17:48 / 07.12.2018
5 438

Bahsga hojat yo‘q: ilk Konstitutsiya Yevropada emas, Samarqandda yaratilgan!

Bahsga hojat yo‘q: ilk Konstitutsiya Yevropada emas, Samarqandda yaratilgan!
Odatda Konstitutsiya haqida gap ketganda, ilk qomusiy hujjat g‘arb davlatlarida paydo bo‘lgan deyiladi va bu tushuncha yillar davomida dunyo xalqlari ongiga singdirib kelingan. Bugun tarixiy adolat va haqiqatni baralla aytish hamda tuzatish vaqti keldi. Aslida Sohibqiron hazratlarining «Temur tuzuk»larini tom ma’nodagi ilk o‘rta asrlar davri konstitutsiyasi deyishga haqlimiz va bunga ilmiy asoslar bor.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinganiga 26 yil to‘lishi munosabati bilan O‘zMTDP Toshkent shahar Kengashi tashabbusi bilan Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat foni bilan hamkorlikda Temuriylar tarixi davlat muzeyida «Konstitutsiya — qonunchiligimiz asosi» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy anjumanda so‘zga chiqqan tarixchi olim Jumaboy Rahimovning baralla aytgan ushbu fikrlari tadbirda mudrab o‘tirgan ayrim ishtirokchilarning uyqusini qochirdi. Chunki olimning kutilmagan va har bir o‘zbekning qalbini to‘lqinlantirgan bu fikrlari guldiros qarsaklar bilan qarshi olindi.

«Tarixchi olimlarimiz bu masalada bir necha yilllardan buyon chuqur ilmiy izlanishlar olib bordi va bu qarashlarni har jihatdan isbotlab berdi, — deya qayd etdi olim ma’ruzasida. — Bu haqiqat xorijlik tarixchilar tomonidan allaqachon e’tirof etilgan ekan. Jumladan, mashhur rus sharqshunos olimi Logofet «uzuk»lar o‘rta asrlar davrining mukammal konstitutsion hujjatidir. Amir Temur tomonidan yaratilgan konstitutsion kodekslar Turkistonda Yevropadan 500-600 yillar avval vujudga kelgan edi», — degan bo‘lsa, yana bir yetuk olim Jon Lokk Amir Temur chiqargan qonunlar, avvalo, barcha tabaqalar tinchligi, farovonligi, eng muhimi, har bir insonning tashabbus va qobilyatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini qayd etgan edi.

Sohibqiron Amir Temurga zamondosh muarrix Muiniddin Natanziy Sohibqiron shaxsi, davlatni boshqarishdagi adolatpeshaligi, qonunlarning mukammalligi va amaliyotdagi natijalari to‘g‘risida shunday fikrlar bildirgan: «Adolat o‘rnatish va qonunlarni saltanat hayotiga tatbiq etishda Amir Temur shunday g‘ayrat ko‘rsatdiki, uning salobatidan fil pashshaga tavoze qilardi. Bani-bashar o‘rtasida birdamlik va tinchlik rasmini mustahkam barqaror qildi va yurtda adovatu xusumat butunlay oradan ko‘tarildi. Zo‘ravon-zulumkorlarning panja va tirnoqlarini qisqa qildi. Shuningdek, adolatning kamolati jihatidan Sohibqiron barcha zamonlardagi hukumdorlardan ustun edi».

Ma’lumki, Amir Temur davrida Turon yurti qisqa vaqt oralig‘ida jahonning barcha sohalarda eng qudratli, iqtisodiy va madaniy hayoti yuksalgan, bunyodkorligi bemisl rivojlangan mamlakatga aylandi. Agar fuqarolar erkinligi har tomonlama muhofaza qilinmaganida, ijtimoiy guruh va tabaqalar davlat tomonidan rag‘batlantirilmaganda edi, bunday yuksak taraqqiyotga erishib bo‘lmasdi. Dunyoga taniqli olimlarning yuqorida keltirilgan ilmiy baho va xulosalari ham shuni tasdiqlaydiki, faqat adolatli qonunlar bilan ihota qilingan va boshqarilgan davlat va jamiyatdagina shunday jahonshumul yutuqlarga erishish mumkin.

Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xalq faravonligi yo‘lida qilinayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarni, tashabbuslarni kuzatib turib, Amir Temur davridagi qonun ustivorligini barcha fuqarolar uchun birdek ta’minlash, odilona siyosat nahot yurtimizga qaytgan bo‘lsa degan fikrga borasiz va qaytgani rost bo‘lsin, deysiz beixtiyor.

Viloyat hokimi yoki qaysidir vazirning eng chekka qishloqdagi nurab turgan xonadonga kirib, u yerda yashayotgan kamsuqum, beozor, mehnatdan qorayib ketgan o‘zbekning xolidan xabar olganini, qanday yashayapsizlar, nima muammolaringiz bor, deya boshini silaganini shu paytgacha hech ko‘rganmisiz yoki eshitganmisiz? Axir bu yetti uxlasak ham tushimizga kirmaydigan holatlar edi-ku bir paytlar! Yoki Qonunlar, Qarorlar, dasturlar qabul qilishda shu paytgacha dalada bir umr ketman chopgan oddiy xalqning fikrlari, qarashlari inobatga olinganmi?! Bu «Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘», "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak" kabi insonparvarlik tamoyillari ostida O‘zbekistonda qonun ustivorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini birdek ishonchli himoya qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi qilib belgilanganining yorqin isboti emasmi?!

Eng asosiysi, bugun Konstitutsiyada ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolarning qonuniy manfaatlari qog‘ozda emas, amalda to‘la o‘z isbotini va ijrosini topmoqda. Qonun xoh u mansabdor bo‘lsin, xoh oddiy fuqaro, barcha uchun barobarligi amalda isbot qilinayotir. Konstitutsiyamiz haqiqiy ma’noda hayot qomusiga aylandi va bu xalqaro miqyosidagi anjumanlarda yetakchi davlatlar rahbarlari, siyosatdonlari tomonidan qayta-qayta e’tirof etilmoqda.

Anjumanda so‘zga chiqqan boshqa ma’ruzachilar ham Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, xalqimizning milliy qadriyat va urf-odatlaridan kelib chiqqan holda insonparvarlik g‘oyalari tamoyillari ostida ishlab chiqilgani haqida gapirdi. Bosh Qomusimizga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirning Temuriylar tarixi davlat muzeyida o‘tkazilishida ham ramziy ma’no borligini ta’kidlashdi.

Tadbir yakunida «Kitobxonlik viktorinasi» ham tashkillashtirildi. Tarixchi olimlar «Siz Konstitutsiyamizni qanchalik bilasiz?» mavzusida o‘quvchilarning bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Savollarga to‘g‘ri javob bergan yoshlar O‘zMTDP Toshkent shahar kengashi va muzey rahbariyati tomonidan kitoblar bilan taqdirlandi. Shundan so‘ng barcha ishtirokchilar muzey bo‘ylab ekskursiyaga taklif qilindi.
Ravshan Mahmudov,
O‘zMTDP Toshkent shahar kengashi yetakchi mutaxassisi

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bahsga hojat yo‘q: ilk Konstitutsiya Yevropada emas, Samarqandda yaratilgan!