14:40 / 28.07.2020
2 436

Nega karantin choralari uzaytirilmoqda? Professor bilan suhbat

Nega karantin choralari uzaytirilmoqda? Professor bilan suhbat
SOVID-19 insoniyat uchun jiddiy sinovga aylandi. Nuroniy otaxonu onalarimiz ham avval bu kabi kasallikka duch kelganini eslasholmaydi. Chunki bu turdagi koronavirus pandemiyasi tarixda ilk bor kuzatilmoqda. Koronaviruslar — odamlar va jonivorlarni zararlovchi viruslar oilasi. Uning ayrimlari har yili biz o‘rganib qolgan O‘RVIga sabab bo‘ladi.

Ba’zilari atipik pnevmoniyani chaqiradi. SARS — og‘ir o‘tkir respirator sindromi (774 kishi vafot etgan) va MERS — Yaqin Sharq respirator sindromi (431 kishi vafot etgan) shular jumlasidan. Biroq SARS va MERS epidemiyalarini karantin va oddiy qo‘l gigiyenasi kabi ehtiyot choralari yordamida to‘xtatishga erishilgan. Ammo, ming afsuski, yangi koronavirus karantin choralariga qaramay, Xitoy chegarasini yorib chiqib, butun dunyoni zabt etishga urinmoqda.

Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekistonda joriy etilgan karantin cheklovlari 2020 yil 15 avgustga qadar uzaytirilganini e’lon qildi. Shu munosabat bilan bugun pandemiya sharoitida karantinning zarurligi, koronavirus infeksiyasi tarqalishida cheklov qoidalarining ahamiyati to‘g‘risida Toshkent tibbiyot akademiyasi epidemiologiya kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Omon Murtazayev bilan xabar.uz muxbiri suhbatlashdi.

— Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda karantin qoidalari qay darajada muhim?
— Joriy 2020 yilning dastlabki kunlaridan butun dunyo bo‘ylab tarqala boshlagan koronavirus pandemiyasi bizning mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. O‘zbekistonda dastlabki koronavirus bemori mart oyining qoq o‘rtasida ro‘yxatga olindi.

Jahonda kuzatilayotgan epidemiologik vaziyatni hisobga olib, uni chuqur tahlil qilib, dunyo tajribasini o‘rganib, yurtimizda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi orasida ushbu kasallik tarqalib ketishining oldini olish maqsadida davlatimiz rahbariyati tomonidan barcha tegishli tashkilotlarga respublika bo‘yicha zudlik bilan operativ chora-tadbirlar tashkil qilish, bemorlar uchun maxsus shifoxonalar ajratish, muloqotda bo‘lganlar uchun karantin hududlarini qurish, ularni kerakli asbob-uskunalar, dori-darmonlar, kiyim-kechak, shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlash kabi jiddiy topshiriqlar berildi.

Ushbu topshiriqqa muvofiq aholi orasida muloqotni cheklash maqsadida oliy va o‘rta maxsus ta’lim o‘quv yurtlarida, maktablarda va maktabgacha ta’lim muassasalarida muddatidan oldin ta’til, mamlakatda esa karantin e’lon qilindi.

Karantinning dastlabki kunlaridan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, respublikadagi barcha mutasaddi tashkilotlar va aholi tomonidan koronavirus kasalligining keng tarqalib ketmasligi uchun tegishli choralar, jumladan, karantin tadbirlari zudlik bilan boshlab yuborildi. O‘zbekistonga boshqa xorijiy mamlakatlardan keladigan va respublika ichida qatnaydigan aviaqatnovlar, temir yo‘l va yer usti transport vositalari faoliyatiga bir qator cheklovlar joriy etildi.

Mazkur tadbirlar albatta o‘z samarasini berdi. Mamlakatimizda pandemiyaning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar jahondagi ko‘pgina mamlakatlar uchun ibrat, namuna sifatida tan olingani ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Bu albatta quvonchli hol, shuningdek, hukumatimiz va xalqimiz qilayotgan mashaqqatli va savobli ishlarning samarasidir.

