Alloh taologa beadad hamdu-sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.
Har bir xalqning o‘ziga yarasha urf-odatlari bo‘ladi. Va bu odatlar mazkur xalqning millati, dini, milliyligi, madaniyati va ilm-ma’rifatidan xabar beradi. Shuning uchun ham turli xalqlarning urflari-da har xildir. Ba’zilari uchun shon-sharaf bo‘lgan urf-odatlar boshqalar uchun or-nomus sanaladi. Yana qaysidir din vakillari uchun ba’zi bir urflar dinini va e’tiqodini ifoda etsa, boshqalar uchun dinsizlik va e’tiqodsizlikni ham bildirishi mumkin. Qolaversa, dunyo miqyosida bir yurt yoki millat vakillariga ijobiy yo salbiy baho berishda ko‘pincha ularning urf-odatlari e’tiborga olinadi.
Biz mo‘min-musulmonlar, xossatan, O‘rta Osiyo xalqining o‘zimizga xos va mos urf-odatlarimiz borki, ularning barchasi bizning butun borlig‘imizdan xabar berib turadi. Chunki mazkur urf-odatlar milliylik va madaniyatimizni ifoda etsa-da, lekin asli o‘zagi dinimiz hukmlaridan olingan bo‘ladi yoki eng kamida unga xilof bo‘lmaydi.
Ammo, ming afsuslar bo‘lsinki, bir necha o‘n yillar davomida Xudosiz bo‘lgan sho‘rolar davri tuzumining siyosati tufayli O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekiston aholisi ham o‘zining asl dinining ko‘rsatmalaridan mutlaqo ayrildi yoki yuzaki holdagina unga e’tibor beriladigan bo‘ldi. Natija esa hammamizga ma’lum. Barcha sohalardagi kabi din, e’tiqod masalasida ham nihoyatda oqsoq va illatli bo‘lib qoldik. Shu bahonada milliylik yoki milliy qadriyatlar, madaniyat bayrog‘i ostida qanchadan-qancha urf-odatlar paydo bo‘ldi. Aslida esa bunday urflar bizning o‘tmishi buyuk bo‘lgan va dunyoga ilm-ma’rifatda ustozlik darajasiga ko‘tarilgan millatimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Shunday bid’at-xurofot o‘laroq paydo bo‘lgan urf-odatlarning son-sanog‘i yo‘q. Eng achinarlisi esa hali-beri bu bid’atlar bo‘y ko‘rsatishdan to‘xtaydiganga o‘xshamaydi. Yildan-yilga xilma-xil, rang-barang bid’atlar paydo bo‘lyaptiki, kimlardir buning ketidan har taraflama manfaatdor bo‘layotgani uchun mazkur bid’atu xurofotlarga “milliylik” to‘nini kiygizyapti. Ana shunday bid’atlardan biri hozirgi kunda “kelin salom” marosimi desak, xato bo‘lmaydi.
Bu marosim nomiga qaraganda juda ham go‘zal va jimjimador. Lekin shu nom ostida qilinayotgan ishlar esa eng kamida bid’atu xurofot, manmanlik, riyokorlik, isrofgarchilik, shonu shuhratga berilish, hasad, g‘iybat, yolg‘on, odobsizlik va shariat hukmlarini oyoqosti qilishlikdir. Kimlardir “Juda oshirib yuboribsiz”, deyishi mumkin. Aslida esa bu marosimda sodir etilayotgan gunoh-ma’siyatlarning ba’zilarinigina sanab o‘tdik, xolos.
“Yangi kelinchak uni yo‘qlab kelayotgan mehmonlarga ehtirom ko‘rsatib salom bersa, nimasi yomon?!” dersiz. To‘g‘ri, salom berish shariatimizda sunnat amal. Va bu amal tufayli qanchadan-qancha barokatlar, xayriyatlar va o‘zaro mehr-oqibatlar tiklanib, mustahlamlanadi. Lekin asli sunnat bo‘lgan salom berish bayrog‘i ostida qanchadan-qancha gunoh-ma’siyatlarning amalga oshirilishiga nima deysiz? Qolaversa, kelin salomdan barcha qiz chiqargan ota-onalar bezib qolishgan. Lekin majbur bo‘lganlaridan, qudalarining oldida soxta obro‘-e’tibor olish, undan tashqari qizining ushbu xonadonda tinib-tinchib, baxtli-saodatli hayot kechirishi, qaynonasi qo‘lini bigiz qilib, kelinga ta’na-dashnom qilavermasligi uchun bu bid’atlar amalga oshiriladi.
