08:27 / 30.03.2018
4 284

Ta’lim haqida o‘ylar...

Ta’lim haqida o‘ylar...
Amaldagi ta’lim tizimida isloh qilinishga muhtoj qanday masalalar bor?

O‘qituvchi shaxsiyati va ta’lim tizimi masalasi...

Moddiy, ma’naviy va huquqiy tomondan o‘qituvchilar himoyalanganmi?


Taqdir taqozosi bilan 2016 yil, may oyidan e’tiboran ta’limda ishlay boshladim. Bunga sabab Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ochilishi bo‘ldi. Kamina “Jahon adabiyoti” kafedrasi mudirligiga taklif qilindim. Men ilgari ham ta’lim sohasida ishlaganman. 90-yillar o‘rtalarida. Milliy universitetning jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakultetlarida o‘zbek adabiyotidan, Sharqshunoslik institutida esa turk tilidan talabalarga saboq berganman. Lekin oradan 20-22 yil vaqt o‘tgan, oliy o‘quv yurtlarida ishlaydigan do‘stlarimdan eshitishimga ko‘ra, endi ta’limda ishlash bag‘oyat og‘ir bo‘lib qolgan, qog‘ozbozlik va majlisbozlik o‘zining haddi a’losiga yetgan edi. Men yangi ochilayotgan universitetga kadrlarni tanlab olayotgan komissiya a’zolariga ta’lim haqidagi mana shularni va yana yozuvchi ekanligimni, ijodkor odam ruh erkinligini sevishini, ta’limda ishlashim esa endi bir muncha qiyinchilik tug‘dirishini aytdim. Lekin taqdir ekan, bir necha nomzodlar ichidan kamina tanlandi. Shunday qilib, qizg‘in ish pallasi boshlanib ketdi.

Men avvaliga “Nega majlislarda jim turamiz? Noto‘g‘ri ishlarga e’tiroz bildirmaymiz, to‘g‘risini aytib, fikr bildirmaymiz!” deya o‘zimga o‘zim bilag‘onlik qildim. O‘rni kelganda, talashib-tortishdim ham. Muammoning yuza qismi bilan emas, balki ildiziga qiziqadigan, maboda, uni hal qilish kerak bo‘lsa, ildiziga ta’sir qilib hal qilish kerak, deb hisoblovchi insonlar toifasidan bo‘lganim uchun ham, qisqa vaqt ichida tushunganlarimni shu birgina jumladan ifoda qilsam bo‘ladi: “Ta’limda sog‘lom tizimni yo‘lga qo‘ymasdan turib, majlislarda muhokama qilinayotgan turli masalalarga e’tiroz bildirishdan naf yo‘q!”. Ammo inkor qilish hamisha oson, inkor qilinganning o‘rniga jo‘yali taklif qilish mushkulligini bilganim uchun ham izlanishim lozim edi. Qarasam, ta’limdagi tajribam hali yetarli bo‘lmay, men dars bergan 90-yillar bilan hozirgisi (2016-2018) ning orasida katta farq bor edi. Demak, mening yangi ta’lim sohasida yetarlicha malaka va tajribaga ega bo‘lishim lozim edi. Shunday qilib, mashg‘ulotlarga sho‘ng‘ib ketdim. Bugungi kun bilan hisob qilsam, yangi ta’lim tizimida ikki yilga yaqin ishladim. (90-yillar o‘rtalaridagi ikki yillik stajim bilan pedagogik faoliyatim jami 4 yilga yetdi). Endi bir pedagok, bir yozuvchi, bir olim va nihoyat, bir ziyoli sifatida ta’lim bo‘yicha o‘z mulohazalarimni o‘rtaga muhokama uchun tashlashim mumkin, deb o‘ylayman.

Men o‘qituvchi muammosiga avval ham e’tibor berib, ularni ikki romanim - “Muvozanat” va “Isyon va itoat”da qalamga olganman. Asarlarning bosh qahramonlari Yusuf ham, Akbar ham o‘qituvchilar edi. Bu ikki obraz va yana fizika-matematika fani o‘qituvchisi Ergash aka obrazlari orqali (asarlar 1997 va 2003 yillarda yozilgan) o‘qituvchi va ta’lim bilan bog‘liq, hozirga qadar hal qilinmagan dolzarb muammolardan bong urilgan edi. Lekin ular badiiy asar bo‘lgani uchunmi, romanlarda ko‘tarilgan muammolar jamiyatda o‘z aks sadosini topmadi. Bugun xuddi o‘sha gaplarni publitsistik ohanglarda takrorlayapman, xolos. Albatta, endigi e’tirozlar kuchliroq jaranglamoqda. Nega deganda, “Bolonya shartnomasi”ning ayanch natijalari bugunga kelib inkor qilib bo‘lmas darajada ko‘zga tashlanib qoldi. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Bolonya shartnomasi”ning xato ekanligi to‘g‘risida MGU (MDU, Moskva davlat universiteti) rektori bildirgan fikrlarni o‘qib qoldim. Jahon miqyosida katta obro‘-e’tiborga ega universitet rahbari o‘z vaqtida oxiri o‘ylanmay bu shartnomaga imzo chekilganiyu endi hammasini boshidan qayta ko‘rib chiqish lozimligi haqida gapiribdi. Ma’lumingizkim, amaldagi testga asoslangan ta’lim tizimi xuddi ana shu “Bolonya shartnomasi”ga ko‘ra amalga oshirilgan bo‘lib, u bugunga kelib chok-chokidan so‘kilib ketdi. Demak, bugun o‘sha shartnomani qaytadan ko‘rib chiqib, ta’lim sohasida jiddiy, ha-ha, g‘oyat jiddiy o‘zgarishlar qilishga ehtiyoj pishib yetildi. Ta’limning islohga ehtiyoji borligi tortishib bo‘lmas masala ekanligi quyidagi mulohazalardan ham anglashiladi, deb o‘ylayman.

