
Xabaringiz bor joriy yil 8 aprel kuni Yurtboshimiz tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish lozimligi, yiliga 2-3 marta hosil olayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, aksincha, shunday imkoniyatdan foydalana olmayotgan xonadonlarga yer solig‘ini oshirish borasida aniq topshiriqlar berilgan edi.

Shundan kelib chiqib, davlat soliq organi xodimlari zimmasiga aholi xonadonlaridagi tomorqa yerlariga ekin ektirish vazifasi yuklatildi.
Ayni paytda Buxoroda davlat soliq organlari tomonidan viloyatda aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda.

Ayniqsa, davlat soliq xizmati xodimlari boshchiligida, mahalla, ichki ishlar, bank, bandlik bo‘limlari xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, ular ko‘chama-ko‘cha va qishloqma-qishloq yurib, tomorqalardagi har qarich yerdan samarali foydalanishni tashkil etmoqdalar.
E’tiborlisi, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida viloyat davlat soliq boshqarmasi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hamkorligida viloyatda “Tomorqachiga ko‘makchi” aksiyasi doirasida joylardagi kam ta’minlangan oila vakillari, xususan 30 yoshgacha bo‘lgan ishsiz yoshlarni tomorqa xo‘jaligida band qilish maqsadida yangicha ish uslubi yo‘lga qo‘yildi.
Kuni-kecha Romitan, Peshko‘ va Buxoro tumanidagi ana shunday 10 nafar ishsiz yoshlarga qishloq xo‘jalik mini texnikalari (motokultivator) olib berildi.
- “Tomorqachiga ko‘makchi” aksiyasidan ko‘zlagan maqsadimiz viloyatdagi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini tomorqachilik tarmog‘iga ishga jalb qilishdan iborat deydi, - viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i - Sherzod Ashurov. - Ushbu yoshlar endi ishchi guruhi tomonidan aniqlangan qarovsiz tomorqa yerlarini tartibga keltirish, ijtimoiy ximoyaga muhtoj va nogironligi bor oilarga tomorqachilik ishlarida yordam berish, shuningdek, ekin ekilmay faqat beda ekilgan yerlarning yarmini buzib, ekin ekishga tayyorlash bilan shug‘ullanadilar. Tomorqachilik ishlariga jalb qilingan ushbu yoshlarga Aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan oylik maoshlari ham to‘lab boriladi. Ekin ekish ishlari tugagach, ushbu qishloq xo‘jaligi texnikalari yoshlarning o‘zlariga tekinga beriladi.

Romitan tumani Sho‘robod qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi Muhammadali Nabiyev shu paytgacha bir necha bor Rossiya federatsiyasiga ish izlab borgan, ammo omadi yurishmay uyga qaytishga majbur bo‘lgan. Ayni paytda ham ishsiz bo‘lgani bois 4-sektor rahbari Muhammadali Nabiyevning oilaviy ahvolini o‘rganib, uni “Tomorqachiga ko‘makchi” aksiyasi doirasida ishga taklif qildi.
- Otam g‘isht zavodida mehnat qiladilar, onam uy bekasi, - deydi “Tomorqachiga ko‘makchi” aksiyasi doirasida tashkil etilgan otryadga qo‘shilgan Muhammadali Nabiyev. – To‘g‘risi, shu ish bilan shug‘ullanish niyatim ham yo‘q emasdi. Lekin mablag‘imiz yo‘qligi bois, turli ishlarga yollanib ishlashga majbur edim. Ushbu aksiya mening hayotimni o‘zgartirib yubordi. Endi men ham kimgadir kerakman.

Peshko‘lik ish izlab yurgan Jo‘rabek Tuyg‘unovga ham 4-sektor ishchi guruhining taklifi ma’qul bo‘ldi.
- “Tomorqachiga ko‘makchi” aksiyasi doirasida tashkil etilgan otryad a’zosi bo‘lganimdan faxrlanaman, - deydi Jo‘rabek Tuyog‘unov. – Chunki bir vaqtning o‘zida ham motokultivatorlik ham kunlik va oylik daromadlik bo‘ldim. Bu bilan oilamga, ota-onamga yordamim tegishidan xursandman. Menga ajratilgan motokultivatorlar yordamida aholi tomorqasini yumshatish, chopish kabi ishlarni bajarishdan charchamayman.
Ahamiyatli tomoni ishga jalb qilingan ushbu yoshlarning yoniga ish izlab yurgan yana bir nafardan tajribali fuqarolar jalb qilinib, ularning ham ish bilan bandligi ta’minlandi. Buning natijasida ular otryad usulida bugunning o‘zida 50 sotixdan ortiq aholi tomorqalarini haydashni boshlab yuborishdi.

Shu o‘rinda qishloq joylarida motokultivatori bor fuqarolar aholi tomorqasining har bir sotig‘ini 15 ming so‘mdan haydab berayotganini inobatga olsak, ushbu yoshlar kuniga 10 sotix yer haydasa 150 ming so‘m, oyiga 4 yarim million so‘m topadi deganidir. Bundan tashqari, ularga Aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan 750 ming so‘mdan oylik maoshlari ham beriladi.

Kezi kelganda aytish mumkin viloyat davlat soliq boshqarmasi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hamkorligida “Tomorqachiga ko‘makchi” aksiyasi doirasida hududdagi jami 100 nafar yosh jamoatchilik asosida ishga jalb qilinadi.
Raqamlarga e’tibor bersak, Viloyatdagi 274 669 ta xonadonlarga 37 078 gektar tormorqa yer maydoni ajratilgan.
Ushbu yer maydonlarining:
3,8 ming gektariga - kartoshka,
2,6 ming gektariga - sabzavot,
0,9 ming gektariga - poliz,
1,8 ming gektariga - dukkakli,
7,8 ming gektariga - boshqa ekinlar ekish rejalashtirilgan.
Ayni paytda viloyatda ushbu yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida fuqarolar yig‘ini va ko‘chalar bo‘yicha 576 ta ishchi guruhi tuzilgan.
Mazkur ishchi guruhlari tomonidan ayni kunga qadar aholi ixtiyoridagi samarasiz foydalanilayotgan tomorqa yerlarining jami
1 076 gektariga kartoshka,
2 651 gektariga turli sabzavotlar,
268 gektariga poliz,
357 gektariga dukkakli hamda
436 gektari boshqa ekinlar ektirilishi ta’minlandi.
Shuningdek, mavsum boshidan buyon tomorqachilik uchun ajratilgan jami
695,1 gektar beda yerlar buzdirilib,
ularning 278 gektariga kartoshka,
497,6 gektariga sabzavotlar,
1 16,3 gektariga poliz,
152,4 gektariga dukkakli ekinlar hamda
189,7 gektar yer maydoniga boshqa ekinlar ekildi.
Ishchi guruhi zimmasida hali amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar juda ko‘p. Shu jihatdan 4-sektor va bandlik boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan “Tomorqachiga ko‘makchi” aksiyasi doirasida tashkil etilgan otryadning viloyatda aholi tomorqasidan samarali foydalanish ishlarini yanada jonlantirishiga shubha yo‘q.
Buxoro viloyati
DSB Matbuot xizmati.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! DSB Matbuot xizmati.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar