19:27 / 14.07.2018
3 485

Mubashshir Ahmad: "Fikrlar qarama-qarshiligi Allohning ne’mati" (video)

Мубашшир Аҳмад: "Фикрлар қарама-қаршилиги Аллоҳнинг неъмати" (видео)
Hamma bir xil fikrlay olmaydi. Fikrlar xilma-xilligi insoniy tur xususiyati. Ikki odamning fikrida farq bo‘lishi u yoqda tursin, hatto bir odamning o‘z fikri o‘zgarib turadi-ku. Masalan, imom Shofe’iy fiqhlarida “qadim va yangi ijtihodlari”, degan ibora bor. Ya’ni, u zot Misrga borganlarida, ayrim masalalarda oldin yetib borgan ijtihodlarini o‘zgartirganlar. Insoniyat turfa fikrlari va ularni izhor qilish bilan hayotini tartibga soladi. Fikrlar to‘qnashuvidan haqiqatlar tug‘iladi.

Alloh taolo: “Agar Alloh odamlarning birini ikkinchisi bilan daf etib turmas ekan, shubhasiz, Yer fasodga (buzg‘unchilik va xarobaga) aylangan bo‘lur edi, lekin Alloh (barcha) olamlarga (nisbatan) fazl egasidir”, deydi (Baqara surasi, 251-oyat). Bu oyatning tafsirida zamonamiz allomasi, shayx, doktor Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahulloh shunday deydilar: “Kuchlar muvozanatli bo‘lsa, bu Allohning buyuk ne’matlaridan. Agar bir qutb hukmronlik qilsa, ajab-ajab qayoqqa qochamiz? Biz muvozanat ne’matining qadorini oldin bilmagandik. Hozir olamdagi kuchlar muvozanati qadr-qiymatini yaqqol ko‘rmoqdamiz. U zaiflar manfaati, ko‘pgina davlatlar manfaati. Ammo, quvvatda bir qutb hukmronlik qilsa, u rahm-shafqatsiz, qo‘rqmasdan va seskanmasdan xohlagan ishini qiladi".

“... lekin Alloh (barcha) olamlarga (nisbatan) fazl egasidir” – aslida bu kuchlarni muvozanatli qilgan Zotning fazli-marhamatidandir (“Tafsiri Nobulsiy” 2-jild, 144-bet).

Demak, fikr va kuchlar bir-biriga daf etib, qarama-qarshilik qilib tursa, fikrlar va kuchlar o‘rtasida muvozanat yuzaga kelar va insoniyat va zamin fasodga, buzg‘unchilik va xarobaga yuz tutmas ekan. Bu ilohiy ta’limot hali demokratiya, hurfikrlilik va adolat kabi hozirda moda bo‘lgan shior va tizimlar yuzaga kelmasdan burun musulmon jamiyatda amalda bo‘lgan va gullab-yashnagan.

Men gapni uzoqdan boshlashim sababi, keyingi paytlarda o‘zbek jamoatchiligida xavfli bir jarayon kuzatilmoqda. Ya’ni muqobil fikrga toqatsizlik, tajovuzkorlik. Tushuntiraman. Yangi islohotlar hosilasi o‘laroq jamiyatda kuchsiz bo‘lsa ham fikr erkinligi, muammolarga ommaviy munosabatlar ko‘rinishlari ko‘zga ko‘rinmoqda. Bu juda ham tahsinga loyiq holat. Chunki yuqorida aytganimizdek, fikrlar to‘qnashuvidan haqiqatlar tug‘iladi, qolaversa jarayonlarga jamoatchilik nazorati kuchayadi. Mas’ul va mansabdorlarda mas’uliyat hissini oshiradi, ularning yo‘ldan og‘ishlariga to‘siq bo‘ladi. Bu holat o‘zining ayrim samaralarini ham ko‘rsatib ulgurdi.

Ammo, o‘zini ana shu nazoratdan noqulay his qilish, oldingi imtiyozlardan mosuvo bo‘lish xavfi yoki eskicha ishlashga o‘rganib qolish ayrimlarning paytavasiga qurt tushirmoqda. Zimdan hurfikrni bo‘g‘ishga harakat, yoki mavqeidan foydalanib, noto‘g‘ri bo‘lsa-da o‘zining fikrini m ajburlab o‘tkazish holatlari yuzaga kelmoqda. Lekin zamon o‘zgargan, odamlar ham o‘zgargan. Endi o‘zbek jamiyatida dunyo ko‘rgan, o‘qigan va shu bilan birga diyonatli yoshlar ko‘payib qolgan. Ular kuch qudratiga emas, mantiq quvvatiga bo‘ysunishadi, tahdid bosimiga emas, fikr vazniga egilishadi.

Qolaversa, musulmonlar hozir qo‘rqitilayotgan o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridagi musulmonlarga o‘xshamaydi, ulardan ancha saviyali va o‘qimishli. Men o‘sha qadim avlod namoyondasi sifatida oradagi farqni yaqqol ko‘ryapman. O‘tgan asr saksoninchi yillarining oxiridagi musulmon avlod tashqi dunyoni tanimagan, dinga ko‘proq taqlidan amal qiladigan, ya’ni diniy bilimlari qariyb bo‘lmagan avlod sifatida, birdaniga yuzaga kelgan erkinlikdan esankirab, davlatning islomiy bo‘lishini, shariat ahkomlari tatbiq etilishini, jinoyatchilarga had joriy qilish lozimligini (ayrim o‘rinlarda amalda ayrim jazo ko‘rinishlarini (had emas) joriy qilish holatlari uchragan), yana ko‘plab talablarni soddalarcha ilgari surgan.

Qolaversa musulmonlarning o‘rtalarida o‘zaro kuchli ziddiyat, mazhablararo va oqimlararo nizolar yuzaga kelgan. Hozirgi yosh avlod musulmonlar esa, diniy va dunyoviy jihatdan o‘qimishli, chet ellarda ishlagan yo ta’lim olgan, yoki ichkarida qolgan bo‘lsa-da zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalangan farosatli, mazhablararo bag‘rikeng, oqimlar borasida ma’lumotli avloddir. Bunday avlodni ko‘proq mantiqiy fikrlar, dalilli javoblar qanoatlantiradi. Bu avlodga oldingi avlodning yorlig‘ini yopishtirish va ularga qo‘llangan jazo bilan tahdid qilish aslo to‘g‘ri emas va aslo adolatdan ham emas. Bu avlodga mantiqli talab, aqlga to‘g‘ri keladigan tushuntiruv va sog‘lom fikr ma’qullaydigan g‘oyalar kifoya.

Bu juda ham oson va kamxarj yo‘l.

Shuning uchun hozirgi islohotchi hukumat siyosati bo‘lgan – “Islom ma’rifatini tushuntirish” bilan bu avlodni rozi qilsa bo‘ladi. Oshiqcha hech narsa kerak emas. Bo‘lmasa Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda “ekstremistlarni o‘zimiz, mahalla va jamoatchilik” paydo qilamiz.

O‘zgacha fikrga toqatli bo‘lishni muqobil tomonga ham tavsiya qilaman. Ammo ulardagi holat o‘zga fikrga toqatsizlik emas, balki o‘tmishga qaytishdan hadiksirash, yana qatag‘on mashinasi yurib ketishidan qo‘rquv va vatani kelajagi uchun xavotir hislarining yig‘indisi ekanini tushunaman. Menimcha, bu hammaga tushunarli bo‘lsa kerak.
Mubashshir AHMAD



arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mubashshir Ahmad: "Fikrlar qarama-qarshiligi Allohning ne’mati" (video)