
Surxon vohasi o‘zining betakror tabiati, tanti odamlari bilan yaqqol ajralib turadi. Voha haqida so‘z ketganda, avvalo, chanqovuz chalayotgan, lapar aytayotgan momolar, qir-adirlarda do‘mbira chalib doston kuylayotgan baxshilar ko‘z oldimizga keladi. Ming yillardan beri yashab kelayotgan xalq qo‘shiqlari, ularga hamohang raqslar va o‘ziga xos liboslar nafaqat viloyat, balki mamlakatimizdagi ko‘plab san’at ixlosmandlarining qalbidan joy olib ulgurgan.
Tamaddun beshigi, tilsimotlar maskani Boysun madaniy muhiti ilk bor 2001 yil jahon hamjamiyatlari madaniy ob’ektlarining 19 nomzodlari orasida YuNESKO tomonidan “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi” sifatida e’tirof etilib, 2008 yilda YuNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. Bu o‘z navbatida Boysun hududi madaniyati va uning badiiy an’analarini saqlash va yozib olish hamda keng ko‘lamda ilmiy tadqiq etish jarayoniga sabab bo‘ldi. Boysunning purviqor tog‘lari, buloq va daryolari, go‘zal tabiati, g‘ururi tog‘dek baland keng yurakli odamlari, raqqosu raqqosalari, hofizu san’atkorlari ham o‘ziga xos.
Boysunning geografik muhiti ko‘pgina madaniyatlar an’analarini tabiiy holda saqlanib qolishiga imkon berdi – bular an’anaviy turmush tarzi, o‘ziga xos xalq ijodiyoti, uning folklor musiqasi va og‘zaki poetik ijodi hamda xalq epos – dostonlari, hunarmandchilik va milliy liboslar, qadimiy marosim va urf-odatlar, xalq o‘yinlarida namoyon bo‘lgan.
– Bizning to‘qigan matolarimiz, tikkan maishiy sovg‘abop buyumlarimiz faqat tabiiy tola, tabiiy bo‘yoqlardan tayyorlanadi, – deydi Boysun tumani Milliy hunarmandlar markazi rahbari Xanifa Salimova. – Masalan sariq, malla ranglarni piyoz po‘stidan olamiz. To‘q qizil rangni anor po‘stidan, jigarrang, to‘q ofob ranglarni yong‘oq po‘stidan, siyohrang, pushti rangni bo‘yan degan o‘simlikdan olamiz. Indigo degan o‘simlikdan chiroyli ko‘k rang tayyorlaymiz. Iplarimizni o‘zimiz bo‘yaymiz. Tabiiy ranglarning afzalligi shundaki, ular yuvganda chaplanib ketmaydi, oftobda oqarmaydi. Quyoshda qancha ko‘p kiyib yursangiz, rangi ochilaveradi.
Qadimdan mashhurlikda dong taratib keluvchi janda, adras, beqasam kabi matolarni qo‘lda yasalgan yog‘och dastgohlarda to‘qiymiz. Bunday qo‘lbola usulda to‘qilgan matolarning narxi ham baland bo‘ladi.
Bu hunar bizga ota-bobolarimizdan, momolarimizdan bizga meros bo‘lib avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Biz to‘qigan jimjimador matolarni xorijliklar ham o‘zimizning qiz-juvonlar ham qiziqib olishadi, milliy kiyimlar tikdirib kiyishadi. Jandadan betakror surxon choponlari tikiladi. Markazimizda ko‘pgina qiz-juvonlar ishlaydi, o‘nlab shogird qizlarga hunar sirlarini o‘rgatyapmiz. Ular kashta, sumka, xamyon, do‘ppi kabi buyumlarni ishlab chiqarishyapti. Bularni olib turistlar xursand bo‘lyapti, daromad oshib aholimiz ham xursand bo‘lyapti.
Manzura BEKJONOVA,
Surxondaryo, Boysun
Surxondaryo, Boysun
Manba: Darakchi.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar