Mamlakat va jamiyat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida o‘rni bor. Shu ma’noda, milliy bayrog‘imiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi o‘rni hamda rolini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, har birimiz uchun iftixor timsoli hisoblanadi.
Agar tarixga nazar tashlasak, bayroq – insoniyat tarixini aks ettiradigan o‘ziga xos ramzdir. Xususan, dastlabki bayroqlar olis o‘tmish qa’rida, eramizdan avvalgi III-II ming yillikda paydo bo‘lib, ular qabilalarni bir-biridan farqlab ko‘rsatuvchi belgi sifatida qo‘llanilgan. Keyinchalik ular hukmdorlar, lashkarboshilarning hukmronligini bildiradigan ramzga aylangan.
Bizning hududimizda ham bayroqlar juda qadim zamondan paydo bo‘lib, biz ularni qadimgi adabiy yodgorliklarda, tasviriy san’at asarlarida ko‘rishimiz mumkin.
Sohibqiron Amir Temur saltanatida davlat tug‘i adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi hisoblangan. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari — tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu esa saltanat ramzlari nechog‘li baland maqom tutganidan dalolat beradi.
Davlat bayrog‘ida odatda, mamlakat tarixi, milliy qadriyatlari bilan bog‘liq muhim voqealar xususidagi turli ramziy suratlar aks ettirilgan. Hozirgi vaqtda davlat bayroqlarining bayoni barcha mamlakatlarda boshqa davlat ramzlari qatori qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni mamlakatimiz mustaqillikka erishgach qabul qilingan dastlabki qonunlardan biri hisoblanadi. Mazkur qonun Davlat bayrog‘ining shakli va tuzilishi, uning maqomi, undan qayerlarda va qanday foydalanish tartiblarini belgilab bergan.
Tegishli mutaxassislarning e’tirof etishicha, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzini bildiradi. Timsollar tilida bu - yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Bayroqdagi oq rang - muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritkichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli. Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar – vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liqbo‘lib, ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham. Yulduzlar barcha davrlarda ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador bo‘lib, o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.
2010 yil 24 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni mustaqil davlatchiligimizning muhim huquqiy asosi bo‘lgan davlat ramzlari to‘g‘risida qonunlarni ilg‘or xalqaro tajribaga moslashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Xususan, hozirgi zamon talablaridan kelib chiqib, tegishli tartib-taomillarni yanada takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, davlat ramzlarining ahamiyatini yanada yuqori darajaga ko‘tarilishi uchun asos bo‘ldi.
Mazkur qonunga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunning Davlat bayrog‘ini ko‘tarishga oid qoidalarni belgilovchi 5-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunning Davlat gerbi tasvirini aks ettirishga oid 4-moddasi yangi tahrirda bayon etildi. Ularda Davlat bayrog‘ini doimiy ravishda, bayram, saylov yoki referendum kunlarida, sport maydonlarida va boshqa joylarda ko‘tarish, shuningdek, Davlat gerbini davlat organlarining binolarida, xizmat xonalarida, qonun hujjatlari blankalarida, davlat organlari va tashkilotlarning muhrlari va hujjat blankalarida, boshqa ob’ekt va predmetlarda aks ettirish holatlari kengaytirildi va aniqlashtirildi.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan shaxslar nisbatan javobgarlik belgilanganligini aytib o‘tish lozim.
Ushbu kodeksning 2031-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 215-moddasida O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.
Bugun milliy bayrog‘imiz davlat idora hamda muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalari, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda.
1992 yilning 2 martidan boshlab davlatmizi bayrog‘i Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi binosida hilpirab turibdi. Davlatimiz bayrog‘i xalqaro maydonda mamlakatimizning o‘ziga xos o‘rni, mustaqilligimiz e’tirofi, xalqimiz g‘urur va iftixori timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ana shunday lahzalarda qalblarimizda shu bayroqqa, uning timsolida ona Vatanimizga bo‘lgan cheksiz hurmat, chuqur daxldorlik hissi jo‘sh uradi.
Darhaqiqat, dunyoda millat va elatlar, xalqlar va davlatlar ko‘p, lekin O‘zbekiston bitta. Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi. Chunki bayroq — hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzidir!
Anvar Eminov, Ravshan Nurmatov,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti mas’ul xodimlari “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”