date
views 2 566

Zafar Hoshimov Rossiya-Ukraina urushining Oʻzbekistonga ta'siri haqida nimalar dedi?

Zafar Hoshimov Rossiya-Ukraina urushining Oʻzbekistonga ta'siri haqida nimalar dedi?
«Korzinka.uz» supermarketlar tarmogʻi asoschisi Zafar Hoshimov Ukrainadagi voqealarning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ta'siri haqida gapirib berdi.

Hozirni oʻzida paydo boʻlgan muammolar

Logistika
Ukraina va Boltiqboʻyi davlatlari portlari Rossiya orqali keladigan hamma narsani qamrab oladi. Bularning barchasi uchun muqobil va ehtimol qimmatroq yoʻllarni topish kerak boʻladi.

Ba'zi mahsulotlar uchun bunday marshrutlarni topish imkonsiz. Masalan, Polshadan olma, Moldovadan kartoshka, Boltiqboʻyi davlatlaridan sut olib keldik. Rossiya, Belarus va Ukraina hududlaridan quruqlik orqali tashib oʻtdik. Bu tovarlar uchun muqobil yoʻnalishni oʻylab topish iqtisodiy jihatdan imkonsizdir.

Foto: Trans info
Rossiya portlari orqali dunyoning turli davlatlaridan olib kelingan yuk muammolari yuzaga keladi. Koʻplab dengiz liniyalari (xalqaro dengiz yuk tashish kompaniyalarining kemalari) Rossiya portlariga yuk tashishdan bosh tortadi. Rossiya savdo kemalari esa Evropa, Shimoliy Amerika, Yaponiya va Janubiy Koreya portlariga kira olmaydi.

Shu sababli barcha dengiz yuklari Qora dengizga, Bosfor boʻgʻozi orqali va faqat Gruziyaning Poti porti yoki Fors koʻrfazidagi Bander Abbos porti orqali oʻtkazilishi mumkin.

Ba'zi tovarlar uchun bu yoʻllar qimmatroq boʻladi. Boshqalarini esa narx va vaqt tufayli qabul qilinishi butunlay imkonsiz. Katta ehtimol bilan portlar yopilib qoladi yoki gavjum boʻladi.

Bank ishi
Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasida import uchun toʻlov va bizning eksportimiz uchun ushbu mamlakatlardan toʻlovlar Rossiya banklariga nisbatan qoʻllanilgan sanktsiyalar tufayli murakkablashadi.

Qayd etish kerakki, bu muammolar juda qisqa muddatli, chunki toʻlov haqida gap ketganda, qabul qiluvchi tomon har doim moslashuvchanlik va zukkolikni namoyon etadi va ularni qanday toʻlashning koʻplab variantlarini tezda taklif qiladi.

Biz yopiq pul tizimidagi boy hayot tajribasini hali unutganimiz yoʻq.

Etkazib beruvchilar
Rossiya va belaruslik etkazib beruvchilar bilan yanada murakkab muammolar yuzaga keladi hamda oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda bular oʻz ta'sirini koʻrsatadi.

Hozirda xom ashyo, texnologiyalar, materiallar, butlovchi qismlar bozorlardan ajralib chiqmoqda. Mahsulotlarning tarkibiy qismlari mahalliylashgunga qadar uzoq vaqt talab qilishi mumkin.

Foto: Mining
Biroq shunda ham ba'zilarini mahalliylashtirish imkonsiz. Natijada Rossiyada ishlab chiqarilgan hamda biz import qilayotgan ayrim tovarlarning tanqisligi va narxi oshishi kuzatiladi.

Koʻpgina muhim tovarlar uchun Rossiyaning oʻzi cheklovlar yoki eksport taqiqlarini joriy qiladi va afsuski, bu birinchi navbatda ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan tovarlar boʻladi.

Rossiya allaqachon bunday tovarlarning bir qatoriga qat'iy cheklovlarni joriy qilgan. Endilikda ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan tovarlarni ishlab chiqaruvchilar uchun ichki bozorda sotishdan koʻra oʻz mahsulotlarini eksport qilish foydaliroqdir.

