18:13 / 02.08.2018
4 386

Hozirjavob imom

Hozirjavob imom
Sho‘rolar davrida ba’zi dahriy rahbarlar imomlarga juda past nazar bilan qarashardi. Go‘yo imom xatiblar faqat xudoyi, janaza o‘qish kabi diniy marosimlardan boshqa hech narsani bilishmaydi. Ular rivojlanish, ilmda orqada qolgan mutaassiblar, deb nazarga ilishmasdi. Samarqand viloyatidagi Imom al-Buxoriy masjidida ishlab yurgan kezlarimda bunga ko‘p guvoh bo‘lganman. Marhum Imom al-Buxoriy masjidining imom xatibi, ustoz rahmatli Usmonjon Rahimjonov chet el va boshqa shaharlardan keladigan mehmonlarga arab, rus va fors tillarida tushuntirish va savollarga javob berganlarida hammasi domlaning ilmlariga tan berardilar va imom xatibning ilm va zakovatlarini juda hurmat qilardilar.

Bir kuni Moskvadan kosmanavtlarni davolaydigan akademik (keyin bilsam tatar kishi ekan) bilan kosmonavt Janibekov keladigan bo‘ldi. Ularni kutib olish uchun tayyorgarlik ko‘rdik. Aytilgan vaqtda, o‘sha paytda faqat nufuzli mehmonlarni olib yuradigan qora “Volga” mashinasida, mehmonlar masjid darvozasi oldida to‘xtashdi. Undan ikki kishi tushdi. Bizlar bilan viqorli ko‘rishar ekan: “Imom kim?”, dedi birinchi mashinadan tushgan kishi. “Men” dedilar domla. “Biz osmonga ko‘tarildik, ammo Xudoni ko‘rmadik?!”, dedi. “Siz Xudoni ko‘rish uchun qayergacha ko‘tarildingiz?”, dedilar Usmonjon domla.

Bu javobdan so‘ng “Boshqa savolim yo‘q”, dedi va birin ketin Imom al-Buxoriy ziyoratiga kirishdi. Ziyoratdan so‘ng maxsus tayyorlangan ziyofat dasturxoniga o‘tirishdi. Uzoq vaqt savol-javoblar bo‘ldi. Kirishda savol bergan akademik juda xudojo‘y inson ekan. “Har safar yurak jarrohligiga kirishdan oldin, g‘usl qilaman, ikki rakat namoz o‘qib Allohdan madad so‘rayman, so‘ng jarrohlikka kiraman. Insonning jismi katta mo‘’jiza, inson a’zolarini o‘rganar ekansan, iymoning ziyoda bo‘laveradi. Inson ko‘kka ko‘tarilgani sari suyagi yumshab ketaveradi. Shu bois ular qaytgach, uzoq vaqt davolaymiz.

Men ko‘p imomlar bilan suhbat qurib savollarimga javob ololmaganman. Siz haqiqiy ilmli odam ekansiz, tan berdim va iymonim oshdi”, deb o‘z e’tirfini bildirdi. Ha buyuk ustozlar mana shunday ilmga ega bo‘lishgan. Marhum domlamiz bugungi kundagidek texnika rivojlanmagan bo‘lsada, davlat va dunyoda kechayotgan voqealardan doimo xabardor, bo‘sh vaqtlarida tinmay kitob o‘qir, kitob qo‘llaridan tushmas, imkon topildi deguncha dars berishga ham ulgurardilar. Bizning yurt imomlar sho‘rolar tazyiqiga qaramasdan mana shunday mavqega ega edilar.

Bugungi kun imomlari ham til bilishi, dunyo voqealaridan xabardor bo‘lishlari, dunyo tarixi va adabiyotini diniy ilmlar kabi ko‘p o‘qishlari, tinimsiz o‘z ustlarida ishlashlari kerak. Chunki bugungi kunda yoshlarimiz hamma narsadan xabardor, kitob o‘qishmoqda va xalqimiz uchun ko‘plab diniy va adabiy kitoblar chop etilmoqda. Ularni xalq o‘qib ilmiy salohiyatlarini kundan kun oshirib bormoqdalar. Hatto prezidentimiz tashabbuslari bilan uzoq qishloqlarda ham kutubxonalar ochilib, hamma kitob o‘qimoqda. Qaysi imom ilmli yoki ilmsizligini ajratish darajasiga yetmoqdalar. Turli savollar berishmoqda, savollarga to‘liq aniq javob berolmaganlarga nisbatan e’tiroz bildirishmoqda.

Demak imomlar nafaqat chet ellik balki xalqimizni rozi qiladigan darajada ilmlarini doimo oshirib, xalqqa ma’rifat ulashishda ilmiy salohiyatlarini yuksaltirib borishlari kerak deb o‘ylayman. Ilmli imomlarimiz juda ko‘p, ular qancha ko‘paysa, xalq qalbidan joy olsalar turli oqimlarga ergashadiganlar o‘z-o‘zidan kamayib ketadi. Xalq imomlardan qoniqmasa ma’rifatni boshqa joydan qidiradilar. Shu bois “Jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashishni yanada kuchaytirishda imomlarimizdan g‘ayrat va shijoat, ko‘p mutolaa qilishlarini so‘rab, ishlarida rivoj tilab qolaman
Shermurod TOG‘AY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hozirjavob imom