14:23 / 04.02.2022
978

Odil sudlov orqali inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari muhofazasini kuchaytirish

Odil sudlov orqali inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari muhofazasini kuchaytirish
Sud odil sudlovning oliy nuqtasi, shu sababli uning rolini oshirish esa huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi qonuniy jarayon hisoblanadi, aynan shunday yondashuv tufayli sud-huquq tizimida oxirgi besh yil mobaynida amalga oshirilgan islohotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu davrni hech ikkilanmasdan sud-huquq tizimini isloh etishning yangi davri deb atash mumkin, boisi ushbu davrda sud-huquq tizimini liberallashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish, sud himoyasini ta’minlashda ortiqcha byurokratik to‘siqlar va tizimda mavjud bir qator kamchiliklarni bartaraf etish, sohani isloh etish, ma’muriy qonunchiligida insonparvarlik tamoyillarini kuchaytirishga yo‘naltirilgan ishlarning ko‘lami va miqyosi nihoyatda kengayib, yangi bosqichlarga ko‘tarilib, dadil qadamlar tashlandi.

Xususan, islohotlar samarasi o‘laroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4966-sonli Farmoni asosida ma’muriy sudlar tashkil etilib, ular zimmasiga davlat organlari va mansabdor shaxslarning qarorlari va xatti-harakatlariga huquqiy baho berishdek g‘oyatda muhim hamda mas’uliyatli vazifa yuklangandi.

Keyinchalik, ma’muriy sudlar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli Farmoni bilan takomillashtirilib, tuman (shahar) ma’muriy sudlari negizida ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etildi, bunda asosiy e’tibor nafaqat sudlarga bo‘lgan tashqi ta’sir va aralashuvlarni bartaraf etish, balki mazkur toifadagi ishlarning hajmidan kelib chiqib, butun respublika bo‘yicha sudyalar o‘rtasida adolatli ish hajmini taqsimlashga ham qaratildi.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 9 sentyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdidagi ma’ruzalarida odil sudlov, inson qadr-qimmati va huquqlari oliy qadriyat sifatida, sud-huquq sohasidagi islohotlarimizning asosiy mazmuni bo‘lib qolishi, mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimi takomillashtirilishi, bu borada ma’muriy sudlarning o‘rni va rolini kuchaytirish maqsadida, uning vakolatlari kengaytirilishi, shuningdek ma’muriy sudlarga davlat idoralari tomonidan yetkazilgan zararni qoplash va boshqa huquqiy oqibatlarga oid masalalarni hal qilish vakolati berilishini ta’kidlab o‘tishgandi, shundan kelib chiqib, davlat organlari tomonidan fuqaro yoki yuridik shaxs huquqlari buzilganda, ularni ma’muriy sud tomonidan samarali himoya qilishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator omillar mavjudligi inobatga olinib, ma’muriy sud ish yurituvini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish maqsadida 2022 yil 29 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchnini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-107-sonli Qarori qabul qilindi.

Ushbu Qarorga asosan ma’muriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda ma’muriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararni undirish talabini ham ma’muriy sudga bildirish huquqini taqdim etish hamda bunday talablarni ko‘rib chiqishni ma’muriy sudlar vakolatiga o‘tkazish, ma’muriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida yarashuvga erishish mexanizmlarini joriy qilish belgilandi.

Shuningdek, taraflarga, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha kelishuv bitimini tuzish huquqini berish, sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatishni taqiqlash, bunda da’vo arizasi, ariza, shikoyat yoki ishni ularni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish hamda ma’muriy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorida aniqlangan holatlar boshqa ishni ko‘rayotgan fuqarolik ishlari bo‘yicha sud uchun majburiy hisoblanishini belgilash, bir sud ishi doirasida ba’zilari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talabni birlashtirish taqiqlandi.

Bundan tashqari jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvar kungi PF-60-sonli Farmonlari bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi.

Mazkur Farmonda qayd etilganidek, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish, milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish nazarda tutildi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, kelgusida ushbu Farmon va Qarordan kelib chiqqan holda qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi hamda eng asosiysi ushbu o‘zgartishlar inson, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari muhofazasini kuchaytirish, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Sherkulov Sherzod Nurullayevich,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Odil sudlov orqali inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari muhofazasini kuchaytirish