Biz ushbu gaplarni osmondan olib gapirayotganimiz yo‘q. Bu borada kundan-kunga shikoyatlar ko‘payib boryapti. Jumladan, bir ayol kelib, qizini chiqarishga qiynalayotganligi to‘g‘risida shikoyat qilib, yordam so‘radi. Unga imkoniyat darajasida yordam berildi. Oradan hech qancha o‘tmasdan yana ko‘zida yosh bilan bir ahvolda kirib keldi. “Ha, onaxon, tinchlikmi?” deb so‘rasam, ko‘ngli to‘lib yig‘lab yubordi. Ro‘molchasi bilan ko‘z yoshlarini artar ekan, men o‘zimcha “Tinchlikmikan, onaxon yaqindagina to‘y qilgan edi, to‘y asnosida biror musibatga uchrab qoldimikan?” deb xavotir oldim. Shunda uning o‘zi sekin so‘z boshladi: “Sizlarga ming rahmat, bergan yordamlaringiz bilan qizimni uzatib oldim. O‘zimcha hammasidan qutildim, yaxshi bo‘ldi, deb turgan edim, hali «kelin salom”i bor ekan. Men to‘yning xarajat va tashvishlari bilan ovora bo‘lib, “kelin salom”ni unutib qo‘ygan ekanman. Qudalar yaxshigina eslatib qo‘yishdi. Endi shu desangiz, bu “kelin salom” deganlariga ham bir qancha sarpolar, sovg‘a-salomlar va yana nimalardir olinishi kerak ekan. Mening esa hech vaqoim qolmadi. Zo‘rma-zo‘raki to‘yni o‘tkazib olgan edim. Endi boshimda bu ko‘rgilik ham bor ekan…»
Mana, azizlar, bir mushtipar onaxonning “kelin salom” tufayli tortayotgan azob-uqubatlari. Bunday holat bir-ikki emas, balki son-sanoqsizdir. Lekin xalqimiz o‘ta oriyatli va mulohazali bo‘lgani tufayli ko‘p ham shikoyat qilmaydi. Goh-gohida esa bunday tashvishlardan yorilib, “portlab” ketayotgan mazlumlarninggina shikoyatlarini eshitib qolamiz.
Ba’zilar esa “Imkoniyati bo‘lmasa, qilmay qo‘yaversin, uni birov majburlayaptimi? Har kimning o‘z xohishi, ko‘rpasiga qarab oyoq uzatsin”, deydi. Juda ham to‘g‘ri gap. Lekin quda-andalarning butun vujudingni teshib yuboradigan darajadagi gaplari, zaharli o‘q kabi yuragingga sanchiladigan piching va ta’nalari har qanday insonni ham (ba’zi tushungan odamlar bundan mustasno) mazkur bid’at-xurofotlarni qilishga majbur etadi. Qolaversa, qizingiz yalinib, iltijo qilib, sizdan umidvor bo‘lib tursa, uning iltimoslarini yerda qoldirarmidingiz?!
Har qanday ota-ona qizining baxti uchun hamma narsaga tayyor bo‘ladi. Lekin mazkur bid’atlarga kimdir chek qo‘ymasa, kundan-kunga ildizi chuqurroq botib, tanasi baquvvatlashib boryapti. Agar fursat borligida qaysidir bid’atchilar to‘qib chiqargan bunday balolarga zarba bermasak, ularga qarshi kurashmasak, buning kasofati barchaga ommaviy bo‘ladi. Hech kimning “Bunday bid’atlarning menga ta’siri bo‘lmaydi, mening ular bilan ishim yo‘q, kim e’tibor beradigan bo‘lsa, o‘zi kurashaversin”, deyishga haqqi yo‘q. Zotan, har bir bid’atga qarshi barcha mo‘min-musulmonlar birgalikda kurashishlari vojibdir.
Bir kuni hoji akalarimizdan biri juda ham tushkun va g‘amgin holatda kelib qoldi. “Ha, hoji aka, tinchlikmi, kayfiyatingiz yo‘q?!” desam, “Shu to‘ydagi bo‘lar-bo‘lmas urf-odatlar, qolaversa, «challari”, “kelin salom” va hokazolarni o‘ylab topganlarning padariga…» deb nolib qoldi.
Mana, birodarlar, biror ezgulikni xalq o‘rtasida joriy qilib “Otangga rahmat!” degan duoni olgan qayda-yu, “kelin salom”ga o‘xshash bid’atni avj oldirib, qanchadan-qancha insonlarning ko‘z yoshi oqishiga, hattoki ba’zi bir oilalarning ajrashuviga sabab bo‘lib “Shuni chiqarganning padariga la’nat!” degan duoi badni olish qayda?!
Yuqorida “kelin salom” marosimidagi gunoh-ma’siyatlar to‘g‘risida bir oz ma’lumot bergan edik. Quyida esa ana shu ma’lumotlarning voqe’likda qanday bo‘lishini ko‘rib chiqamiz.
Birinchi – salom berishning kayfiyati to‘g‘risidagi ma’lumot.
Salom berish vaqtidagi egilishning hukmi to‘g‘risida kelgan faslda aytilishicha, egilib salom berishdan qaytarilganmiz. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Kishi birodariga yo‘liqqanda (salomlashish uchun) unga egilsa bo‘ladimi?” deb so‘radilar. Shunda u zot: “Yo‘q”, dedilar (“Majallatul buhusil islamiya”).
Demak, “kelin salom” marosimida kelinlarimiz yetti bukilib salom berar ekanlar, bu shariatimizning ko‘rsatmasiga xilofdir. Agar namozdagi ruku’ darajasida egilib salom bersa, qattiq gunohkor bo‘ladi. Qolaversa, yangi kelinchak barcha mehmonlarning oldida ketma-ket egilib salom beraverishi uning nafaqat jismi, balki kayfiyatiga ham salbiy ta’sir qiladi.
Ikkinchidan, kelinchak uch kundan bir haftagacha kelgan har qanday mehmon yoki chiqqan qo‘shnilar uchun ham egilib salom berishda davom etadi. Qaysi kelin bu urfga amal qilmasa, “shumqadam, bebaraka, behayo, beodob” deb baholanadi.
Uchinchi – kelinchak quruq salom bermaydi. Balki salom berilishi kerak bo‘lgan kichigidan tortib kattasigacha, albatta, sovg‘a ulashadi. Sovg‘alar esa oddiy emas, qimmatbaho bo‘lishi shart. Aks holda malomatlarga qoladi.
To‘rtinchidan, “kelin salom” marosimida bir qancha ayollar ishtirok etar ekanlar, ularning ba’zilariga berilayotgan sovg‘a yoki bu joydagi shart-sharoit yoqmaganligi to‘g‘risida g‘iybat, tuhmat va bo‘htonlar to‘qiladi.
Beshinchidan, mazkur marosimga nafaqat ayollar, balki qo‘shtirnoq ichidagi erkaklar ham qatnashadi. Va, albatta, ular ham kelinning qo‘lidan sovg‘a olish bilan faxrlanadi.
O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, tog‘ni ursa, talqon qiladigan erkaklar (qaynota, amaki, tog‘a, qaynog‘a, qaynini va hokazolar) nozikkina va ojiza bo‘lmish kelinning qo‘lidan sovg‘a oladilar. Lekin kelinning majburan berayotgan sovg‘alari qarz evaziga kelgani bilan qiziqishmaydi ham.
