17:30 / 02.10.2020
2 643

Xazonrezgi mavsumidagi kasalliklarga qarshi immunitetni qanday oshirish mumkin?

Xazonrezgi mavsumidagi kasalliklarga qarshi immunitetni qanday oshirish mumkin?
AOKA zalida Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Barno Abdusamatova aholidan tushgan ayrim savollarga javob berdi.

- Xazonrezgi mavsumining boshlanishi, havo harorati sovib borishi bilan ayrim kasalliklar yuzaga chiqadi. Ushbu davrda organizm immunitetini qanday oshirish mumkin?
- Inson immuniteti ko‘p omillarga bog‘liq. Avvalambor bu — insonning jismoniy va ruhiy salomatligi, yashash tarzi, yashayotgan muhitiga ham bog‘liq.

Xususan, immunitetning susayishiga: intoksikatsiya, turli zaharlanishlar, haddan tashqari charchash, och qolish, noto‘g‘ri ovqatlanish, stress holatlari, kasal yuqishidan xavotirga tushish va qo‘rqish, avvaldan ko‘p va tez-tez turli kasalliklarga chalinish, zararli odatlar olib kelishi mumkin. Qondagi oq tanachalar yoki limfotsitlarning keskin kamayib ketishi — inson immun tizimining susayganini ko‘rsatadi.

Immunitetni ko‘tarish uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, zararli odatlardan voz kechish, o‘z vaqtida va to‘g‘ri ovqatlanish, mahsulotlar orasida yetarli darajada oqsil, uglevod, vitamin va minerallarning bo‘lishi muhim.

- Turmush o‘rtog‘im koronovirus bilan kasallanib, shifokor nazorati ostida uyda davolanmoqda. Koronavirusga chalingan bemorlar qanday oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishi kerak?
- COVID-19 bilan kasallanganlar uchun taomlar yengil hazm bo‘ladigan, vitamin, mikroelement va oqsilga boy bo‘lishi kerak.
Taomlarni kichik hajmda barra salat va ko‘katlar bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Bular — qaynatma sho‘rvalar, qiyma go‘shtlaridan tayyorlangan kotletlar, teftellar, frikadelkalar, baliq go‘shti, tvorog, suvda qaynatib chala pishirilgan tuxum, dukkaklilardan tayyorlangan suyuq taomlar, arpa bo‘tqalari.

Shuningdek, ko‘p miqdorda suyuqlik ichilishi maqsadga muvofiq. Turli meva sharbatlari, kompotlar, ko‘k choy, limon, smorodina, zanjabil, asal va malina choylari shular jumlasidan.

- Koronavirusni yuqtirib olgan insonlar jismoniy faollik bilan shug‘ullanishlari tavsiya etiladimi yoki ko‘proq dam olishlari kerakmi?
- Hammasi me’yorida bo‘lishi kerak. Kasalligi alomatsiz yoki yengil shaklda kechayotgan bemorlar nafas tizimi funksional holatini va jismoniy faollikni unutmasliklari kerak, ya’ni har kungi ertalabgi qizdiruvchi 10-15 minutlik badantarbiya mashqlari juda muhim.

Nafas gimnastikalarini kun davomida 3 marta, imkon qadar 5-10 minutdan amalga oshirish kerak. Chuqur nafas olish 6 sekund davomida va sekin nafas chiqarish 4-5 martagacha. Bu mashqlar virusning o‘pka to‘qimasiga moyilligi borligi uchun ham yaxshi shamollatilgan xonada bajarilishi kerak.

Nafas gimnastikasining juda xilma-xil turlari mavjud: Burdenko usuli, Yoga, Tibet usullari. Siz o‘z shifokoringiz bilan bu usullar xaqida maslahatlashishingiz mumkin yoki ularni har bir kishi mustaqil ravishda ijtimoiy tarmoqlardan topib, har kim o‘zi uchun mosini tanlab, o‘zlashtirishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xazonrezgi mavsumidagi kasalliklarga qarshi immunitetni qanday oshirish mumkin?