09:02 / 31.07.2018
3 722

Jurnalistni kim himoya qiladi?

Jurnalistni kim himoya qiladi?
Ayni payt “Mening fikrim” portalida “Ommaviy axborot vositalari xodimlarining qonuniy faoliyatiga aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilash haqida” petitsiya o‘tkazilmoqda. Men bu fikrni qo‘llab-quvvatlayman, bunday javobgarlikning belgilanishi ehtimol jurnalistlarimizga biroz bo‘lsa-da, jur’at va ko‘tarinki ruh bag‘ishlar, ularga umid va ishonch berar, jurnalistlarni mensimaydiganlar ozroq hayiqishni boshlar. Ochig‘i, jurnalistlarimiz faoliyati davomida qarshiliklarga duch kelganida kimga suyanishni bilmaydi. Ularni kim himoya qiladi: prokuraturami, sudmi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasimi?.. Qonunlarimizda ommaviy axborot vositalarining va jurnalistlarning majburiyatlari aniq-tiniq belgilab qo‘yilgan, lekin ularning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlarning qanday jazoga tortilishi mumkinligini haqida bunday deya olmaymiz. Jurnalistlarni odatda jur’atsizlikda ayblashadi va o‘sha ayblaydiganlarning o‘zi jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Ha, mustaqillikka erishganimizdan beri jamiyatda chinakam shov-shuvga sabab bo‘lgulik ishni do‘ndirgan, aytaylik, biror vazirni iste’foga yoki hukumatni qandaydir qarorni o‘zgartirishga majburlay olgan jurnalist chiqmadi. Chunki jurnalist biladiki, boshiga qandaydir muammo tushsa, uni himoya qiladigan hech kim yo‘q!

Albatta, OAV xodimlarining qonuniy faoliyatiga aralashganlik yoki to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikning belgilanishi bilan jurnalistikamizdagi erkinlik yoxud jurnalistlarning himoyasi bilan bog‘liq muammolar birdaniga hal bo‘lib qoladi deb o‘ylash to‘g‘ri emas. Aytaylik, Rossiyaning Jinoyat kodeksi 144-moddasida jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilangan. Bunday xatti-harakat yirik miqdordagi jarima, axloq tuzatish ishlariga jalb etilishga va hatto ozodlikdan mahrum etilishga sabab bo‘lishi mumkin. Bu bilan Rossiya jurnalistikasi dunyoda oldingi qatorlarga chiqib qolgani yoxud targ‘ibot mashinasidan chinakam OAVga aylanib qolgancha yo‘q.

Menimcha, javobgarlikning belgilanishi kifoya emas. Men aslida eng katta muammo zehniyatda degan bo‘lar edim: siyosiy hokimiyatdan tortib har bir fuqarogacha ommaviy axborot vositalarining faoliyati erkin va daxlsiz bo‘lishi kerakligini, jurnalistikaning vazifasi nimanidir maqtash yoki tanqid qilish emas, bor voqelikni – haqiqatni yetkazish ekanini, erkin matbuot jamiyat rivoji yo‘lidagi muhim vosita bo‘lishini rostakamiga tushunishi lozim.

2012 yilda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan jurnalistlar bilan bir qatorda Germaniyada malaka oshirish kursida qatnashdim. Mahalliy gazetalardan birida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda vetnamlik hamkasbimiz (u ham o‘zimizga o‘xshaydi-da!) bosh muharrirga shunday savol berdi: “Aytaylik, siz hokimni tanqid qildingiz va hokim buning uchun sizga do‘q qildi, ishingizga xalal bermoqchi bo‘ldi. Siz qanday yo‘l tutasiz?” Bosh muharrir avvaliga savolni yaxshi ilg‘amadi: hokim nima uchun uning ishiga aralasha olishini tasavvur qilolmadi! Keyin esa qisqagina qilib javob qaytardi: “Nima ham qilardim, toshingni ter deyman”. O‘sha yili yana bir hodisa ro‘y berdiki, men nemis ommaviy axborot vositalari faoliyati daxlsiz ekaniga yana bir karra ishonch hosil qildim. O‘sha paytdagi Germaniya prezidenti Kristian Vulf shaxsiy kredit bilan bog‘liq mojaro markaziga tushib qolgan edi. Bu mojaro haqida “Bild” gazetasi (nemis sariq matbuotining eng yirik vakili) ham yozmoqchi ekanidan xabar topgan prezident gazeta muharririga qo‘ng‘iroq qildi. Aksiga olib muharrir javob qaytarmadi va Kristian Vulf unga do‘q-po‘pisa aralash ovozli xabar qoldirdi. Bu prezidentning katta xatosi edi: u kredit mojarosi qolib matbuot erkinligiga daxl qilishda ayblana boshladi. Prezidentning orbo‘si battar tushib ketdi va 2012 yilning 17 fevralida iste’fo berdi.

Aslida ham shunday bo‘lishi kerak: dunyodagi hech bir kuch-qudrat va siyosiy hokimiyat haqiqatdan ustun bo‘lmasligi lozim. Erkin va daxlsiz matbuot fuqarolar va hokimiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, sudlovning odil ekaniga hamma ishonadigan jamiyatda jurnalistik faoliyatning qonuniy himoya mexanizmi ham shakllangan bo‘ladi. Aks holda jurnalistlarning himoyasi uchun jild-jild qonunlar yozsak ham, foyda bermaydi. Shundoq ham, qonunlar chiroyli yoziladi, ishlamagandan keyin bir chaqalik qadri yo‘q...
Abror MAShARIPOV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jurnalistni kim himoya qiladi?