07:57 / 26.07.2020
3 336

Ayol va jamiyat (1-maqola)

Ayol va jamiyat (1-maqola)
Qizingiz – jannatga izingiz!
Bundan ikki haftacha avval Azon.uz ning telegramdagi rasmiy kanalida qizlar uchun o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini yuborishdi. Unda qizlardan oliy o‘quv yurtlariga kirishga undagan sabablar so‘ralgan edi. Natijalardan kelib chiqib, shu haqida yozishim kerak edi. Lekin hadeganda qizlarning o‘qishi masalasida yoza olmadim. Bu men o‘ylaganimdan ko‘ra, men yoza olganimdan ko‘ra jiddiyroq masala ekanligini his qilib turardim. Xotin-qizlarning ta’lim olishi keng qamrovli, jiddiy va muhim mavzu. Bu mavzuga yuzaki qarashga aslo haqim yo‘qligini his qilib, uzoq o‘ylanib yurdim.

Lekin yaqinda facebook ijtimoiy tarmog‘idagi ayollar guruhiga qo‘yilgan anonim postdan keyin mavzuni ancha uzoqdan boshlash kerakligini tushundim.

Postda aytilishicha, ayolning 8 va 6 yoshli hamda 8 oylik egizak (jami to‘rtta) qizlari bor. Egizak qizlar tug‘ilishi bilan bechora ayol malomatlar ostida qolib ketgan. Tug‘ruqxonadan ham ayolni o‘z ota-onasi olib chiqqanini ta’kidlaydi. Eng achinarlisi, eri va qaynonasining tinimsiz achchiq gaplari sabab ayol juda asabiy bo‘lib qolgan va qizlarini tez-tez uradigan bo‘lgan. Hatto, 8 oylik murg‘akkinalarni ham (xarxasha qilganida) yuzi-ko‘zi demay, urib yuboradigan holga kelib qolgan. Guruhdagi ayollarning ko‘pi anonim post egasiga salbiy izohlar yozishdi. Tabiiyki, ayolning bolalarini urishini oqlab bo‘lmaydi. Ammo uni shu holga keltirgan sabablarni nega ko‘rmaymiz?

Anonim post va unga qoldirilgan izohlarni uzoq tahlil qilish fikridan yiroqman. Meni boshqa savol o‘ylantiradi: nega bizning millatimizda o‘g‘il farzandni qizlardan afzal ko‘rishday qoloq tushuncha mavjud? Bu qarash qanchalik to‘g‘ri? Chindan ham o‘g‘illar qizlardan bir bosh baland turadimi? Agar shunday bo‘lsa, qaysi jihati bilan?

Odatda, “o‘g‘ilparast”lar quyidagi bahonalarni ro‘kach qiladilar:

1. Naslimiz yo‘q bo‘lib ketadi.
Agar Alloh bitta ham farzand bermasa, o‘sha qizni ham ravo ko‘rmasa-chi? Shunda ham bu bahonani ayta olisharmikan? Yoki tasavvur qilamiz, uzoq yillardan so‘ng Alloh qiz farzand bilan siylasa, “Qiz farzanddan naslimiz davom etmaydi”, deb qo‘lidan ushlab ko‘chaga chiqarib qo‘yisharmikan? Yillar o‘tib, qizlarini uzatib, nevarali bo‘lgach, “bu mening naslimmas”, deb nevaralarni ko‘kragidan itarisharmikan? Ishonamanki, bu savollarni o‘qiganlarning hammasi “Yo‘q” deb javob berdi. Shunday ekan, birinchi e’tiroz yo‘qqa chiqdi! Qolaversa, farzandning qiz ekanligi erkakning bo‘ynidagi mas’uliyatni kamaytirib qo‘ymaydi. Ota har ikkalasi uchun birday javobgar bo‘lib qolaveradi.

2. O‘g‘limiz – merosxo‘rimiz.
Yuqoridagi anonim post egasiga qaynonasi tinimsiz “O‘g‘lim merosxo‘rsiz yashab o‘tadimi?” deb takrorlarkan (go‘yo o‘g‘ilni Amir Olimxonning xazinasi kutib turganday). Meros degani nima o‘zi? Farzandimiz o‘g‘ilmi, qizmi, ularga yaxshi tarbiya, chiroyli axloqdan yaxshiroq meros qoldira olmaymiz. Alloh bergan eng aziz ne’matni qadrlamagan, qizni farzand o‘rnida ko‘rmagan odamdan nimani ham meros qilib olish mumkin? Yillar o‘tib, bisotimizdagi bor-yo‘q xazinamiz shu qizlarimiz bo‘lib qolar, balki. “Merosxo‘rsiz qolib ketdik” degan da’volar qanchalar bema’ni va asosiz ekanligi kunday ravshan-ku. Buni anglab yetish uchun do‘ppining tagidagi boshni yaxshiroq ishlatib, sal kengroq fikrlash kerak, xolos.

3. Qariganimizda bizni kim boqadi?
Ko‘rsatilgan bahonalar ichida eng ahmoqonasi shu bo‘lsa kerak. Avvalo, rizq Allohdandir, istasa uni o‘g‘ilning qo‘lidan, istasa, qizning qo‘lidan berib qo‘yadi. Agar ko‘zlarimizni kattaroq ochib, atrofga teranroq nazar solsak, o‘g‘illari vafo qilmay, umrining oxirida qizlarining qo‘lida qolib ketganlar kam emasligiga guvoh bo‘lamiz. Qizlarning ota-onasiga juda mehribon bo‘lishini esa hech kim hech qachon inkor qila olmaydi.

4. O‘g‘li yo‘qning boshi egik bo‘ladi.
Kimning oldida? Uch-to‘rtta og‘ziga kuchi yetmagan oshna-og‘aynilarning oldidami? Ularning bergan bahosi qayergacha boradi? Uch-to‘rt betayinning fikri muhimmi yoki payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan berilgan baho muhimmi? U zotning qiz farzandiga chiroyli tarbiya berganlar haqida aytgan gaplarini osongina unutib qo‘yamizmi? Istagan odam yana istaganicha vaj-korson ko‘rsataversin, biz esa qizi borlar bir bosh baland turadi deymiz. Bunga rad etib bo‘lmaydigan dalillarimiz bor:

Qizingiz qiyomatdagi xursandchiligingizdir!
Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar sollalohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim bozordan farzandlariga hadya keltirsa, u sadaqa qilgan kishi kabi bo‘ladi, hatto, uni ularning og‘ziga soladi. Tarqatishni qizlardan boshlasin, chunki Alloh taolo ayollarga yumshoqlik qildi. Kim ayollarga yumshoqlik qilsa, Allohdan qo‘rqib yig‘lagan kishi kabidir. Kim Allohdan qo‘rqib yig‘lasa, uni Alloh kechiradi. Kim qizlari bilan xursand bo‘lsa, Alloh qiyomat kuni uni xursand qiladi".

Qizingiz jannat sari yo‘lingizdir!
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimning uchta qizi bo‘lib, ularni o‘z qo‘lida tarbiyalab, katta qilsa, jannatga kirishi muqarrardir", dedilar. Shunda bir kishi: "Yo Rasululloh! Uning qizi ikkita bo‘lsa-chi?" deb so‘radi. U zot sollallohu alayhi vasallam: "Ikkita bo‘lsa ham", dedilar".

Qizingiz jahannamdan himoyangizdir!
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. "Bir kuni mening huzurimga ikkita qizini yetaklab bir ayol tilanchilik qilib kirib keldi. Mening huzurimda bitta xurmodan boshqa narsa yo‘q edi. Men xurmoni bersam, ayol uni ikkiga ajratdi-da, ikki qiziga berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirganlarida bu haqda xabar bersam, u zot: "Kim mana shu kabi qiz farzand bilan imtihon qilinsa (sinalsa), qizlarini chiroyli parvarish etsa, uning uchun jahannamdan parda bo‘ladi", dedilar".

Qiz farzandni kamsitayotganlar, sizga boshqa so‘zimiz yo‘q, xulosani quyidagi oyatlardan chiqarib oling: “Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi. U (qiz)ni kamsitgan holda, olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning «yomon»ligidan (oriyat qilib) odamlardan yashirinib oladi. Ogoh bo‘lingizki, ularning bu hukmlari juda yomondir (Nahl, 58-59).

Oynisa Hojiyeva

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayol va jamiyat (1-maqola)