Foto: Moneycontrol
Eksportning tez oʻsishi esa Rossiya hukumati tomonidan ichki bozorni ta'minlash maqsadida eksportni taqiqlash yoki cheklash shaklidagi reaktsiyaga sabab boʻlishi mumkin.

Ukrainaga yuboriladigan va Ukrainadan keltiriladigan barcha yuklar, albatta, toʻxtatiladi. Bu mahsulotlar va bozorlar endi muqobil topishlari kerak boʻladi.

Xizmatlar
IT, texnologiya, dizayn, marketing xizmatlari, ma'lumotlarni saqlash va uzatish xizmatlari, Ukraina kompaniyalari tomonidan koʻrsatiladigan texnik yordam ham vaqtinchalik toʻxtatilgan.

Bu ham yomon, chunki bunday yuqori darajada va arzon narxda ushbu xizmatlarni ukrainaliklardan boshqa hech kim taqdim qilmaydi.

Foto: The Borgen
Biroq ba'zi Ukraina kompaniyalari, harbiy harakatlarga qaramay, oʻz xizmatlarini onlayn amalga oshirishda davom etmoqdalar.

Bu allaqachon paydo boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri va oson bashorat qilinadigan muammolarning birinchi guruhi edi.

Yaqinda paydo boʻladigan katta muammolar

Rublning qadrsizlanishi
Bu migrantlarimizning daromadiga ta'sir qiladi. Rossiyadan naqd pul oʻtkazmalari qiyinlashadi. Rossiyada rezidentlar va norezidentlar uchun valyuta eksportiga cheklovlar allaqachon oʻrnatilgan.

Vaziyat keskinlashishda davom etsa, cheklovlar kuchaytirilishi va rubl yanada tushishi mumkin. Daromadlari rublda boʻlgan migrantlarimiz uchun bu toʻgʻridan-toʻgʻri pulni yoʻqotishdir.

Foto: Forbes
Men ushbu maqolani yozayotganimda, Rossiya banklari jismoniy shaxslar tomonidan valyutani sotish 30 foiz komissiya bilan amalga oshirilishi e'lon qilindi.

Keyinchalik bu komissiya 12 foizga kamaydi. Bu qadamlarning barchasi mehnat muhojirlarining mamlakatga pul oʻtkazmalariga sezilarli ta'sir koʻrsatadi.

Rossiya iqtisodiyoti chuqur sanktsiyalar ostida qoladi
Bu aholining ish oʻrinlari va daromadlari, jumladan, birinchi navbatda mehnat migrantlarining ham qisqarishini anglatadi. Migrantlarning pullari toʻgʻridan-toʻgʻri aholiga tushadi va kundalik iste'molning asosiy qismini tashkil qiladi.

Ya'ni sanktsiyalar aksariyat rossiyalik iste'molchilarning daromadlari va xarid qobiliyatiga ta'sir qiladi.

Rublning qadrsizlanishi oʻzbek soʻmining kursiga cheklangan boʻlsa-da, bosimni keltirib chiqaradi.

Bu bosim oʻzbek soʻmi 5-6 yil oldingiga qaraganda yaxshiroq diversifikatsiyalanganligi va noaniq oʻzgaruvchanlik davrida oltin narxining asosiy omillardan biri boʻlganligi bilan cheklanadi.

Jahon bozorida mamlakatga valyuta tushishi manbalari ortib bormoqda. Bu valyuta tushumlarining qisqarishini qisman qoplaydi va ma'lum darajada barqarorlashtiruvchi omil boʻladi.

Eksport tushumlari talabning qisqarishi va Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlarining toʻlov qobiliyatining pasayishi hisobiga kamayadi.

Foto: Anadolu
Bularning barchasi oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaga ta'sir qiladi. Bundan tashqari, inflyatsiya ichki bozordagi narxlar dinamikasi sababli emas, balki jahon narxlari tufayli sodir boʻladi.

Oʻtgan yilning oʻzidayoq yuqori emissiya, ishbilarmonlik faolligi va pandemiyadan keyin tovarlarga talabning keskin oʻsishi tufayli dollar inflyatsiyasi 6 foizdan ortiqni tashkil qildi.

