
Bugun AOKA shtabida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
— Qaysi tashkilotlar karantinga yopildi va nima uchun?
— Hozirgi kunda 7-sonli tug‘uruq majmuasi, Respublika perinatal markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 5-sonli shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, «Shohmed» xususiy klinikasi karantinga olingan. Bular — bemorlar orasida koronavirus aniqlangani sababli karantinga yopilgan.
— O‘zbekistonda antitanachalarga tahlil o‘tkazilyaptimi?
— Darhaqiqat, bugungi kunda ko‘pchilikni koronavirusga chalinmadimmi, degan savol qiziqtiradi. Antitanachalarga tahlil orqali kim koronavirus bilan alohida alomatlarsiz kasallanganini, ularning sonini aniqlash mumkin. Bu esa qo‘zg‘atuvchi virusning qanday harakatlanishini tushunishga yordam beradi.
Biroq tashxisning oltin standarti — bu polimeraz zanjirli reaksiya usuli. Test aniqligining o‘ziga xosligi qariyb 100%, u hatto inkubatsiya davrida ham eng yaxshi tashxis vositasi hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatda laboratoriya tashxisi asosan PZR usulda amalga oshirilmoqda.
— O‘zbekistonda qachon karantin tugatiladi?
— Ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha, yoz kelishi bilan koronavirus epidemiyasi kamayadi. Ayrim olimlarning fikricha, yangi infeksiya bilan kelgusida dunyo aholisining taxminan 70 foizi kasallanadi. Natijada infeksiyaga qarshi immunitet hosil bo‘ladi va pandemiya sezilarli sekinlashadi yoki umuman tugaydi. Faqatgina qat’iy choralar kasallik avjini bartaraf etishga yordam beradi, shuning uchun o‘z-o‘zini izolyatsiyalash rejimiga rioya qilish zarur.
— Urganch shahridagi karantin hududida tushunarsiz sabablarga ko‘ra sog‘lom odamlar ham karantinga olingan. Karantin hududida yashash sharoiti o‘ta yomon. Har safar shifokorlar navbatchiligi almashganda ular o‘zlarining yangicha tartib-qoidalarini o‘rnatishadi. Ovqatlari yaxshi emas. Yuvinish uchun sharoit yo‘q, 5 haftada bir marta cho‘milish imkoni bo‘ldi. Kimdir nimadir talab qilsa, jazolanishi bilan tahdid qilishadi. Ularga hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatilmasligi aniq bo‘ldi. Karantindagilarni shunchaki ushlab turishibdi. Shtabda hech qanday ma’lumot berilmayapti. Hech qanday dori vositasi yo‘q va hech qanday davolash ishlari olib borilmayapti.
— Toshkent Tibbiyot akademiyasining Urganch filialiga joriy yilning 5 aprel kuni Shovot tumani harbiy qismidan bemor bilan muloqotda bo‘lgan 52 kishi kuzatish uchun ko‘chirildi. Ular bemor emas va ular uchun maxsus davolash muolajalari shart emas. Barcha qavatlarda yuvinish xonalari mavjud. 3 mahal ovqat beriladi. Menyu vitamin va mineralarga boy taomlar asosida tuziladi. Oziqalar sifati sanitariya-epidemiolik xizmati tomonidan nazorat qilinadi.
— Uyda qoladigan aholidan kimga ko‘proq koronavirus yuqish xavfi bor?
— Birinchi o‘rinda — dorixonalarda ishlaydiganlar. Asosiy xavf shundaki, dorixonaga har xil toifadagi, sog‘ligida muammo bor odamlar tashrif buyuradi.
Ikkinchi o‘rinda — do‘konlar. Do‘konlarga borganda o‘zingizni xavfdan himoyalash uchun albatta niqob taqishingiz, aravalar tutqichiga antiseptik vositalar bilan ishlov berish, o‘ralgan mahsulotlarni olish, imkon qadar qadoqlangan paketlarga kamroq qo‘l tekkizish zarur.
Uchinchi o‘rinda — avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchalari. Yoqilg‘i quyadigan pistoletni kuniga 10 dan ortiq odam ushlaydi.
To‘rtinchi o‘rinda — itlarni sayr qildirish joylari. Itlarni olib chiqishda odam tez-tez pod’ezd va eshik tutqichlarini ushlaydi. Bundan tashqari, itlar virusni oyoqlarida uyga tashishi mumkin.
Beshinchi o‘rinda — ko‘chaga chiqindi tashlashga chiqish. Bunda xavf nisbatan pastroq bo‘lsa-da, ayrim vaqt changda virus zarrachalari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar