
Angliya chempioni “Liverpul”da jiddiy o‘zgarishlar boshlanmoqda. So‘nggi haftalardagi mag‘lubiyatlar va nochor o‘yinlardan so‘ng bosh murabbiy Arne Slot jamoada tarkibiy qayta qurishga qaror qildi. Mersisayd klubidagi bu jarayon ko‘plab futbolchilar taqdiriga ta’sir etishi mumkin.
Eng katta o‘zgarishlardan biri — italiyalik hujumchi Federiko Keza bilan bog‘liq. Undan jamoa yaqin haftarda rasman qutilmoqchi. Arne Slotning qaroridan ma’lum bo‘lishicha, klub Kezadan voz kechishga tayyor.
Keza 2024-yilning yozida “Yuventus”dan “Liverpul”ga ko‘p umidlar bilan kelgandi. O‘sha paytda muxlislar uning hujum chizig‘ida jamoaga yangi kuch, dinamizm va ijodkorlik bag‘ishlashini kutgan edi. Ammo hayot bu umidlarni oqlamadi.
Futbolchi debyut mavsumida o‘zini to‘liq ko‘rsata olmadi — barcha musobaqalarda jami 14 marta maydonga tushib, ta’sirli natija qayd etmadi. Uning o‘yini ko‘pincha nomutanosib bo‘ldi, jamoaviy tizimga moslasha olmadi va Slot qo‘llayotgan tezkor pressing uslubiga to‘liq mos kelmadi.
Joriy mavsumda ham vaziyat yaxshilanmadi. Federiko bu vaqtga qadar bor-yo‘g‘i 9 uchrashuvda maydonga tushdi va jami 245 daqiqa o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Uning hisobiga ikki gol va uchta assist yozilgan, ammo bu ko‘rsatkich “Liverpul” miqyosidagi jamoa uchun juda kam deb baholanmoqda.
Arne Slot matbuot anjumanida Kezaning o‘yini haqida gapirar ekan, “U yaxshi futbolchi, ammo hozirgi taktik falsafamizga mos kelmayapti. Biz jamoa manfaati uchun eng to‘g‘ri yechimni topishimiz kerak”, — degan fikrni bildirdi.
Bu qarordan so‘ng Keza agentlari boshqa klublar bilan muzokaralarni boshlagan. Italiya va Ispaniya klublaridan qiziqish borligi xabar qilinmoqda. Futbolchining o‘zi ham 2026-yil yanvar oyida muntazam o‘yin amaliyoti topish uchun boshqa jamoaga o‘tishga tayyorligini bildirgan.
Shu bilan birga, agar qishki transfer amalga oshmasa, Keza yozda yana bir bor klubni almashtirishga urinmoqchi. “Liverpul” esa u ketgan taqdirda uning o‘rnini yosh, faol va tizimga mos hujumchi bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, Slotning bu qarorlari klubda yangi davr boshlanishidan darak bermoqda. U jamoani qayta qurishni, taktik balansni yaxshilashni va aniq reja asosida “Liverpul”ni yana Yevropa cho‘qqilariga qaytarishni maqsad qilgan.
Keza uchun esa bu qaror yangi boshlanish bo‘lishi mumkin. U o‘zining “Yangi men”ini boshqa chempionatda namoyish etish imkoniga ega bo‘ladi. Shu bilan “Liverpul” ham, Keza ham yangi sahifani ochishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!