Soʻm kursini barqaror ushlab turish qiyin va zararli boʻladi. Chunki kursni ushlab turish orqali biz oʻzimiz bilmagan holda an'anaviy bozorlarimizga eksport hajmini yanada kamaytiramiz.

Rossiyaning koʻpgina banklari va korxonalari Oʻzbekiston moliyalashtirish va investitsiya faoliyatini amalga oshirdi.

Ular yaqin yillarda likvidlikka ega boʻlmaydi va bu ham mamlakat iqtisodiyotidagi likvidlikka bosim oʻtkazadi, deb aytish mumkin. Shuningdek, iste'mol kreditlari hajmi va qiymati yaxshilanmaydi.

Yangi imkoniyatlar
Shu bilan bir qatorda yangi va kutilmagan imkoniyatlar ochilayotgan sohalar ham borligini ta'kidlash kerak.

1. Rossiya va Belarusdan mutaxassislar va tadbirkorlarni koʻchirish. Ushbu mamlakatlarning koʻplab vakillari oʻz vatanidan tashqarida yangi imkoniyatlarni qidirmoqda.

Bular IT-mutaxassislari, dasturchilar, ijodiy sektor, maslahatchilar, texnologlar, auditorlar, marketing, distribyutorlik, koʻngilochar biznes va chakana savdo boʻyicha mutaxassislar.

Bu bizning mehnat bozorimiz uchun juda yaxshi imkoniyat: aynan mana shunday mutaxassislarda bizda juda katta tanqislik bor.

2. Turizm. Hozir koʻplab davlatlar Rossiya hamda Belarus uchun yopiq va bizning mamlakatimizga sayyohlik hajmi oʻsishiga ishonchim komil.
Kecha bir rossiyalik Toshkentga «Betmen» haqidagi yangi filmning premerasini tomosha qilish uchun kelgan edi.

3. Aviatsiya rivojlanishi uchun ajoyib imkoniyatlar ochilmoqda. Deyarli barcha Rossiya aviakompaniyalari faoliyati cheklangan bir vaziyatda, koʻplab chegaradosh davlatlar ular uchun osmonlarini yopmoqda.

Foto: Uzbekistan Airways
Rossiya ustidan ham ucha oladigan bizning aviatsiyamiz uchun qancha imkoniyatlar ochilishini tasavvur qiling.

Nima qilish kerak?
1. Barcha oziq-ovqat va iste'mol tovarlariga import bojlari va aktsizlari bekor qilinishi zarur.
2. Bozorlarni va mahsulot turlarini, ham eksport, ham importni diversifikatsiya qilish lozim.
3. JSTga kirishni imkon qadar tezlashtirish va barcha davlatlar bilan erkin savdo shartnomalarini tuzish zarur.
4. Xalqaro huquq va davlatlararo shartnomalarga muvofiq barcha tranzit mamlakatlar, jumladan, birinchi navbatda Rossiya hududi orqali yuklarning toʻsiqsiz oʻtishini ta'minlagan holda mamlakatimizga olib boruvchi logistika yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish kerak.
5. Imkoniyat darajasida mehnat muhojirlarimiz uchun mehnat bozorlarini diversifikatsiya qilish kerak.
6. Rossiya va Belarusda bizning mehnat bozorimiz marketingini faollashtirish zarur.
7. Mutaxassislarni boshqa joyga koʻchirishni imkon qadar soddalashtirish kerak. Maxsus soddalashtirilgan viza rejimlarini, roʻyxatga olishning soddalashtirilgan tizimini, yashash va ishlash uchun ruxsatnomalarni berishni joriy qilish va buni barcha mutaxassisliklar boʻyicha amalga oshirish zarur.
8. Fuqaro aviatsiyasida reyslar va marshrutlar sonini havo transporti bozorini liberallashtirish hisobiga koʻpaytirish kerak. Bizning aviakompaniyalarimiz muvaffaqiyatga erishish uchun noyob imkoniyatga ega.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat