8 837
Ozodbek Nazarbekov «ko‘cha qo‘shiqlari», mumtoz ohanglar, ma’naviyatsiz san’atkorlar va hamma «dod» deb yuboradigan holat haqida
Qo‘shiqchilik san’atimiz xazinasi juda boy. Ko‘p asrlik musiqiy merosimiz yo‘qolib ketmasligi uchun mumtoz ohanglar uyg‘unligida bastakoru xonandalar yangi-yangi qo‘shiqlar yaratib kelmoqda. Yaxshi qo‘shiqqa esa hamisha ehtiyoj katta. O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov kuylagan qo‘shiqlar nafaqat milliy bayramlarimiz, balki to‘y-tantanalarimizga ham fayzu tarovat bag‘ishlab turibdi. U o‘ziga xos xonish bilan mumtoz she’riyatimizning durdonalaridan bo‘lmish Bobur Mirzo g‘azallari asosida aytgan ashulalari elga manzur bo‘ldi. Yaxshi qo‘shiq yaratish uchun, hech shubhasiz, iste’dod kerak, lekin o‘z ijro talqiniga ega bo‘lish, ayniqsa, mumtoz ashulalarning matnini to‘g‘ri va aniq talaffuz qilish, shunga qarab ovoz diapazonini sozlash uchun iste’dodning o‘zigina kifoya qilmaydi, chuqur bilim va mehnat ham kerak.
– Iste’dod Yaratgan tomondan insonga berilgan ilohiy ne’mat. Bu kuchni to‘g‘ri yo‘lga boshqarish uchun o‘tkir zehn va imkon kerak. Meni san’atga etaklagan qudrat ham musiqaga bo‘lgan cheksiz mehrim – o‘ziga tortgan, sehrlagan va hayotim mazmuniga aylangan, – deydi biz bilan suhbatda el ardog‘idagi san’atkor Ozodbek Nazarbekov. – Oilamizda san’atkor bo‘lmagani uchun ota-onam meni turli sohalarga yo‘naltirgan. Lekin qalbim doim san’at bilan urgan, qachondir, qayerdadir orzularim ushalishiga ishonganman, yurakdan kuylashga harakat qilganman, ovozim qalblarga etib borishiga umid bog‘laganman. Bolalik va o‘smirlik chog‘larim kechgan vodiy azaldan olimu shoirlar, san’at ustalari, hunarmand va rassomlarning beshigini tebratib kelgan. Shahrixondagi kosiblar mahallasidan tortib, tandir-o‘choqchi, pichoqchilarning ustaxonalarigacha borib, ularga shogird tushganim, ijodidan ilhomlanib qo‘shiq xirgoyi qilganlarim, borgan sari san’at kuchini his etganim – o‘n besh yoshimda qo‘shiqchi bo‘lishim kerakligini uzil-kesil hal qilishimga madad bergan. To‘g‘ri, qo‘l hunarining ham o‘ziga xos jozibasi bor. Ayniqsa, ustalar yasagan buyumlar tabiiyligi bilan betakror. Qo‘shiq esa boshqa bir olam.
San’atning qaysi yo‘nalishida kuylashingizdan qat’iy nazar, qo‘shiqdan qo‘shiqqa yuksalib borasiz, har bir qo‘shiq mo‘’jizalar mo‘’jizasi bo‘lib tuyilaveradi. Ustoz san’atkorlarning ijod maktabidan bahramand bo‘lib, ulardan o‘rgangan ashula va ijro yo‘llarini o‘z ovozim bilan boyitishga harakat qilyapman. Agar ijod yo‘lida qanday muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsam, avvalo, hunar o‘rganish jarayonida odamlarning ma’naviy ehtiyoji, ichki dunyosi va orzu-umidlarining ichida yashaganim, o‘zimni butunlay san’atga topshirganimda, deb bilaman. Har bir qo‘shig‘im avvalgisidan yaxshiroq, bunisi undan ham kuchliroq bo‘lishi, eshitgan odamning dili, vujudi, ruhini ko‘tarishi uchun izlanaman. Ilhom manbai xalqim. O‘zidan olib kuchni o‘ziga berish – qalbimga cheksiz quvonch bag‘ishlaydi.
