date
views 5 673

Er-xotin o‘rtasidagi mushtarak huquqlar

Er-xotin o‘rtasidagi mushtarak huquqlar
Alloh taolo insoniyatni erkak va ayoldan iborat qilib yaratgan. Erkakka erkaklik, ayolga ayollik xususiyatlarini bergan, ikkovlari qo‘shilib, bir oilada yashashlarini iroda qilgan. Shu bilan birga, U Zot O‘z shariati orqali oila va uning a’zolarining mukammal baxtining kafolatini beruvchi tizimni ham taqdim qilgan. Bunda erkakka erkaklikka mos, ayolga ayollika mos vazifalar yuklatilgan.

Ularning har biriga o‘ziga xos oilaviy majburiyatlar yuklatilishi bilan birga, haq-huquqlar ham berilgan. Biz bayon qilmoqchi bo‘lgan haqlar erga ham, xotinga ham bir tarafdan haq bo‘lsa, ikkinchi tarafdan majburiyat hisoblanadigan narsalardir. Ikki taraf ham mazkur haqdan bahramand bo‘lish bilan birga, xuddi o‘sha narsani umr yo‘ldoshining haqqi sifatida ado etishi ham zarur.

Er-xotinning o‘zaro yaxshilik bilan yashamoqlari lozim
Oilada birga yashar ekanlar, er-xotin bir-birlariga nisbatan faqat yaxshilikni ravo ko‘rib, qo‘llaridan kelgan barcha muruvvatlarini qilib yashashlari ikkovlarining orasidagi mushtarak haqlardan biridir. Islom ta’limotlariga binoan, er-xotin orasidagi aloqa muxabbat, sevgi, rahm-shafqat va unsu ulfat aloqasi bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham oraga tushgan ba’zi noqulay holat tufayli, darhol bir-biriga zulm qilishga o‘tish kerak emas. Hazrati Umar ibn Xattob r.a. xotiniga muxabbati yo‘q bo‘lib qolganligi uchun taloq qilmoqchi bo‘lgan odamga: “Sho‘ring qursin! Oilalar muxabbat uchun qurilmaganmi, axir? ! Rioya qani? ! Mas’uliyat qani?!”, - deganlar.

Rasululoh s.a.v.: “Sizlarning yaxshilaringiz ahli ayoliga yaxshi bo‘lganlaringizdir. Men ahliga eng yaxshingizdirman”, - deganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari ayollariga nisbatan go‘zal muomalali bo‘lib, doimo xursandlikda ularni erkalagan, lutf ko‘rsatgan, nafaqalarini ko‘paytirgan holda xayot kechirganlar. U Zot s.a.v. o‘z o‘rnida ayollari bilan hazillashar ham edilar, hattoki Oisha onamizning ko‘ngillari uchun, u kishi bilan yugurishda musobaqa ham qilganlar.

Er-xotinlik hayoti halol bo‘lishi, har ikki taraf bir-biridan lazzat va orom topishi
Er o‘z ayolidan qanchalik jinsiy va hissiy lazzatlanish haqqiga ega bo‘lsa, ayol ham xuddi shunday haqqa ega. Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi: Nabiy s.a.v.: “Qachon er o‘z xotinini to‘shagiga chaqirsa-yu, u kelishdan bosh tortsa, farishtalar tong otguncha uni la’natlab chiqurlar”, - dedilar. Zotan oila qurib, er-xotin bo‘lib yashashning asosiy imtiyozlaridan biri ham shu. Erdir, ayoldir xohlagan vaqtida o‘zining jufti haloli bilan, oila doirasida, shar’iy nikohda, halol pok yo‘l bilan jinsiy ehtiyojlarini qondirish imkoniga egadir.

Umar ibn Xattob r.a. xalifalik davrlarida, kechasi birovga bildirmasdan, shaharni aylanib, odamlarning xolidan xabar olib yurar edilar. Kunlardan bir kun bir xovlida ayol kishining hijron haqida bayt aytayotganini eshitib qoladilar. Surishtirsalar, u ayolning eri harbiy istehkomga ketgan ekan. Hazrati Umar odam yuborib, Hafsa onamizdan: “ayol kishi ersiz qancha sabr qila oladi?” deb so‘ratibdilar. U kishi: “Turt oy”, - deb javob beribdilar. Shundan keyin hazrati Umar askarlikda hech kimni to‘rt oydan ko‘p ushlab turmaslikka farmon bergan ekanlar. Hozirgi paytda ayrim kishilarning ishlab pul topish maqsadida, chet davlatlarda, oilasini tashlab oylab, hattoki yillab yurishlari oilalarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Oilaviy hayotning o‘ziga yarasha muqddasligi, hurmati va izzati bor. Albatta, er-xotinlar, o‘zlariga yarasha, birov bilishi mumkin bo‘lmagan sirlarga sohib bo‘dadilar. Endi mazkur sirlarni boshqalarga fosh qilmaslik ham erning, ham xotinning o‘z jufti halolidagi haqqidir hamda er-xotinning bir-birlariga nisbatan majburiyatlaridir.

Ota-onalarga yaxshilik va qarindoshlarga silai rahm qilish
Muqaddas hisoblangan nikoh robitasi sharofatidan er-xotinning har birining ota-onasi va qarindoshlari ikkinchisiga ham ota-ona va qarindoshlarga aylanadi. Shu bois qaynota va qaynonaga yaxshilik qilish er uchun ham, xotin uchun ham xuddi o‘z ota-onasiga yaxshilik qilishdek burchga aylanadi. Xotinlarning qarindoshlariga silai rahm qilish erga qanchalik lozim bo‘lsa, erning qarindoshlariga silai rahm qlish ham xotinga shunchalik lozim bo‘ladi.

Ushbu sanab o‘tganlarimiz oilada er-xotinlarning birdek amal qilishlari lozim bo‘lgan haq-huquq va majburiyatlaridir. Har bir er-xotin ushbu ko‘rsatmalarga amal qiladigan bo‘lishsa oilalari tinch, hayotlari osuda, xotirjamlikda, bir-birlariga bo‘lgan mehr-muxabbatlari ziyoda bo‘ladi. Demak oilalarimiz mustahkam ekan, jamiyatimiz taraqqiyoti har bir soxada rivojlanishda davom etadi.

M. Qurbanbayev
“Shayx Jaloladdin Gurgoniy bobo" masjidi imomi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Er-xotin o‘rtasidagi mushtarak huquqlar