
Janubiy Koreyaning Busan shahrida AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Jinping o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv ikki davlat rahbarlari orasida 2019-yildan buyon ilk yuzma-yuz muloqot bo‘lib, Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘ylab Trampning besh kunlik safarining yakuniy nuqtasiga aylandi, deb xabar berdi reuters.com.
Uchrashuv Janubiy Koreya harbiy aerodromida bo‘lib o‘tdi va deyarli ikki soat davom etdi. Muzokaralar chog‘ida ikki eng yirik iqtisodiyot — AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo keskinligini yumshatish, tarif siyosati va strategik hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Donald Tramp suhbat avvalida: «Bizda juda samarali uchrashuv bo‘ladi, bunga shubham yo‘q. Ammo u (Si Jinping) juda qattiq muzokarachi ekanini yaxshi bilaman», — deb ta’kidladi. Si esa bu so‘zlarga jiddiylik bilan munosabat bildirib, “ikki yetakchi iqtisodiyot o‘rtasida ba’zan kelishmovchiliklar bo‘lishi tabiiy hol”, dedi.
Xitoy rahbariga ko‘ra, ikki davlat savdo delegatsiyalari so‘nggi kunlarda “asosiy masalalarda muhim kelishuv”ga erishgan. «Men prezident Tramp bilan Xitoy–AQSH munosabatlari uchun mustahkam poydevor yaratish ustida ishlashga tayyorman», — deya qo‘shimcha qildi u.
Uchrashuv yakunida Tramp va Si yana bir bor qo‘l siqishib, bir-birini samimiy tarzda kuzatdi. Rasmiy manbalar muzokara tafsilotlarini hozircha ochiqlamagan bo‘lsa-da, ekspertlar bu muloqotni ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda “yangi bosqich” deb baholamoqda.
Muzokaralar fonida jahon fond bozorlari ijobiy reaksiya bildirdi. Xitoy birjalari so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi, yuan esa dollarga nisbatan bir yillik maksimumni qayd etdi. Bu holat investorlarning ikki davlat o‘rtasidagi savdo keskinligi pasayishiga bo‘lgan ishonchini kuchaytirdi.

Shu bilan birga, Tramp muzokaralar davomida Xitoyga nisbatan joriy etilgan tariflarni qisman kamaytirish niyatini bildirdi. Evaziga Pekin AQSHda keng tarqalgan sintetik narkotik fentanil ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan kimyoviy moddalarning eksport oqimini to‘xtatishga rozi bo‘ldi.
Tramp shuningdek, AQSHda taqiqlanishi mumkin bo‘lgan TikTok ijtimoiy tarmog‘i bo‘yicha ham kelishuvga yaqin ekanini ma’lum qildi. Reuters’ning xabar berishicha, Xitoy bu muzokaralarda fentanilga qo‘yilgan 20 foizlik tarifni bekor qilish, AQSHning ilg‘or texnologiyalar eksportiga bo‘lgan cheklovlarni yumshatish va Xitoy kemalariga qo‘yilgan yangi port to‘lovlarini bekor qilishni so‘ragan.
Hafta oxirida AQSH moliya vaziri Skott Bessent Xitoy delegatsiyasi bilan qo‘shimcha muloqot o‘tkazib, noyob yer metallariga nisbatan joriy qilingan eksport nazoratini bir yilga kechiktirish masalasini muhokama qilgani ma’lum qilindi. Bu mahsulotlar AQSHning yuqori texnologiya sohalari uchun juda muhim ahamiyatga ega.

Trampning Osiyo safarining asosiy maqsadlaridan biri — noyob yer metallari bozoridagi Xitoy monopoliyasini cheklash edi. U Yaponiya va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan bu yo‘nalishda yangi hamkorlik bitimlarini imzolab, strategik resurslar bo‘yicha diversifikatsiya qilishga qadam qo‘ydi.
Vashington uchrashuvni kelgusidagi muzokaralar va ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari uchun “ishonchli poydevor” sifatida baholamoqda. Muttaxassislar fikricha, agar bu jarayon izchil davom etsa, AQSH va Xitoy munosabatlaridagi keskinlik asta-sekin yumshab, jahon iqtisodiyoti uchun barqaror muhit yaratilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!