– San’atkorning jamiyat oldidagi vazifasi ham buyuk. El-yurt sharafiga esa qo‘shiqchilik taqdiriga yozilgan, hayot sinovlariga yengilmagan, og‘ir kunlariga chidagan insongina munosib ko‘riladi. Buni o‘ziga yorliq qilib, ayni chog‘da, san’atkor bo‘lolmasdan umrini behuda sovurayotganlar ham yo‘q emas. Lekin siz Xudo bergan iste’dod va mashaqqatli yo‘llar bilan shu kunlarga etib kelganingizni yaxshi bilamiz. Bugun ana shu yuksak sha’nni himoya qilish ham oson bo‘lmayotgani, buning zamirida Vatanga cheksiz muhabbat, san’atga baxshida umr, qolaversa, katta fidoyilik yotgani haqida so‘zlab bersangiz.
– Polvonlar elu yurt sha’ni bilan birga, o‘zining or-nomusini ham himoya qilish uchun maydonga tushadi. Ijod maydoniga shunchaki hordiq chiqarish yoki sayr qilish emas, ko‘chadagi shovqinlardan qudratli, so‘zdan ham kuchliroq tuyg‘ularni oliy darajaga olib chiqish, san’atning sehri, jozibasi, ilohiy mo‘’jizasini qalblarga olib kirish uchun kiriladi. Xizmatimizning buyukligi ham aynan – shunda. Bu yo‘lda sadoqat ham, xiyonat ham bir qadam turadi. U yoki bu sabab el nazariga tushish yoxud bundan mosuvo bo‘lib qolish hech gap emas. Chunki har bir qo‘shiq san’atkorning ma’naviy qiyofasini belgilaydi. Til, madaniyat, adabiyot va san’atdagi o‘zgarishlar millionlarning did va saviyasiga qaysidir ma’noda ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Gohida o‘ylab qolaman: vaqt o‘tib, biz kuylagan qo‘shiqlar musiqa merosimizdan munosib joy olarmikan?! Bugun tinglovchiga o‘zi qanday kuy-qo‘shiqlar yoqadi? Mumtozmi, an’anaviymi, zamonaviy?
Yillar, asrlar o‘tib, qay biri boqiy qoladi, qaysinisi unutilib ketadi?! Turfa xayollar bilan san’atga, madaniyatga munosabati yuksalib borayotgan xalqning ma’naviy ehtiyojlari bilan qiziqaman. To‘g‘ri, hammaning bir xil ko‘nglini olish qiyin. Lekin san’atkor o‘z nomi bilan san’atkor! Sahna, ijod, hayotda bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, odamlar tafakkurida noxush iz qoldiradigan xatti-harakatlar qilish – bizga e’tiqod qo‘ygan muxlislarga xiyonat, deb bilaman. Chunki xalqimiz o‘zining peshqadamlarini baland e’tiqod bilan yaxshi ko‘radi, ijodini katta qiziqish bilan kuzatib boradi. Masalan, quvonchli kunlarida xizmatga borganimizda, oyog‘imiz ostida qo‘y suyishlari yoki endigina tug‘ilgan chaqalog‘ini qo‘limizga berishlari, shaxsan tanish bo‘lmasada, ismimizni havas bilan farzandiga qo‘yishlari – qaysi millatda bor bunaqa mehr-oqibat!
