date
views 2 606

Buxoroda soxta “DXX xodimi” qo‘lga tushdi

Buxoroda soxta “DXX xodimi” qo‘lga tushdi
Yaqindagina Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligi xodimiga soxta guvohnoma ko‘rsatgan sobiq sudya aniqlangan edi, deb yozadi O‘zA.

Turli idora va tashkilotlar guvohnomasini ko‘rsatib maqtanuvchi yoki undan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanuvchilar haqida ilgari ko‘p eshitganmiz. Ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli guvohnomaning o‘ziga yarasha “kuchi” bo‘lgani sir emas.

Ammo bugun zamon butunlay o‘zgardi. Hatto vazir bo‘lsangiz ham oddiy odamga guvohnoma ko‘rsatib, unga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, bu juda kulguli bir hol. Chunki rahbarmi, undan qo‘rqish kerak, degan tushunchalar erkin fikrlay boshlagan jamiyat uchun yot narsaga aylandi.

Biroq shunday kaltabinlar borki, ular hamon guvohnoma, achinarlisi, soxta guvohnoma bilan ish bitirish payida yuribdi. Yaqindagina Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligi xodimiga soxta guvohnoma ko‘rsatgan sobiq sudya aniqlangan edi.

Bu safar Buxoro shahrida “Men davlat xavfsizlik xizmatidanman”, deb odamlarni aldab, ularni chuv tushirishni odat qilgan firibgar qo‘lga tushdi.

Buxoro viloyatining Kogon shahridan bo‘lgan B.H. odamlarga goh yuqori tashkilotda ishlaydigan tanishim bor, davlat xavfsizlik xizmatida ishlaydigan akaxonim bor, der, gohida jur’at topganida “men davlat xavfsizlik xizmatidan”, deb odamlarni aldab, ulardan pul undirib kelgan.

Uning asl qiyofasini muqaddam olti marta firibgarlik jinoyati bilan sudlangani ham aytib turibdi, aslida. Oxirgi marotaba 2016 yil 4 oktyabrda firibgarlik uchun u 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 2018 yil may oyida o‘talmay qolgan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

Kechirimlilik, bag‘rikenglik kabi tushunchalarni anglaganida, u ertaroq qutilganiga shukr qilib, biror foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lardi. Biroq, afsuski, o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek, u qilmishini yana davom ettiraverdi.

2018 yil yoz oylarida B.H. Naima ismli ayolga o‘zini Davlat xavfsizlik xizmatida yuqori lavozimda ishlashini aytib, aldov yo‘li bilan uning ishonchiga kiradi. Xohlasa Buxoro tumani hududida namunaviy loyiha asosida qurilayotgan uy-joylardan olib berishni va’da qiladi. Uy olish orzusida yurgan ayol hojatbarorning o‘z oyog‘i bilan kelganidan suyunib, unga 18 ming AQSh dollari beradi.

Ayanchlisi, ayol bu pullarni akasi bilan birgalikda bir umr jamg‘argan edi.
Firibgarlikni kasb qilganlarga esa odamlarning dardu tashvishi begona, keyin qay ahvolga tushishi esa mutlaqo ahamiyatsiz, albatta.

“Ishonchli” odam topib, deyarli uyli bo‘lgan ayol o‘zicha suyunib yurganida, B.H. o‘z “faoliyati”ni boshqa joyda davom ettirayotgan edi. Bu safar u Dilshod ismli shaxsga davlat xavfsizlik xizmatiga ishga joylashtirishni va’da qiladi. Lekin bu o‘z-o‘zidan bo‘lmasligi, buning o‘ziga yarasha “xarajat”lari borligini aytadi.

Xalqimiz ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganidek, bu safargi mijoz hushyor chiqib qoldi. U ushbu holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan edi.

Kogon shahridagi avtoturargohda B.H. Dilshoddan 15 million so‘m pulni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

– Firibgarlik tez-tez sodir bo‘layotgan, odamlarning ishonuvchanligi sabab ildiz otayotgan jinoyatlardan, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati Kogon shahar sudi raisi Zarif Sherov. – Aynan shu kabi jinoyatlarga oid ishlarni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqishga, jarayonga ko‘proq odamlarni jalb qilishga harakat qilyapmiz.

Toki, ko‘rganlari ularga saboq bo‘lishi uchun. Ammo ayrimlar ko‘zlagan maqsadiga qonuniy yo‘l bilan, albatta ma’lum bosqichlarni bosib o‘tib, zarur bo‘lsa, kurashib erishish o‘rniga duch kelganga ishonib, ishi oson bitishini ma’qul ko‘rmoqdaki, ishlari bitsa koshki edi. Lekin aldanib qolgachgina ular qonuniy chora izlaydi. Biroq ko‘p hollarda ularga yordam berish imkonsiz bo‘ladi.

Chunki aybdor jazosini olgani bilan yetkazilgan zararni to‘lab bera olmaydi. Boisi olingan pulni u o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan bo‘ladi. Yuqoridagi holatda B.H.ga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jami 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. Sudlanuvchi jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan zarar undirilishi belgilandi.

Jinoyat qilaverib bunga o‘rganib qolgan bu kimsaning esini endi o‘n yil muddatli qamoq jazosi kiritar. “Men davlat xavfsizlik xizmatidan”, deyishni unitar, balki.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda soxta “DXX xodimi” qo‘lga tushdi