Xo‘sh, amaldagi ta’lim tizimida isloh qilinishga muhtoj qanday masalalar bor? Bu borada turli qarashlar bo‘lishi mumkin. Mening kuzatishimcha, o‘qituvchi shaxsiyati va ta’lim tizimi masalasi asosiy masaladir.

O‘qituvchi shaxsiyati masalasi!?

Moddiy, ma’naviy va huquqiy tomondan himoyalangan o‘qituvchininggina shaxsi butun bo‘ladi. Xo‘sh, bugun o‘qituvchining shaxsi butunmi? Shu masalaning ijobiy yechimi, o‘ylashimcha, ta’limning teng yarim muammosini hal qiladi. Aytish joizki, amaldagi ta’lim tizimi o‘qituvchining shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qilmaydi. O‘qituvchi shaxsi yemirildimi, bas, bunday holda u pedagok sifatida tamom bo‘lgan bo‘ladi. Endi u nafaqat talabaga, balki o‘ziga o‘zi ham yordam berolmaydi. Shu ma’noda ta’limda o‘qituvchi shaxsi birlamchi masala bo‘lishi lozim, deb o‘ylayman. Chunki shaxsi butun o‘qituvchigina shaxsi butun o‘quvchi-talabalarni tarbiyalay oladi. Zero, ta’lim-tarbiyadan maqsad o‘quvchi ongi va qalbini uyg‘otish, ularni ma’lum maqsadlar sari yo‘naltirishdir. Informatsiya berish ham muhim. Lekin berilayotgan informatsiyalarga qanday munosabatda bo‘lish, ularni tahlil qilib, to‘g‘ri va kerakli xulosalarga kelish, xulosalardan esa ezgu maqsad yo‘lida foydalanish malakasini, RUHINI shakllantirish yanada muhimdir. Har qanday zukko o‘qituvchi xotirasidagi fanga doir ma’lumotlardan bitta fleshka ichidagi ma’lumotlar ko‘proq va to‘g‘riroq bo‘lishi mumkin. Lekin bironta fleshka, bironta kompyuter haqiqiy o‘qituvchi o‘quvchi-talabaga bera oladigan RUHni bera olmaydi. Ta’lim haqida gap ketganda, ana shu RUH ga ko‘proq e’tibor bermoq kerak. Bu ruh, avvalo, o‘qituvchining o‘zida bo‘lishi shart. Axir, inson o‘zida yo‘q narsani qanday qilib o‘zgaga bera oladi?..

O‘qituvchi vaqtiga tajovuz qilmaslik lozim. Rus pedagogi V. A. Suxomlinskiyning bir fikrini keltirmoqchiman: "O‘qituvchi mahorati o‘sishining eng muhim sharti VAQTdir - o‘qituvchining bo‘sh vaqti! O‘qituvchida bo‘sh vaqt qancha kam bo‘lsa, u shuncha ruhan sinadi. U qanchalik hujjatbozlik, majlisbozlik, qog‘ozdagi ish rejalariyu hisobotlar bilan band bo‘lsa, o‘quvchi-talaba uchun beradigan hech narsasi qolmaydi! VAQT - bu o‘qituvchining eng katta ruhiy boyligidir! Pedagogik ijodkorlik va faoliyat - mashaqqatli mehnat. U katta quvvat va kuchni talab qiladi. Agar quvvat tiklanmaydigan bo‘lsa, o‘qituvchi taslim bo‘lib sinadi va qaytib o‘ziga kelmaydi". Darhaqiqat, zamonaviy dunyoda qog‘ozbozlikdek inson umrini xazon qiladigan boshqa bir illat yo‘q. U ta’limda ham simulyakr hodisasini paydo qilib bo‘ldi: qog‘ozda ish ketaveradi, lekin amalda hech vaqo bo‘lmaydi.

Davomi bor...
Ulug‘bek Hamdam yozuvchi,
filologiya fanlari doktori

Manba: O‘ZA

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ta’lim haqida o‘ylar...