11:36 / 25.12.2020
4 129

Zarifboy Ibodullayev: "Akademik Nabi Majidov - Nevrologiya fani iftixori"

Zarifboy Ibodullayev: "Akademik Nabi Majidov - Nevrologiya fani iftixori"
Foto: Professor Zarifboy Ibodullayev
Epigraf. O‘zbekiston nevrologiyasi iftixori, buyuk olim, akademik Nabi Majidov tavallud topgan kuni, ya’ni 10 dekabrda O‘zbekistonda Nevrologlarning Halqaro anjumani bo‘lib o‘tadi. Bu galgi Halqaro anjuman 4 va 5 dekabr kunlari ZOOM dasturi orqali onlayn rejimda bo‘lib o‘tdi. Shifo info tahririyati avvaldan o‘zbek halqining zabardast olimi haqida maqola tayyorlashni reja qilib yuruvdi. Fursatdan foydalanib akademik Nabi Majidov haqida batafsil ma’lumot olish uchun professor Zarifboy Ibodullayevga yuzlandik.

Savol: Zarifboy Rajabovich! Siz Nabi Majidovning shogirdimisiz?
Javob: Yo‘q, mening ustozim professor Maqsud Mahmudovich Asadullayev. Hozirda u kishi ham akademik. Har gal ustozim oldiga kirganimda ular Nabi Majidovning kashfiyotlari haqida faxrlanib ko‘p so‘zlab berardilar. Bizga nevrologiya fanidan Nabi Majidovich talabalik paytlarimiz ma’ruzalar o‘qirdilar. Ularning ma’ruzalaridan zal sehrlanib qolardi. Oldingi qatorda kafedra xodimlari o‘tirardi. U kishining ilm doirasidan men hayratda qolardim. Ular nevrologiya imtihonidan bir necha kun oldin o‘zlari shaxsan “Katta opros” olardilar. Nevrologiya juda og‘ir fan bo‘lib, Nabi Majidov ham, kafedra xodimlari ham o‘ta qattiqqo‘l inson edilar. Nabi Majidov suhbatidan kim o‘tsa, imtixondan ozod etilardi. Bu ularning topshirig‘i edi.

Men albatta Nabi Majidovich qo‘lidan 5 baho oldim. Ular menga biletdan tashqari juda ko‘p savol berganlar. Yonlarida juda ko‘p o‘tirib qolgan ham men edim. O‘lar Hanifa Muxsinovnaga yuzlanib: “Bu yigit imtixondan ozod qilindi, institutni tugatgach uni kafedrada olib qoling, uning kelajagi bor” deganlari hali-xanuz qulog‘im ostidan ketmaydi. Kafedra assistenti Xanifa Muxsinovna Halimova (hozirda ular professor) rahbarligida TIJ, ya’ni talabalar ilmiy jamiyatiga qatnashib yurardim. Hanifa Muxsinovna menga: “Tabriklayman! Imtixondan ozod bo‘ldingiz” dedilar. Lekin men imtixonga ham kirdim.

1982-1988 yillari birga o‘qigan talabalar. Prof. Ibodullayev Z.R., prof. Kariyev G‘.M., prof. Halimova Z.Yu (2018 yil).
Savol: Nabi Majidovich o‘zlari sizni imtixondan ozod qilgan bo‘lsalar, nega kirdingiz? 4 baho olib qolsangiz nima bo‘lardi?
Javob: Hamma talabalar o‘ta qo‘rqadigan kafedralar – bular professor B.X. Magzumov boshqaradigan “Sotsial gigiyena” va Nabi Majidov boshqaradigan “Nevrologiya” kafedrasi edi. Meni imtihonga kirishimni so‘rab guruhdagi talabalar, ya’ni qizlar holi-jonimga qo‘yishmadi. Chunki imtixondan yiqilib ketishlari mumkin edi. Imtixon paytida 4 nafar o‘rtog‘imning bilet savollariga javoblarni o‘zim yozib berganman (kuladi, endi oshkor qilsam bo‘lar). Aks holda yiqilib ketishardi. Keling. Mening faoliyatim emas Nabi Majidovich haqida so‘rayqoling. Chunki bugun u kishi haqida intervyu olayapsizku. Men o‘zim guvoh bo‘lgan voqealarni so‘zlab beraman. Biroq Nabi Majidovning bevosita shogirdlari bo‘lgan M.M. Asadullayev, H.M. Halimova, S.N. Aslanova, I.A. Qilichev va albatta qizlari Yo.N. Madjidovadan yanada ko‘proq ma’lumotlar olishingiz mumkin.

