1 381
Muhokama yakunlandi. Jamoatchilik tanqidiga uchragan hukumat qarori loyihasining taqdiri nima bo‘ladi?
Yo‘l-patrul xizmati xodimlarini videotasvirga olish va ularni tarqatishni taqiqlashga oid hukumat qarori loyihasi muhokamasi 29 mart kuni yakunlandi. Xo‘sh, IIV tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu hujjat e’tirozlarga qaramay qabul qilinadimi yoki jamoatchilik fikri inobatga olinib bu taklifdan voz kechiladimi?
Keling, gap nima haqida ketayotganiga ikki og‘iz to‘xtalsak. Ma’lumki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar organlari xodimlari, shu jumladan, yo‘l-patrul xizmati inspektorlarini video yoki fototasvirga olish va ularni ijtimoiy tarmoqlarga joylashga hech qanday cheklov ham, javobgarlik ham yo‘q. Buni avvalroq ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ham tasdiqlagandi.
IIV tomonidan taklif etilgan loyihada esa xizmat vazifalarini bajarayotgan yo‘l-patrul xizmati xodimining foto va videotasvirlarini uning ruxsatisiz internetga joylashtirmaslik ko‘zda tutilgan. Xo‘sh, Ichki ishlar vazirligiga bunday tashabbus bilan chiqish nima uchun kerak bo‘lib qoldi?
Vazirlik axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov bu zaruratni yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari faoliyatini salbiy bo‘yoqlarda yoritish orqali daromad topishni kasb qilib olgan ijtimoiy tarmoq faollari, jumladan, avtoblogerlar tomonidan keyingi paytda tekshirilmagan, noxolis va hatto yolg‘on ma’lumotlar tarqatilayotgani, buning oqibatida esa asl haqiqatdan bexabar internet foydalanuvchilari Yo‘l patrul xizmati xodimlarini kamsituvchi haqoratomuz izohlar yozib qoldirishayotgani, buning ortidan ichki ishlar organi xodimining qadr-qimmati toptalayotgani bilan izohlangan.
G‘iyosovga ko‘ra, internetda tarqalgan video asossiz ekani ma’lum bo‘lganidan so‘ng aksariyat holatda Yo‘l patrul xizmati xodimini obro‘sizlantiruvchi materialni tarqatganlar videoni o‘chirishmaydi, shuningdek, biryoqlama, rasmiy idoralardan izoh olmay turib tarqatilgan videolarga yozib qoldirilgan izohlar ham yillar davomida saqlanib qoladi, bundan esa nafaqat xodimning o‘zi, balki yaqinlari ham ruhan eziladi. Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan voqea aslida boshqacha bo‘lgani ma’lum bo‘lganidan keyin ham hech kim inspektor va uning yaqinlaridan uzr so‘ramaydi.
Tan olish kerak, internetda asossiz ma’lumot tarqatuvchilar ko‘p. Xususan, Yo‘l patrul xizmat xodimlari va haydovchilar o‘rtasidagi tortishuvlarni dahshatli sarlavhalar bilan internetga joylaydiganlar, hattoki, videolarni kesib, uni ko‘rgan odamni junbishga keltiradigan shaklda montaj qilib tarqatayotganlar ham talaygina.
Ta’bir joiz bo‘lsa, maktab ko‘rmagan, axborot tarqatishning mas’uliyatini his qilmaydigan, sohaga oid qonunlarda huquqlar bilan birga majburiyatlar ham belgilab qo‘yilganidan bexabar bunday kimsalarni oqlab bo‘lmaydi. Lekin amaldagi qonunlarimizda yolg‘on axborot tarqatganlik, tuhmat qilganlik, ijtimoiy tarmoq yoki OAV orqali tekshirilmagan axborot tarqatish natijasida boshqa birovning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘yiga putur yetkazganlik uchun tegishli javobgarlik belgilangan.
Basharti YPX xodimlari shu darajada yolg‘on axborot qurboniga aylanayotgan ekan, qonunga zid ma’lumot tarqatayotganlarni sud orqali javobgarlikka torttirishga kim xalal bermoqda?
Qolaversa, YPX xodimlarini obro‘sizlantirishga uringan shaxslar tegishli jazosini olganligi holatlari ham bor. Ichki ishlar xodimlarini “ment” deb atagani uchun avtobloger Bobur G‘aniyev sud qarori bilan 15 sutkaga qamalgan edi.
Agar Ichki ishlar vazirligi tomonidan taklif etilayotgan norma kuchga kirgudek bo‘lsa, YPX xodimlari o‘zlarini tasvirga olishlariga butkul qarshi chiqishlari, bu esa ularning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham hukumat qarori loyihasiga qarshi chiqqan blogerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi faollar bu harakatni “yopiqlik tomon tashlangan qadam” deb atashmoqda.
2021 yilning may oyida Samarqand viloyati Paxtachi tumanida IIBning xizmat mashinasi tuman markazidagi asosiy ko‘chaga chiquvchi mahalla yo‘lini sababsiz to‘sib to‘xtagan, yo‘lga chiqa olmay qolgan haydovchi signal bergach, YHXB boshlig‘i kelib uning mashinasini jarima maydoniga joylashtirish haqida xodimiga topshiriq bergandi.
Mazkur holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Paxtachi tuman IIB YHXB boshlig‘i Maqsud Tog‘ayevning xatti-harakatlari keng muhokamalarga sabab bo‘lgan, natijada Maqsud Tog‘ayev hamda uning qonunga zid topshirig‘ini bajargan inspektorga nisbatan chora ko‘rilgandi.
Agar taklif etilayotgan loyiha shu tarzda tasdiqlangudek bo‘lsa, bu kabi holatlarda videoni tarqatishdan oldin YHXX xodimidan ruxsat so‘rash kerak bo‘ladi. Tabiiyki, u bunga rozi bo‘lmaydi va jamoatchilik tizimdagi qonunbuzarliklardan bexabar qolaveradi.
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov hukumat qarori loyihasiga nisbatan blogerlar va internet faollarining tanqidlariga munosabat bildirarkan, 2021 yilda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq 707 ta salbiy axborot tarqatilgan bo‘lsa, tekshirish natijasiga ko‘ra, ularning bor-yo‘g‘i 55 tasi o‘z tasdig‘ini topganini ochiqlagandi.
Darhaqiqat, 707 ta holatdan 55 ta holat tasdiqlangani 10 foizlik ham ko‘rsatkich emas. Biroq agar mana shu videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmaganda, yopiqlik qozon yopiqligicha qolib ketmasmidi? Kim ham tizimga “minus” bo‘ladigan axborotni ochiqlardi deysiz? Hech qaysi davlat organining axborot xizmati bunday yo‘l tutmasa kerak. Aynan jamoatchilik nazoratining mahsuli o‘laroq shuncha qonunga zid holat aniqlanganining o‘zi ham YPX xodimlarini tasvirga olishni cheklash mantiqsiz ekanini ko‘rsatib turibdi.
Uzoqqa bormaylik, yaqindagina Namangan viloyatida YHXB xodimi avtomashinasidan tushishni istamagan haydovchiga elektroshoker qo‘llagani aks etgan video tarqaldi. Holatga munosabat bildirgan viloyat IIB axborot xizmati bunga oddiy holat sifatida munosabatda bo‘lganini ko‘rish mumkin. Rasmiy bayonotga ishonilsa, haydovchi shantajchi, qonunbuzar, inspektor esa farishta.
Vaholanki, xodim bu harakatlari bilan amaldagi qonun talablarini qo‘pol ravishda buzgani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz’ning IIVdagi manbasi xizmatga oid tegishli buyruqda YPX xodimi ushbu holatda elektroshoker qo‘llashga haqli bo‘lmagani, u faqat faol qarshilik paytida qo‘llanishi mumkinligi belgilanganini bildirdi. Ichki ishlar organlari to‘g‘risida qonunda ham shu mazmundagi norma bor.
Internet faollarining ta’kidlashicha, Ichki ishlar vazirligining bunday tashabbus bilan chiqishiga sabab soha qonun-qoidalarini yaxshi bilmaydigan, o‘z ishining mutaxassisi bo‘lmagan, korrupsiyaga moyil YPX xodimlari ham borligidir. Fuqarolar tomonidan tarqatilayotgan videolar orqali ularning malakasizligi va qonunga zid harakatlari fosh bo‘lib qolmoqda.
“Ayrim paytda unvoni va lavozimi yuqori YPX xodimlari ham haydovchilar bilan munosabatda xatoga yo‘l qo‘yib, buning ortidan izza bo‘lib qolayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Qolaversa, xodimlar xizmat vakolatlaridan chetga chiqib, fuqarolarga kuch va tazyiq o‘tkazayotgan holatlar aks etgan videolar ham chiqib ketmoqda. Shu sababli IIV YPX xodimlarini videoga olishni taqiqlash orqali tizim obro‘yini saqlashga urinmoqda, nazarimda”, deydi bloger Sarvar Qurbonov.
Rasmiylar bugungi kunda barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari bodikameralar bilan ta’minlangani, agar fuqaro va inspektor o‘rtasida qandaydir nizo yuzaga keladigan bo‘lsa yoki xodim vakolatlari doirasidan chetga chiqsa, bunga bodikamera yozuvlari orqali aniqlik kiritish mumkinligini dastak qilib ko‘rsatishlari ham mumkin. Biroq inspektorlarning ishlamayotgan bodikameralar bilan yurgani tasdiqlangan qator holatlar aniqlangan, qolaversa, bodikamera tasvirlari hech qachon ommaga boricha namoyish etilmaydi. Buni Kattaqo‘rg‘onda YPX xodimlari soliqchining o‘limiga sababchi bo‘lgan holat misolida hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘ldik. IIV tomonidan tarqatilgan dastlabki axborotda bodikameralar yozib olgan tasvirlar montaj qilinib tarqatilgani, faqat suddagina voqea aslida qanday ro‘y bergani oydinlashdi.
Hozircha aytmoqchi bo‘lganlarimiz shular. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishdan maqsad fuqarolarning munosabatini bilish va shunga qarab qaror qabul qilishga qaratilgan. Shunday ekan, minglab e’tirozlarga sabab bo‘lgan hukumat qarori loyihasi qabul qilinadimi yoki jamoatchilikning fikrlari inobatga olinib, taklif rad etiladimi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Jamshid Niyozov
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vazirini qabul qildi
1 dekabrdan ichimlik va oqova suv uchun to‘lov faqat elektron shaklda amalga oshiriladi
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi