date
views 3 616

Tilanchilikka qarshi qonun: Amalda nima o‘zgardi?

Tilanchilikka qarshi qonun: Amalda nima o‘zgardi?
Bolalik chog‘larimda uyimizga lo‘lilar ko‘p kelishardi. Buvim ularni aziz mehmondek dasturxon yozib mehmon qilar, ular ham hozirgi avlodlariga qaraganda anchagina odobli va tarbiyaliroq edi nazarimda. Har holda bitta non olib chiqib bersak; noning kerakmas, pul ber, deb tixirlik qilishmasdi.

Bolalarni kechki sayrga olib chiqish odatim bor. Bir kuni aylanib yursak, 60 yoshlar atrofidagi yaxshigina kiyingan kishi yonimizga yaqinlashdi. “Qizim, Jizzaxdan kelgandim. O‘g‘lim uyda yo‘q ekan. Ketishga pulim qolmadi. 5 ming berib turolmaysizmi?” . Kishining gapiga chin ko‘ngildan ishongim keldi. Ammo undan kelayotgan aroq hidi ishonmasligimni ta’kidlayotgandek edi.

Aravachada o‘g‘lim bilan sayr qilib yursak, yo‘l yuzida yerga yotqizib qo‘yilgan chaqaloqning chirillab yig‘layotganligiga ko‘zim tushdi. Onasi yonida. Yerda esa yana bir ayol cho‘zilib yotibdi. Yordam kerakmikan deb xavotir bilan yaqinlashdim. Bolaning onasi; “ opajon, o‘g‘lingiz bolalar ozuqasi yeydimi, ozgina solib bering. Bolam emmasdi. Opam tez yetib kel, desa shoshib chiqibman. Ozuqasi uyda qolibdi, deb qoldi.

”Opasi ichib olib, g‘irt mast ahvolda yotganini keyin bildim. Bolakayning onasi esa shu yo‘l bilan har kuni pul ishlaydigandek taassurot qoldirdi. Do‘konchadan bitta qadoqlangan sut olib qo‘liga tutqazdim. Chunki emizikli onadan ham aroq hidi kelib turgandi. Kim biladi balki opasining yonida turgani uchun o‘rnashib qolgandir. Lekin bolaga ichim achidi...

9 yanvar kuni yurtboshimizning tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzolagani ayni muddao bo‘ldi. Mazkur qonun tilanchilarni jazolashni emas, tilanchilikni kasb qilib olganlarni tartibga chaqirish, yurtimizda turizm sifatini yaxshilash kabi ko‘plab maqsadlarni ko‘zlaydi.

Qonunga ko‘ra aeraportlarda, vokzallarda, xiyobon, istirohat bog‘larida, bozorlarda, savdo majmualarida, ko‘chalarda, moddiy va madaniy me’ros ob’ektlari joylashgan hududlarda, yo‘llarning qatnov qismida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari hamda boshqa moddiy narsalar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish ta’qiqlanadi. Qonunni buzgan tilanchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi 188-3-moddasiga muvofiq, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha jarima solish yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazolari qo‘llaniladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi 127-1-modda tilanchilik ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishni ko‘zda tutadi.

Voyaga yetmagan, keksa yoshdagi kishilarni, ruhiy kasalliklari, nogironligi bo‘lgan va boshqa shu kabi shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek, shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoki giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin insonning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga hamda 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan shaxslarni jalb etgan holda tilanchilik ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tilanchilikka jalb etish takroran yoki xavfli retsidivist, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab, boshqa shaxsni giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga majburlagan holda sodir etilgan bo‘lsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Dilnoza Usmonova, Sotuvchi: “Vodiy avtoturargohida savdo qilaman. Ammo hali tilanchilarning birortasiga chora ko‘rilganiga guvoh bo‘lmadim. Soliq inspeksiyasi har kuni bo‘lmasa ham haftada ikki-uch marta litsenziyasiz sotuvchilarni nazorat qilib quvib soladi. Lekin tilanchilarga birov g‘ing demaydi.”

Ammo amalda bu borada hech qanday ish olib borilamayotganga o‘xshaydi. Qo‘yliq bozoriga zarurat yuzasidan har kuni chiqishimga to‘g‘ri keladi. Ammo bankomatlar oldiga joylashib olgan “mo‘ltoni” tilanchilarni birov nazorat qilayotganini hech ham ko‘rmadim. Bundaylarning svetofor va mashinalar serqatnov joylarga joylashib olganiga birorta mutasaddi chora ko‘rdimi? Bu savolga javob izladik ammo topishning iloji bo‘lmadi.

Otchopar bozori atrofi ham bundaylar bilan to‘lib-toshib yotibdi. Agar har shanba yakshanba litsenzatsiyasiz kirakashlarga nisbatan o‘tkazilayotgan reydlar tilanchilarga nisbatan ham o‘tkazilib turilganda edi, ayni muddao bo‘lardi. Banda tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ocharkan. Shunday ekan bir kunga yeguligi yetadigan va bir kunlik harajatiga yetarli mablag‘i bor odamning tilanchilik qilishi joiz emas, bir yigitni bilanman. Oyog‘i sonidan kesib tashlangan.

Arvachada o‘tiradi. Qarovchisi faqat qari onasi. Lekin tilanchilik qilmaydi. Kichkina tarozisini olib chiqib odamlarning vaznini o‘lchaydi. Bozor atrofida bundaylar ko‘p. Bir marta vazningizni o‘lchash narxi 1000 so‘m. Bu yigitda esa 500 so‘m. Tilanchilik qilgandan ko‘ra shu yigitning qilayotgan ishi ham halol, ham ibrat, deb o‘ylayman. Yana Allohim bilguvchidir. Hammamizga Allohim halol rizq va kasb-kor bersin Amin!
Saida Rustam qizi

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tilanchilikka qarshi qonun: Amalda nima o‘zgardi?