Elkamizda ana shu sof tuyg‘ularga xiyonat qilmaslik burchi ham turibdi. Ko‘pincha yosh san’atkorlar bunga nopisand qarashi yoki bundan haddidan oshib ketishi – boshqalarni ham beburd qilib qo‘yayapti. Ba’zida esa muxlislar haqiqatning tagiga chuqur etib bormasdan, o‘zi qadrlab kelgan san’atkorni el-yurt oldida noqulay vaziyatga solib qo‘yayotgani hafsalamizni pir qiladi. Bir qaraganda, bosiqlik, xushmuomalalik, fidoyilik, olijanoblik osondek tuyuladi. Lekin bu hayotdagi eng mushkul va juda zarur bo‘lgan insoniy fazilatlardan biri. Ayniqsa, san’atkorning irodasi po‘latdan bo‘lishi kerak. Taqdir bizga shuncha obro‘-e’tibor, el nazariga tushishdek baxtni nasib qilgan ekan, zamondoshlarimiz talabi, ha, talabidan kelib chiqqan holda ijod qilishga majburmiz. Lozim topilganda, o‘zimizning hoyu havaslardan balandda turib, oromdan kechib bo‘lsada, faqat go‘zal kuy va qo‘shiqlarni hukmiga havola etishdan to‘xtamasligimiz kerak.
Bizdan qoladigan narsa shu! Ayrimlar buning mohiyatiga etmasdan: «…men erkin odamman, sahnaga o‘zim istagan kiyimda chiqaman yoki xohlagan gapimni gapiraman», deb o‘z bilganidan qolmasligi tarbiyasizlikdan boshqa narsa emas. Yasamalik, sun’iylik, kibr-havo insonga hech qachon obro‘ keltirmagan, bundan keyin ham keltirmaydi.
Istiqlol sharofati bilan xalqimizning buyuk orzulari ushaldi. Dunyoga o‘zligimizni namoyon etish uchun jahon darvozalari ochildi. Bu eshiklardan ilm, fan, texnika yangiliklari bilan birga, «ommaviy madaniyat» niqobi ostida ma’naviyatimizga yot tushunchalar, beparda musiqiy ohanglar, qiliqlar, o‘ta zamonaviy kiyimlar ham kirib kelgani hech kimga sir emas. Yoshlarimiz barchasini ko‘r-ko‘rona o‘zida sinab ko‘rayotgani, ehtirosu jazavalarga berilib sahnadan tortib, ekrangacha olib chiqayotgani, bundan hatto ota-onalari ham xijolat chekayotgani tashvishlanarli hol, albatta. Bunga qat’iyan yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Hali ham imkon bor. Agar “O‘zbekkonsert” qoshida ma’naviyat kursi tashkil etilib, unga ma’naviyatimizning targ‘ibotchilari taklif qilinsa, ular yosh estrada xonandalari bilan muntazam ravishda muloqot olib borishsa, bunday bema’niliklar o‘z-o‘zidan barham topishiga ishonaman. San’atni sevgan insondan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Vazifamizning ulug‘ligi ham shunda.
– Bugun qo‘shiqchilikka katta san’at cho‘qqisidan qaralayotgani bejiz emas. Siz kabi ertasi bor san’atkorlar ko‘p. Lekin aksariyatida so‘zni his qilish, undan o‘z o‘rnida foydalanish mahorati etishmasligi chetdan qaragan odamga bilinadi. Buni musiqa ohangi yoki raqs bilan o‘tkazib yuborish mumkin. Ammo ko‘ngilga o‘tirmagan narsa baribir to‘qmoqdek turaveradi. Bu boshqalarni ham chalg‘itishi mumkin. Siz yuqorida ta’kidlagandek, ayrim yoshlarimiz eshik ochilgan paytda san’atga kirib kelgan har xil uslublarni qay biri qiziqroq, qaysini xalq tezroq qabul qiladi, deya shoshilib, so‘z, ovoz ustida ishlamay qo‘ydi. Asosan, ularni musiqiy ritmlar tortib ketayapti. Boz ustiga, bu kuylar ham o‘zimizniki emas.
– Bunga javob berish ancha mushkul, negaki, bu gaplar haqiqat, juda ko‘p muhokama qilingan, ammo haligacha ijobiy tasdig‘ini topmagan. Bugun san’at ahli o‘z ijodi bilan ma’naviyatimizning yuksalishiga xizmat qilyaptimi yoki sayozlashib ketishiga, degan savolni avvalo, har birimiz o‘zimizga berishimiz kerak. Jamiyat oldidagi burchimiz hayotdan doim oldinda yurish, zamon bilan hamnafas ijod qilishdan iborat. Xo‘sh, bu vazifani kim qanday bajarayapti?! o‘alvir suvdan ko‘tarilganda, yana kimdir dakki eshitadi, litsenziyasi olib qo‘yiladi, ko‘plarning bundan norozi ekani yuzidan sezilib turadi. Nega shuncha qat’iy choralar bilan ham sohamizdagi kamchiliklar bartaraf bo‘lmayapti? Keyingi yil, undan yanagi yil yosh san’atkorlar yana shu muammo bilan kelyapti, matbuot ham bu masala bilan jiddiy shug‘ullanayapti, lekin barcha harakatlar zoe ketayapti.
Menimcha, bu tanglikdan chiqishning bir yo‘li bor. Aniq taklifga o‘tsak, yurtimizda qanchadan-qancha ovoz yozish studiyalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bunga joylardagi mutasaddilar ruxsatnoma bergan, lekin bu erda tayyorlanayotgan SD va DVD albomlarning sifati bilan shunchaki yo‘ligagina ham qiziqishmaydi. Ularga faqat studiyalardan keladigan daromad muhim, «ko‘cha qo‘shiqlari» uchun “O‘zbekkonsert” javobgar bo‘lib qolyapti. Unga esa maza-matrasiz xirgoyilarni doim nazorat qilib borish uchun vakolat berilmagan. Nazarimda, respublikamizdagi barcha ovoz yozish studiyalarini “O‘zbekkonsert” o‘z ixtiyoriga olgani ma’qul. Mayli, hokimiyat tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, bo‘sh disklarni ko‘paytirish uchun litsenziya beraversin, ammo ichidagi mahsulot uchun “O‘zbekkonsert” ruxsatnoma berishi shart. Agar ijodiy studiyalar nizomiga o‘zgartirish kiritib, o‘sha erdan bir shoir, bir bastakor, bir muharrir maosh oladigan darajada qancha tez sharoit yaratib berilsa, shuncha chalajon qo‘shiqlar tug‘ilmasdan bartaraf etiladi.
San’at haqida hali dunyoqarashi shakllanmagan, ijod maydoniga endi kirib kelayotgan yoshlardan chinakam san’at, katta madaniyat, umuman, etuk shaxsni talab qilish befoyda, deb o‘ylayman. Ulardan talab qilinsa, bular bir narsani biladi, demak, qayerdadir kamchiligim bor demasdan, “buning nimasi yomon, hamma o‘zi qo‘shiq yozib, o‘zi klip olib, o‘zi ommaga tarqatayotgan bo‘lsa”, degan turfa xayollar bilan e’tiroz bildirishi tayin. Bilmaydiki, bugun ommaviy bo‘lib tinglanayotgan narsani ertaga birov eshitadimi, eshitmay qo‘ysa ham unga hech narsa emas. Radio, televidenie bermasa, internet bor. Virtual olamda esa nazorat yo‘q. Qo‘shiq tarqatishning imkoniyati cheksiz va yo‘llari ko‘p. Agar ularni ovoz yozish studiyalarida tarbiyalab borsak, bir-ikki yil ichida bugungi ahvol o‘nglanib ketadi.
– Yurtimizda uch yuzdan ortiq musiqa maktablari, qancha madaniyat va san’at kollejlari, oliy o‘quv yurtlari mavjud. Ularda oddiy bolalar tahsil olayotgani yo‘q. Hammani norozi qilayotgan ana shu muammolarni o‘sha erda hal qilishning iloji bormi? Agar bo‘lsa, bunga nima xalaqit berayapti?
