23:05 / 26.10.2020
2 850

O‘zbekistonda go‘sht narxining qimmatlashishiga sabab bo‘layotgan omillar sanab o‘tildi

O‘zbekistonda go‘sht narxining qimmatlashishiga sabab bo‘layotgan omillar sanab o‘tildi
O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlarining qimmatlashishiga yem-xashak xom ashyosi narxining oshishi, qoramol importining qisqarishi, shuningdek, karantin yengillashtirilgani va umumiy ovqatlanish maskanlarining qayta ish boshlagani ortidan talabning ortib ketgani sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining sentabr oyida kuzatilgan inflyatsiya darajasiga oid ma’lumotlarida keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida tuxum (6,5 foiz), go‘sht, tovuq go‘shti, baliq (3,8 foiz) va meva-sabzavotlar (3 foiz) narxida sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i va shakar narxining keskin oshishi aholi orasida norozilik keltirib chiqarganini ta’kidlagandi. Shundan so‘ng qimmat go‘sht (lahm) bozorlar va yirik supermarketlar peshtaxtasidan yo‘qolib qolgan, ammo jamoatchilikning go‘sht narxiga bo‘lgan noroziligi o‘zgarmadi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyidagi inflyatsion dinamika tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, narxlar o‘sishining asosiy sababi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining konyunkturasi bo‘lib, bu o‘z navbatida go‘sht va yog‘-moy mahsulotlari, non mahsulotlari va tuxum narxlarining qimmatlashishi, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari narxining mavsumiy oshishi bilan izohlanadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan mahsulot guruhlaridan, birinchi navbatda, go‘sht narxi o‘sishining asosiy sabablari quyidagilardir:
  • yem-xashak bazasi uchun xom ashyo, xususan, paxta xom ashyosi, po‘stloq va yem aralashmasi zaxiralarining mavsumiy kamayishi. Bu o‘z navbatida, mazkur mahsulotlarning birja narxlarining mos ravishda 17, 21 va 27 foizga oshishiga olib kelgan;
  • Qozog‘iston tomonidan eksport cheklovlari tufayli qoramol importining qisqarishi. Misol uchun, 2020 yilning 8 oylik natijasiga ko‘ra, mamlakatda 25 ming bosh yirik va 12,5 ming bosh mayda qoramol import qilingan. 2019 yilning 8 oylik natijalariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkichlar mos ravishda 146 ming va 258 ming bosh qoramolni tashkil qilgan;
  • 2020 yilning avgust oyi o‘rtalarida karantin cheklovlari olib tashlanganidan so‘ng faoliyatini tiklagan umumiy ovqatlanish korxonalarining go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabining oshishi. Shu bilan birga, 2020 yil yanvar—sentabr oylarida O‘zbekistonda 1840 ming tonna (tirik vaznda) go‘sht ishlab chiqarilgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga ko‘proq). Bundan tashqari, 2020 yil yanvar—sentabr oylarida 14 ming tonna mol go‘shti va 20 ming tonna tovuq go‘shti import qilingan.

Ta’kidlanishicha, sentabr oyida iste’mol narxlari indeksi oylik 1,4 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davrida mazkur ko‘rsatkich 1,3 foizga teng bo‘lgan.

«2020 yil boshidan buyon oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi 7,5 foiz (2019 yilning shu davrida – 8,5 foiz) darajasida va yillik hisobda – 17,7 foiz darajasida shakllandi», — deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Qayd etilishicha, go‘sht mahsulotlarining narxi sentabrda 3,8 foizga (umumiy ko‘rsatkichdagi ulushi – 0,39 f.b.) o‘sgan. Xususan, qo‘y go‘shti — 5,7 foizga, mol go‘shti — 5–5,4 foiz oralig‘ida, qiyma — 4,2 foizga, kolbasa — 1,8–1,9 foiz oralig‘ida, baliq va baliq konservalari o‘rtacha 0,5 foizga, parranda go‘shti va go‘sht mahsulotlari — 0,3 foizga qimmatlashdi. Bundan tashqari, yog‘ va moylar narxi o‘rtacha 2,3 foizga ko‘tarilgan.

«Tuxum narxi o‘rtacha 6,5 foizga qimmatlashib, umumiy INIning 0,06 f.b.ga ko‘tarilishini ta’minladi. Ichki bozorda tuxum narxining oshishiga parranda ozuqasi narxlarining 10 foizga ko‘tarilishi (jumladan, bug‘doy narxining 23 foizga, makkajo‘xori – 28 foizga, soya ozuqasi – 20 foizga) va ularga bo‘lgan talabning mavsumiy ortishi, hamda ko‘plab parrandachilik xo‘jaliklaridagi tovuqlar yangilanishi (1,8 million tovuq) bilan bog‘liq bo‘ldi», — deyiladi ma’lumotnomada.

Yuqoridagi omillardan va dunyo hamda O‘zbekistondagi go‘sht narxlarining hamohang harakatidan kelib chiqib, go‘sht mahsulotlari narxining o‘sishi nafaqat tashqi omillar, balki ichki bozorlardagi tartibga solinish mexanizmlarining samarasizligi tufayli yuzaga kelgan deyish mumkin.

«Bu o‘z navbatida ishlab chiqarish darajasining kamtarona o‘sishiga qaramasdan, go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishning yetarli darajasini ta’minlash uchun ozuqa bazasining rivojlanmaganligi bilan bog‘liq», — deyiladi vazirlik xabarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda go‘sht narxining qimmatlashishiga sabab bo‘layotgan omillar sanab o‘tildi