date
views 7 200

Islom Karimov o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini nega “dangasalar” deb atagan edi?

Islom Karimov o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini nega “dangasalar” deb atagan edi?
O‘ZBЕKISTONning Birinchi prezidenti Islom Karimov 2013 yilning yozida Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida bir guruh fermerlar va saralangan aholi vakillari bilan uchrashib, cuhbatlashadi. Uchrashuvda Prezident Rossiyada mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz haqida shunday deydi:

Dangasalar deb kimni hisoblayman? Ho‘v, Moskvani borib ko‘chalarini, maydonlarini supuradiganlarni. O‘tta nima yo‘q… Odam jirkanadi-ki o‘zbek millatidan shunaqa borib, o‘ziga bir burda non topish uchun shu yoqqa borishi kerak ekan. Ha, O‘zbekistonning o‘zida hech kim ochlikdan o‘layotgani yo‘q!

Endi tilamchi bo‘lib, ko‘chaga chiqib, qo‘lini uzatib so‘rash, odamning or-nomusiga qattiq tegadi. O‘zbek millati nima bilan ajralib turadi boshqalardan? Or-nomusi bilan. O‘lim bilan barobar emasmi bu?! Bunaqalarni dangasa deymanki, katta pul tezroq topish uchun u yoqqa borib, sharmanda qiladi
”.

“Axborot”da namoyish etilgan lavhadagi bu gaplar Rossiya va Qozog‘istonda turli sharoitlarda mehnat qilayotgan 5 millionga yaqin hamyurlarimizning, ularni yaqinlarining nafsoniyatiga tegadi. Odamlarda g‘azab uyg‘otadi. Davlat rahbarining bu gaplariga ayrim xorij saytlarida yurtdoshlarimizning “Janob prezident, bizni munosib ish bilan ta’minlang-chi, issiq uyimizni, bola-chaqamizni tashlab bu joylarga it azobida ishlash uchun kelarmidik”, degan ma’nodagi munosabatlari bildiriladi.

U paytlarda hozirgidek pismiq blogerlar qayoqda deysiz. Markaziy va mahalliy nashrlar hamda TV esa yurtimizdagi “jannatiy hayot”, “olamni havasini tortayotgan o‘zgarishlarimiz” haqida sahifa-sahifa maqola chop etish, efirga soatlab ko‘rsatuvlar uzatish bilan mashg‘ul edi. Go‘yo xalqni dardi yo‘q, odamlar muammo nimaligini bilmaydi, osmonimiz esa musaffo!

Bu kabi lavhalar albatta, davlat rahbariga mamnuniyat baxsh etgan. Qolaversa, har yili bir necha yuz minglab ish o‘rinlari yaratilyapti. Anavilar bo‘lsa, shunday sharoitni tashlab, musofir yurtda xor-zor bo‘lib yuribdi. Bu kishini jahlini chiqaradi-da.

Yana bir holat: o‘sha paytlarda Rossiya OAVlari bu borada yaxshigina axborot urushi olib borgan. Rus telekanallari lavhalar, internetda muhojir yurtdoshlarimiz haqida e’lon qilingan ayanchli suratlar xalqimizning qalbini o‘rtar, yuraklar zardobga to‘lardi. Bularni ko‘rib davlat rahbari qanday holatga tushganini, ko‘nglidan nimalar o‘tganini tasavvur qilavering.

Yuqoridagilarni inobatga oladigan bo‘lsak, Birinchi prezident Rossiyada ishlab yurgan mehnat muhojirlarimizni haqoratlash, kamsitish ma’nosida gapirmagan. Bulardan yuragi og‘riganidan, boshqalar qilmaydigan, qilishga or qiladigan ishlarni o‘zbeklar qilib yurganidan qalbi hasratga to‘lgan, yuragi qon bo‘lgan. Millatdoshlarini, xalqining vakillarini bunday xo‘rliklarda ko‘rishni, tinch zamonda ularning o‘ligi uylariga kelishini hazm qilolmagan.

Ayanchlisi, Rossiya va Qozog‘istonga ish izlab ketgan yuzlab (balki, minglab) yoshlar turli aldovlar bilan Yaqin Sharq va boshqa davlatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan terrorchi guruhlar safiga olib ketilgan. Ular nima maqsadda qo‘lga qurol olganini ham bilmay begona tuproqlarda o‘lib ketgan. Eng dahshatlisi, ular orasida o‘zga yurtlardagi urush olovini mamlakatimizda yoqish niyatida bo‘lganlar ham paydo bo‘la boshlagan. Bu kabi holatlarga befarq qarab turish mumkinmi?

Aytib o‘tilganidek, ularning asosiy qismi Rossiyaga ishlash maqsadida ketganlar edi. Shu boisdan ham, Prezident Rossiya va boshqa davlatlarga noqonuniy yo‘llar bilan borib og‘ir ishlarda ezilayotganlarni yurtga qaytarish haqida topshiriq beradi. Viloyatlarda hokimlar rahbarligida bu ish bilan shug‘ullanishga qat’iy kirishilgan. Mutasaddilardan iborat ishchi guruhlar qaysi tuman, qaysi shahar, qaysi ko‘cha, qaysi mahalladan necha kishi qayoqqa ketgan, kimlar ketgan, kimlarning farzandlari ketganini aniqlash, ularni yurtga qaytarishga kirishgan. Hatto, ota-onalarga nima qilib bo‘lsa ham bolangni qaytarasan, degan shartlar qo‘yilgan. Qaytib kelganlarni ishga joylashtirish choralari ko‘rilgan.

O‘sha davrlarda barcha sohalarda qo‘shib yozishlar, ura-ura avj olgani bugun barchaga ma’lum. Ish o‘rinlari yaratish ham bundan mustasno emasdi. Yiliga 500-600 ming ish o‘rni yaratilyapti, deb axborotlar berilgan. Aftidan Prezident bu raqamlarga shubha bilan qaragan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, parlamentda qilgan chiqishlaridan birida taxminan bunday degan: yaratilayotgan ish o‘rinlarini haqqoniyligini o‘rganish uchun besh marta tekshirtirdim. Biri-biridan mustaqil guruhlar o‘tkazgan tekshiruvlarda yaratilgan ish o‘rinlari hisobotdagi raqamlarga haqiqatan to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi!

Endi, o‘ylab ko‘ring, ish o‘rni yaratishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun zavod-fabrikalar qurilishi, tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilishi lozim. Ming azobda zavod-korxonalar qurilib ish o‘rinlari yaratilsa-yu, ularda ishlaydigan odam bo‘lmasa? Ular tayyor ishlar joylarni tashlab, Rossiyayu Qozog‘istonga ketsa, o‘zini azob-uqbatga solsa. Bunday paytda nima deyish mumkin?

Har gal farzandlarim, bolalarim deb ataydigan yoshlarni Birinchi prezident o‘zga ellarda xor-zor bo‘lib yurishiga, inson zoti dosh berishi qiyin bo‘lgan sharoitlarda ishlashlariga toqat qilolmagan. Yuqoridagi gaplarni ham yuragi o‘rtab, ham alam bilan aytgan. U gaplari bilan hamyurtlarini kamsitishni aslo xayoliga keltirmagan. Bunday bo‘lishi mumkin ham emas. Shu boisdan, Birinchi prezidentning yuqoridagi gaplaridan boshqa ma’no izlash, boshqacha tus berish adolatdan bo‘lmaydi.

Manba: hudud24.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islom Karimov o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini nega “dangasalar” deb atagan edi?