Oltinchi – ushbu marosimdan eng katta moddiy manfaatdor bo‘ladigan shaxslar, albatta, san’atkorlardir. Ularning quyi tabaqasi 100 dollar, yuqori tabaqasi esa 1000 dollar atrofida xizmat qiladi. Ba’zilari esa ketma-ket uch-to‘rt marosimni bir-biriga ulab, birinchi borgan joyida bir oz ishtirok etadi-da, keyin yordamchilarini o‘rinbosar qilib, o‘zi undan keyingisiga shoshiladi. Qarabsizki, bir kunda ancha-muncha pulni qo‘lga kiritadi. Shuning uchun ham bunday marosimlarning kundan-kunga turli-tuman, xilma-xil bo‘lib ko‘payib borayotgani avvalo san’atkorlar uchun mo‘maygina daromad manbaidir.
Yettinchi – ushbu marosim bir soatdan uch soatgacha cho‘ziladi. Demak, bir necha odamlarning uch soat umri bid’at-xurofotlarga sarflanadi.
Sakkizinchi – ushbu marosimda bo‘layotgan dabdabavozlik, riyokorlik, manmanlik va isrofgarchiliklarning esa cheki yo‘q.
Kimlardir “Ketsa, bizning vaqtimiz ketyapti, qolaversa, birovning pulini emas, o‘zimizning pulimizni ishlatyapmiz. Buning nimasi isrof?” deyishi mumkin. Ularga esa quyidagi hadisi sharifni taqdim etamiz.
Hazrat Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida shunday marhamat qilganlar:
“Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida nima qilgani, molini qayerdan topib, nimaga sarf qilgani, ilmiga qay darajada amal qilgani haqida”, deyiladi.
Demak, Alloh bergan bebaho ne’matlar – umr, yoshlik chog‘i, mol-dunyo, ilm haqidagi savol-javoblar oddiy emas, balki o‘ta mashaqqatli va dahshatli kun bo‘lmish qiyomatda hisob-kitobsiz, so‘roq-savolsiz qolmas ekan. Qayerdagi bir bid’at marosim deb shuncha ne’matlarni isrof qilgan inson Alloh taologa qanday hisob-kitob berishini tasavvur qiling.
Azizlar, ko‘zimizni ochaylik. G‘aflat va loqaydlik uyqusidan uyg‘onaylik, hayot va atrofga teranroq nazar tashlaylik. Biz kimlarning avlodlarimiz-u hozirda kimlarga ergashyapmiz?! Ajdodlarimiz o‘z davrlarida hayotning barcha sohalarida dunyoga ustozlik qilganlar, nima uchun? Buning sababini bilasizmi? Agar bilmasangiz, pirimiz, ulug‘imiz bo‘lmish Bahouddin Naqshband hazratlarining quyidagi hikmatlariga nazar tashlang: “Kim vaqtini zoye ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi, nafasning zoye bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang va undan ehtiyot bo‘ling”.
Mana shuncha ma’lumot va tanbehlarga qaramasdan qanchadan-qancha illatlarni o‘zida jam qilgan tadbirni o‘tkazish kimga kerak? Biz bu yerda barcha illatlarni sanab o‘tmadik. Chunki maqsadimiz ularni birma-bir sanash emas, balki ular haqida eslatish va ogohlantirishdir. Mazkur illatlarning eng yomonlaridan biri – bu marosimni “o‘zbek millatining milliy urf-odatlari” deb boshqa millat vakillariga faxrlanib ko‘rsatishdir. Yana ham ajablanarlisi esa yurtimizda kino ishlab chiqarayotgan tashkilotlarning deyarli har bir mahsulotlarida to‘ylarimizdagi isrofgarchilik, manmanlik va dabdabavozlikni tashviqot qilish bilan birga “kelin salom”ning milliy urf-odatimiz hamda qadriyatlarimiz sifatida namoyish etilayotganidir. Buyuk allomalar yurti bo‘lmish O‘zbekiston xalqining hozirgi kundagi avlodlari kitob o‘qish, yozish, ixtiro, kashfiyot va ilm-ma’rifat ila shug‘ullanish o‘rniga kimlardir tarafidan bid’at o‘laroq o‘ylab topilib, o‘zbek aholisi ongiga singdirib tashlangan qandaydir marosimlar bilan o‘ralashib yurishi nihoyatda achinarli holatdir.
Is’hoqjon domla BЕGMATOV
Manba: O‘MI matbuot xizmati “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi