14:38 / 21.09.2018
18 941

Kuniga 7 litrgacha sut beradigan echkilar

Kuniga 7 litrgacha sut beradigan echkilar
Elimizni dehqonchilik, yerning har qarichidan unumli foydalanish borasida dunyodagi eng mehnatsevar xalq, deyish mumkin. Lekin tomorqada dehqonchilik qilishning oʻzi ham maʼlum maʼnoda tavakkalchilikka asoslanadi. Agarda tomorqasidan xalqimiz dasturxoniga noz-neʼmat, mahsulot yetkazib berayotgan dehqonlaru tomorqachilar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlansa, ularning mehnatga boʻlgan ishtiyoqi yanada oshadi. Natijada xalqimiz dasturxoni toʻkin, turmushi farovon boʻladi.

— Ana shu maqsadda Oʻzbekiston fermer, dehkon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzurida jamgʻarma tashkil etildi, — deydi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori ­Toʻlqin SATTOROV.

— Bundan koʻzlangan maqsad fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashdir. Hozir Jamgʻarmaning markaziy apparati kadrlari va viloyatlardagi vakilliklarini shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birgalikda, respublikamizning qishloq xoʻjaligi tumanlarida 161 ta “Tomorqa xizmati” korxonalari tashkil etildi.

— Jamgʻarma qanday vazifani bajaradi va asosiy faoliyati nimalardan iborat?

— Qisqacha aytadigan boʻlsak, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini rivojlantirish, kredit resurslaridan foydalanishni kengaytirish va innovatsion faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, yangi turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni ragʻbatlantirish, yangi samarali texnologiyalarni joriy qilishga koʻmaklashish kabi vazifalarni bajaradi. Asosiy faoliyati esa, tomorqa yer egalariga agrotexnika va veterinariya bilan bogʻliq kompleks xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish, xonadonlarda tomorqa yuritish madaniyatini shakllantirish orqali olinadigan daromadni ikki va undan koʻp martaga oshirishda dehqon, fermer va tomorqachilarga yaqindan koʻmaklashadi.

— Jamgʻarmaning tashkil etilishidan fermer, dehqon va tomorqachiga qanday yengillik boʻladi?

— Bugun Jamgʻarma hisobiga 200 milliard soʻm mablagʻ oʻtkazilgan. Bunda mamlakatimizdagi dehqon xoʻjaliklari hamda tomorqa yer egalari oʻz xoʻjaligini rivojlantirish uchun kam foizli kreditlar bilan taʼminlanish imkoniga ega boʻladilar. Yaʼni, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga 3 yil muddatga, 1 yilgacha imtiyozli davr bilan yillik 7 foiz stavkada kreditlar olish imkoni tugʻiladi.

— “Tomorqa xizmati” qanday ishlarni amalga oshiradi?

— Qishloq xoʻjaligi sohasida ishlab chiqarish, qayta ishlash, tayyorlash, taʼminlash korxonalari moddiy texnik bazasini mustahkamlash, qishloq xoʻjaligi texnikalari va transportlarini sotib olish, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining issiqxonalarini qurish uchun materiallar va butlovchi qismlar xarid qilishga kreditlar berish faoliyatini olib boradi. Shuningdek, uylar, hovlilarni taʼmirlash, issiqxonalar qurib berish, turli ekin urugʻlari yoki koʻchatlarini, quyon, parranda va naslli mollarni tomorqachilarga yetkazib berish bilan ham shugʻullanishi mumkin. Mahsulotlarni eksport qilishga ham koʻmaklashadi.

— Issiqxonalar qurish qanday amalga oshiriladi?

— Issiqxonalar qurishda oʻn xil variant amalga oshirilmoqda. “Tomorqa xizmati” eng arzonini (yogʻoch karkasli oddiy va yengil konstruksiyali) 1 million 300 ming soʻm atrofida qurib beradi. Ana shu issiqxonalar ham kamida 3 yil xizmat qiladi. Bu orada tadbirkor bemalol oʻzini tiklab, yangi, zamonaviy issiqxona koʻtarishi mumkin. Qimmatlari turi va koʻrinishiga qarab, 10 million va undan yuqori narxda. Joylarda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati”ning oʻz xususiy texnikalari ham mavjud.

— Jamgʻarmaning moliyaviy yordami natija beryaptimi?

— Boshlagan ishimiz hali yangi va shu bois, kamchiliklar ham boʻlishi mumkin. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga tomorqa yer egalari tomonidan bogʻdorchilik, baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik, echkichilik va parrandachilik faoliyatlari ham amalga oshirilyapti. Masalan, xorijdan keltirilgan har boshi 8 million soʻm turadigan zotdor echkilar parvarishi yoʻlga qoʻyildi. Ularning har biridan kuniga 7 litrgacha sut sogʻib olish mumkin ekan. Quyonlarning velikan turini boqish ommalashmoqda, yaxshi boqilgani 10-15 kilogramm goʻsht beradi. Shuningdek, Isroil davlatidan 25-50 kilo­grammgacha tosh bosadigan kurkalar keltirilmoqda. Toʻgʻri, bizda ular hali 50 kilogrammga yetmagan. Ammo ularni toʻgʻri parvarishlash oʻzlashtirilib olingach, koʻrsatkichlarning yanada katta boʻlishiga shubha qilmasa ham boʻladi.

Manba: “Oila davrasida”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kuniga 7 litrgacha sut beradigan echkilar