Savol: Nabi Majidovning ilm doirasi inson hayratda qoladigan darajada keng edi, deb aytdingiz. Suhbat oldidan u kishi olamshumul kashfiyotlar qilgan dedingiz. Shular haqida so‘zlab bersangiz.
Javob: Men umuman olganda professorlarni 3 toifaga ajratgan bo‘lur edim.
1-toifa – faqat o‘z institutida tanilgan. Bundaylar odatda vaqt o‘tib unut bo‘lib ketadi;
2-toifa – davlat miqyosida tanilganlar. Ularni Respublika taniydi (balkim jamoat ishlari, ilmiy loyihalari yoki katta amalda ishlashi bilan tanilar);
3-toifa – o‘z sohasini dunyo miqyosiga olib chiqqan professorlar. Nabi Majidovich ushbu 3-toifa olimlar sirasiga kiradi. Masalan, ular kashf qilgan 2 xil kasallik, ya’ni leptomeningit va xorioependimatit o‘tkan asrning 70-yillari jaxon nevrologiyasi tarixida katta shov-shuvga sababchi bo‘ldi.

2018 yil. Ustoz prof. Halimova Hanifa Muhsinovna 70 yoshda (oq libosda). Yonlarida Ustozimiz akademik Asadullayev M.M. tabrik so‘zi aytmoqda
Savol: Leptomeningit va xorioependimatit – bular qanday kasalliklar? Bu kasalliklarning kashf qilinishi tarixini so‘zlab bersangiz.
Javob: Miya 3 parda bilan qoplangan. Shulardan biriga “o‘rgimchak to‘risimon parda”, ya’ni araxnoidal parda deyiladi. Nabi Majidov 1965 yili «Kalla suyagi orqa chuqurchasining surunkali leptomeningiti» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi. Dissertatsiyani 37 yoshida yoqlagan olim miyaning o‘rgimchak to‘risimon pardasi yallig‘lanmay, balki undan pastda joylashgan yumshoq parda va miya qobig‘ining ustki qismi yallig‘lanishi uning e’tiborini tortadi. Yosh olim “Nega bu kasallik “araxnoidit” deyiladi, axir araxnoidal parda yallig‘lanmaydi-ku, unda qon tomirlar yo‘q-ku, qaysi to‘qimada qon tomir bo‘lmasa, unda yallig‘lanish jarayoni kechmaydiku? degan savollar unga uyqu bermaydi. Nabi Majidov izlanishlarni davom etadi va har bir o‘tkazgan eksperimentlarida uning haqligi o‘z isbotini topaveradi. 1972 yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Ittifoq nevrologlari anjumani” da o‘z xulosalarini bayon qiladi. Nabi Majidov “Araxnoidit” atamasi o‘rniga “Leptomeningit” atamasini qo‘llash taklifini o‘rtaga tashlaydi.

Savol: Nabi Majidovning bu taklifini boshqa olimlar qanday qabul qilishadi? Kasallikning yangi nomiga rozi bo‘lishadimi?
Javob: Ilm-fanda har qanday yangilik, ayniqsa, olimlar tasavvurida g‘ayritabiiy bo‘lgan g‘oyalar, albatta, kuchli bahs-munozaralarga sababchi bo‘ladi. Buning ustiga Nabi Majidov 44 yoshda bo‘lgan. Anjumanda esa 70 yoshdan oshgan eng yirik olimlar, akademiklar bo‘lgan. Biroq N. Majidov qo‘lida inkor qilib bo‘lmaydigan ilmiy dalillar bor edi. Har qanday olim dalillar oldida bo‘yin egadi. Shunday bo‘ldi ham. Araxnoidit atamasi noto‘g‘ri ekanligiga hamma iqror bo‘ladi.

Savol: Bu albatta quvonarli hol. Siz xorioependimatit haqida ham aytdingiz. Xorioependimatit – tibbiyotga kiritilgan yangi ilmiy atama, dedingiz. Bu qanday kasallik o‘zi?
Javob: Xorioependimatit – yangi kasallik. Xorioependimatit miya suyuqligini ishlab chiqaradigan miya qorinchalarining ichki qavatini qoplab turadigan xorioidal chigallar va epiyendimal qavat yallig‘lanishi. Dunyo nevrologiyasi tarixida bu atamani o‘zbek olimi Nabi Majidov kiritgan. Men Nabi Majidovni mashhur fransuz nevrologi Jan Marten Sharko, mashhur ingliz nevrologi X. Jekson, nemis nevrologi Alois Alsxaymer bilan bir qatorga qo‘ya olaman. Bu olimlar nevrologiya tarixida bir nechta kasalliklar va nevrologik sindromlarni yozib qoldirgan. Ushbu serqirra olimlar ko‘p kashfiyotlar qilgan.

Mana ulardan ba’zilari: Jan Marten Sharko “Titroq falajlik” sindromini “Parkinson kasalligi” deb nomlagan, X. Jekson miyaning qaysi sohasi ta’sirlansa, qanday epileptik sindrom yuzaga kelishini isbotlab bergan. Keyinchalik nevrologiya faniga “Jekson epilepsiyasi” atamasi kirib kelgan. Alois Alsxaymer zo‘rayib boruvchi aqliy zaiflikni yozib qoldirdi. Bu kasallik hozirda “Alsxaymer kasalligi” deb aytiladi. Bu sharafli ro‘yxatni yana davom ettirishim mumkin. Bunday ishlar bilan tibbiyot tarixida qolgan olimlar o‘sha davlatning faxri, iftixori hisoblanadi. Nabi Majidov ana shunday olimlar sirasiga kiradi. Nabi Majidov – O‘zbekiston ilm-fani iftixori.

Nabi Majidov Bolgariyada (1970 yil)
Savol: Nega bunday olimlarni tibbiyot sohasidan boshqalar tanishmaydi. Masalan biz tibbiyotga aloqador gazeta bo‘lsak-da, nevrologiya dunyosiga tanilgan shunday olim borligini bilmas ekanmiz.
Javob: Bunga ajablanmasak ham bo‘ladi. Masalan, Fransiya nevrologiyasi fani asoschisi, dunyoda birinchi “Nevrologiya” darsligini yaratgan olim, Qirollikning shaxsiy vrachi bo‘lgan va “Nevrologiya Napoleoni” deb nom qozongan J.M. Sharkoni ham oddiy fransuzlar tanimagan bo‘lur edi. Olimlar shunday halq. Ular dunyoga tanilsa-da, oddiy halq bundan bexabar qolishi mumkin.

Savol: Siz sevib doimo tilga oladigan mashhur neyropsixolog A.R. Luriya 1970 yillari Toshkentga kelgan. Uni Nabi Majidov yurtimizga taklif qilgan degan edingiz. Shu haqda so‘zlab bersangiz.
Javob: Ha, aynan shunday bo‘lgan. Nabi Majidovich yurtimizda neyropsixologiya fanini rivojlantirish uchun 1970 yillari sayi-harakatlar boshlagan. Ularning shogirdlari Nakiya Akbarovna va Ubaydulla Omonullayevich neyropsixologiya bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyalarini ham yoqlashgan. Neyropsixologiya juda murakkab fan bo‘lib, uning asoslarini o‘rganishga hatto aksariyat nevropatologlar jazm qila olmaydi. Masalan, Siz nevrologiya sohasida bir necha yillar ishlab, shogirdlar chiqarasiz, dissertatsiya yoqlab fan doktori va professor bo‘lasiz, biroq neyropsixologiya sohasida ilmingiz sayoz bo‘lib qolaverishi mumkin.

Chunki neyropsixologiya oliy ruhiy funksiyalarni o‘rganuvchi o‘ta murakkab fan. Bu fanni egallash uchun ham nevrologiyani, ham psixologiyani mukammal o‘zlashtirgan bo‘lishingiz kerak. Men 2002-yili A.R. Luriyaning 100 yillik yubileyiga ketayotganimda Ye.D. Xomskaya nomiga Nabi Majidovdan ham xat olib borganman. Shu xat nusxasi hali ham yonimda. Menga Nabi Majidov “Neyropsixologiya o‘ta murakkab fan. Uni O‘zbekistonda rivojlantirsang juda zo‘r ish bo‘ladi. Birinchi neyropsixolog o‘zing bo‘lasan. Bu borada bizda doktorlik dissertatsiyasi yoqlanmagan hali. Senga oq yo‘q” deb fotiha berganlar.

Toshkent. Nevrologlar anjumani. Prof. N. Majidov tomonidan leptomeningit va xorioependimatit atamalari fanga kiritilayotgan payt
Savol: Nevrologiya sohasining yosh olimlari Nabi Majidov qoldirgan ilmiy merosdan foydalanishlari va undan o‘rnak olishi uchun nimalar qilish kerak?
Javob: Men kechagina bo‘lib o‘tgan Nevrologlarning Halqaro ilmiy anjumanida Nabi Majidovning ilmiy meroslari haqida ma’ruza qilib ba’zi takliflarni beruvdim. Qo‘shimcha ravishda yana quyidagi takliflarni kiritgan bo‘lur edim:
1) Toshkent tibbiyot akademiyasi “Nevrologiya” kafedrasiga Nabi Majidov nomini berish;
2) Nabi Majidov ishlarini xorij tillariga tarjima qilish;
3) Leptomeningit va xorioependimatit kasalliklarini yangi zamonaviy diagnostik algoritmlarini ishlab chiqish;
4) O‘zbekistonda 10 dekabrni (Nabi Majidov tavallud topgan kun) – “O‘zbekiston nevrologlari kuni” deb e’lon qilish; Masalan, 1 – dekabr Jaxon nevrologlari kuni;
5) Yangi tashkil qilinayotgan Nevrologiya Ilmiy markaziga Nabi Majidov nomini berish;
6) Yosh nevrologlar uchun Nabi Majidov nomida medal ta’sis etib, ushbu medal bilan Respublika Nevrologiya olimpiadasida g‘olib chiqqanlarni taqdirlash.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zarifboy Ibodullayev: "Akademik Nabi Majidov - Nevrologiya fani iftixori"