— Bu borada jahon tajribasi o‘rganilyaptimi?
— Dunyoga mashhur «The Washington Post» nashri jurnalistlari o‘ziga xos grafikni tuzib chiqishdi. U karantin joriy etilishi yoki etilmasligidan kelib chiqib, kasallikni yuqtirish tezligini ko‘rsatib beradi. Oddiy matematik hisob-kitoblarga ko‘ra, CoVID-19 tarqalishiga qarshi hech qanday chora ko‘rilmaganida, birgina Qo‘shma Shtatlarda may oyida 100 million kishi koronavirusga chalingan bo‘lardi. Gap shundaki, yangi koronavirusning tarqalish tezligi nihoyatda yuqori — qo‘l qovushtirib o‘tirilsa, kasallanganlar soni har uch kunda ikki baravar ko‘payib boraveradi.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy masofa — odamlar orasida muloqotni cheklash, shuningdek, metro, savdo markazlari, maktab, universitet, muzey, kinoteatr kabi odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslik — koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishning eng samarali usuli hisoblanadi. Hech qanday chora ko‘rilmasa, kasallik juda tez tarqaladi.

— Karantinning qanchalik samarali ekanini nimalarda ko‘rish mumkin?
— Mamlakatimizning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishini hisobga olib, may oyida karantinning ba’zi bir cheklovlarini yumshatishga to‘g‘ri keldi. Buni ayrim hamshaharlarimiz noto‘g‘ri tushunib, noto‘g‘ri talqin qilishdi. Ba’zi hududlarda, ayniqsa, yirik shaharlarda, jumladan, Toshkentda aholimizning zarurat bo‘lmasa ham, to‘planishi, ko‘chalarda himoya niqoblarini taqmasdan yurishi, ayrim korxonalar va bozorlarda, do‘konlarda aholi sog‘ligini nazorat qilmaslik, to‘y-tomoshalar o‘tkazish kabi holatlar uchradi. Bu albatta infeksiyaning yuqish xavfini yanada kuchaytirdi. Respublikamizda bemorlar soni keskin ko‘paydi. Natijada iyul oyidan karantin chora-tadbirlarini qaytadan kuchaytirishga majbur bo‘ldik.

Bugungi kunda koronavirus infeksiyasiga qarshi maxsus dori-darmonlar va emlash vositalari butun dunyo miqyosida ishlab chiqilgani va amaliyotga tatbiq etilgani yo‘q. Shu bois ushbu kasallikning oldini olishda eng samarali usul bu karantin chora-tadbirlaridir. Bu epidemiya jarayonining «birinchi bo‘g‘iniga» qaratilgan tadbir bo‘lib, unga ko‘ra koronavirus bemoridan yoki virus tashuvchisidan, ya’ni «infeksiya manbasidan» sog‘lom kishilarga kasallik chaqiruvchisi — koronavirus yuqishining oldini oladi.

Demak, hali karantin chora-tadbirlarini davom ettirishimiz va unga butun hamyurtlarimiz qat’iy va muntazam amal qilishi zarur. Chunki hozirgi paytda jahonda, bizga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarda va O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik vaziyat murakkabligicha qolmoqda.

«Yashil hudud» – bu barcha ishlarni qilish mumkin degani emas. Ya’ni buni maqsadsiz ko‘chaga chiqish, niqob taqmasdan, yana to‘p-to‘p bo‘lib yurish, chegaradan chiqib to‘y-tomoshalar o‘tkazish sifatida qabul qilmaslik kerak. Ayni paytda har bir jarayon o‘sha hududda yashayotgan, ishlayotganlarga va ularning karantin tadbirlariga amal qilishlariga bevosita bog‘liq.

Karantin davrida aholi bajarishi shart yoki bajarish unchalik qiyin bo‘lmagan oddiy chora-tadbirlarni takrorlab o‘tirishga hojat yo‘q. Chunki ular respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ommaviy axborot vositalarida, televideniye va radio kanallarida, gazetalar sahifalarida kechayu kunduz qayta-qayta tushuntirilyapti.

Respublikamizda karantin chora-tadbirlari hali ancha davom etadi. Chunki buni hozirgi epidemiologik vaziyat taqozo etyapti. Shunday ekan, hamyurtlarimizdan, mamlakatimiz aholisidan karantin qoidalariga rioya etishlarini, tegishli chora-tadbirlarni sidqidildan, izchillik bilan, muntazam bajarishlarini iltimos qilamiz.

Karantin chora-tadbirlariga amal qilish orqali siz, avvalo, o‘zingizni, oila a’zolaringizni, jajji bolajonlaringizni, nuroniy ota-onalaringizni, mehribon hamkasblaringizni, qolaversa, butun O‘zbekiston xalqini koronavirus balosidan qutqarishga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nega karantin choralari uzaytirilmoqda? Professor bilan suhbat