date

Nyu-Yorkda musulmon mer g‘alabasi ortidan Isroilda tashvish kuchaydi

Nyu-Yorkda musulmon mer g‘alabasi ortidan Isroilda tashvish kuchaydi

Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan saylovlar nafaqat Amerika, balki Isroil siyosiy doiralarida ham katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Sababi — 34 yoshli musulmon-demokrat siyosatchi Zohran Mamdaniy mer saylovida g‘alaba qozondi. Uning g‘alabasi shahardagi katta yahudiy jamoasi va Isroil rasmiylari orasida keskin fikrlar uyg‘otdi.

Isroildagi diaspora masalalari va antisemitizmga qarshi kurash vaziri Ammihay Shikli bu voqeadan so‘ng yahudiylarni “vataniga qaytishga” chaqirdi. Uning fikricha, “Nyu-York endi hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi, ayniqsa uning yahudiy aholisi uchun”. Shikli o‘z bayonotida Mamdaniy g‘alabasini “erkinlik ramzi bo‘lgan shaharning fanatizm yo‘liga kirishi” sifatida baholadi.

“Bir vaqtlar ozodlik timsoli bo‘lgan Nyu-York hozirda fanatiklar g‘oyalariga yaqin qarashdagi siyosatchining qo‘liga o‘tdi. Agar yahudiylar o‘z xavfsizligi va ertangi kuni haqida o‘ylasa, Isroilga qaytish vaqti keldi”, — deb yozdi vazir o‘zining X sahifasida.

Shiklining so‘zlariga ko‘ra, “Nyu-York va London kabi shaharlar hozir jarlik yo‘lida qadam tashlamoqda”. Bu fikrga Isroilning milliy xavfsizlik vaziri va o‘ng “Osma Yexudit” partiyasi rahbari Itamar Ben-Gvir ham qo‘shildi. U “Mamdaniy — HAMAS tarafdori, Isroil dushmani va ochiq antisemit”, deb bayonot berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nyu-York shahrida taxminan 1,3 million yahudiy yashaydi — bu Isroildan tashqaridagi dunyodagi eng yirik yahudiy diaspora hisoblanadi. Shu bois, Mamdaniyning g‘alabasi ular orasida katta tashvish uyg‘otgan.

Mamdaniy esa o‘z siyosiy dasturida ijtimoiy tenglik, iqtisodiy adolat va “boylar uchun soliqlarni oshirish” orqali aholi manfaatini ta’minlash g‘oyalarini ilgari surgan. U ijara haqini muzlatish, maktabgacha ta’limni bepul qilish, jamoat avtobuslarini haqsiz aylanish imkonini berish va oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ini ochishni rejalashtirmoqda.

Saylov natijalariga ko‘ra, u 50,4 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, ikkinchi o‘rinni esa sobiq gubernator Endryu Kuomo 41,6 foiz bilan egalladi. Qolgan nomzodlar sezilarli ustunlikka ega bo‘lolmadi.

Bu voqea ortidan AQSH prezidenti Donald Tramp ham munosabat bildirdi. U Mamdaniyni “so‘l qanot kommunisti” deb atadi va “uning g‘oyalari shaharni iqtisodiy inqirozga yetaklaydi”, deb ta’kidladi.

Hozir Nyu-Yorkda siyosiy muhit keskinlashgan. Mamdaniyning g‘alabasi bir tarafdan ozchiliklar uchun katta g‘alaba sifatida baholansa, ikkinchi tarafdan u diniy va siyosiy qarashlar keskin to‘qnashgan yangi davrning boshlanishi deb ko‘rilmoqda.

Yangi shahar boshlig‘ining siyosatdagi ilk qadamlari nafaqat amerikaliklar, balki butun jahon hamjamiyati tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Nyu-Yorkda musulmon mer g‘alabasi ortidan Isroilda tashvish kuchaydi