olamiz va “uch xonali domda baxtli” yashayveramiz. Xo‘sh, nega unda, puli ko‘p odamlarning to‘y marosimlari bizni “bog‘lashi”, aynan o‘shanday to‘y qilish majburiyatini yuklashi kerak. Nega puli ko‘p odamlarning xarajatlari an’anaga aylanishi kerak?
Uchinchidan, bunday yo‘l tutishning ijtimoiy oqibati ham bor. Agar shu yo‘nalishda jarayon biroz davom etsa, davlat idoralari xodimlari dabdabali to‘y qilmay qo‘yishadi. Ixcham to‘ylar paydo bo‘ladi va ko‘pchilik o‘rnak olishni boshlaydi. To‘ylarni ixchamlashtirish ommaviy taqiq va targ‘iblar emas, aynan daromadi cheklangan va korrupsioner bo‘lishi xavfi bo‘lgan shaxslarning xarajatlariga urg‘u qaratish orqali bo‘lishini quvvatlayman.
Bir paytlar, asosan Toshkentda va vodiyda islomiy to‘ylar juda urf bo‘lgandi. Spirtli ichimliklar, qimmatbaho tortlar, qistir-qistir, artistlar-u yana boshqa bir qator xarajatlar tejaladigan bu shakl to‘ylarning mohiyati aslida erkaklar va ayollarning birgalikda to‘yda o‘tirishlari Islomga zid ekani haqidagi fikrlardan kelib chiqqan bo‘lsa-da, keyinchalik, oddiy tejamkor to‘y sifatida an’anaga aylandi. U qadar dindor bo‘lmagan, yashash tarzi hamma qatori bo‘lgan oddiy odamlar ham bu shakl to‘ylardagi qulaylik va tejamkorlik tufayli, shunday to‘y o‘tkaza boshladilar. Ya’ni, bu to‘ylar o‘ziga xos “to‘y shakli” sifatida urfga kirdi, hech kim bunday to‘y qilishdan uyalmay qo‘ydi.
Ixcham to‘ylarning boshlanishiga majburiy tarzda paydo bo‘lishi, keyinchalik ko‘payishi albatta, yangicha to‘ylarning urfga kirishiga sabab bo‘ladi. Urfga kirib qolgan to‘ylar esa boshqa odamlar tomonidan tanqid ostiga olinmaydi, malomat qilinmaydi. Natijada, oddiy odamlarda to‘y qilish uchun ixcham, sodda variantlari yuzaga keladi va albatta, tanlov huquqi o‘zida qoladi.
Xususiy sektorda, biznesda katta pul topadigan tadbirkorlar kattaroq to‘ylar qilishlari mumkin, ammo ba’zida bo‘lib o‘tadigan bunday to‘ylar odamlar intiladigan orzu-havas emas, “puli ko‘p bo‘lganidan keyin qilaveradi-da” deb baholanadigan bir to‘y shakli sifatida mavjud bo‘ladi xolos.
Men Prezidentning ma’ruzasini shunday tushundim va keyingi ishlar xuddi shu yo‘nalishda olib borilib, oqibati yuqorida tilga olingan shaklga kelsa, juda xursand bo‘lardim. Ma’ruzada aynan davlat organlari rahbarlari sanalganining o‘ziyoq, mening talqinimga asos bo‘la oladi, chamamda.
Ya’ni, agar huquqiy jihatdan yaxshi ishlab chiqilsa, bu ma’ruza ham, undan keyingi ishlar ham taqiq va erkinlikni cheklashdan xoli tizimga aylanishi aniq.
Bir necha yillardan beri qilinib kelingan tashviqotlar ish bermayotgan ekan, xalqimni to‘y balosidan qutqarmoqchi bo‘lgan har qanday keskin chora-tadbirlarga ikki qo‘limni ko‘taraman. To‘ylar muborak.
Q.Aslanov
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»