– Albatta, san’at ta’lim maskanlarida iste’dodli bolalar tahsil olayapti, lekin shunday qobiliyat egalari ham borki, ularga yoshligidan e’tibor berilmagan. Deylik, bunga oilaviy sharoiti yo‘l qo‘ymagan. U o‘n sakkizga kirganda, san’atkor bo‘lishga ahd qildi. Tug‘ma talant, musiqaga mehri baland, san’atni hayotidan ortiq sevadi, shundan boshqa kasb qo‘lidan kelmaydi. Radio, televideniega chiqolmasa ham to‘ylarda yoki shunchaki ijodiy davralarda qo‘shiq aytib o‘zi uchun o‘zi kurashib yuribdi. Agar u o‘zini san’atga bag‘ishlayman desa, biz uning yo‘lini to‘solmaymiz. Garchi ilmi, saviyasi, mahorati yuksak darajada bo‘lmasada, unda bir gap bor. Ehtimol, o‘sha san’atkor olis kelajakka etib boradigan qo‘shiqlar yaratib, san’atimiz obro‘-e’tiborini yuksakka ko‘tarar. Biz buni ham bilmaymiz. Yana o‘sha gap.
Agar ularni joylardagi ovoz yozish studiyalarida tarbiyalab borsak, yaxshi qo‘shiqlar ko‘payishi, ijodiy jarayon ham o‘nglanib ketishi mumkin. Ular xom-xatala narsalari bilan davramizga suqilib kirmasdan turib, yonimizga chorlasak, tinglasak, tarbiyalasak, qo‘llasak, asrasak, o‘zi yo‘lini topib ketadi. Azaldan Sharqda o‘qiganlardan shogird tushgan san’atkorlar peshqadam bo‘lib kelgan. Chunki ular ota-bobolari qonidagi san’atni yuzaga olib chiqadi. Mana siz ham mumtoz ohangdagi ashulalar boqiyligi haqida gapirayapsiz, lekin meni ko‘proq bularni maromiga etkazib kuylaydigan san’atkorlar qoldimi, degan savol qiynaydi. «Ushshoq», «Dugoh», «Segoh», «Guluzorim»larni qizg‘onib o‘zimizniki deganimiz bilan teranligini anglamasak, bundan bizga qanday naf bor? Afsus bilan aytamanki, mumtoz kuy va ashulalarimizdan uzoqlashib ketayapmiz. Chunki qoyil qilib ijro etadiganlar kam.
– To‘g‘ri, hozir mumtoz ohangdagi ashulalarni boshqani qo‘ya turing, hatto o‘zimiz ham eshitmay qo‘ydik. Nahotki, milliy ohanglarimizni tushunmay qolish darajasida saviyamiz tushib ketgan bo‘lsa?! Ota-bobolarimizdan qolgan plastinkalarni asrab yurganimiz bilan uni tinglamasak, anglamasak, kim tinglaydi, kim anglaydi? Nega o‘zligimizni saqlab qolishga harakat qilmayapmiz?
– Juda og‘riqli, alamli, yurak qoni bilan yaralgan ohanglar, ne-ne zahmatlar evaziga xalqimizga qaytarilgan shunday boy xazinaga hech kim intilmasa! Xudo bergan san’atimiz bor, bundan unumli foydalana olmayapmiz. Ayniqsa, maqom yo‘nalishidagi ashulalar jar yoqasiga kelib qoldi. Hozir buni tushunadigan, ijro etadigan san’atkorlarni tarbiyalash osonmas. Lekin aytib qo‘yay, bolaligimizda to‘yga borsak, o‘ldim deganda, besh-oltita mumtoz ashula aytilardi. Mehmonlar ohangiga chayqalib o‘tirar, o‘rtada ozgina o‘yin-kulgi bo‘lar, undan keyin yana klassikaga o‘tilardi. Hamma bu qo‘shiqlarni teran anglab etmasada, hofizlarimiz jon-jahoni bilan kuylardi. Har holda, men shunday ijodiy muhitda ulg‘ayganman. Ularga g‘oyibona ergashganim an’anaviy ijro yo‘lini tanlashimda qandaydir ko‘prik bo‘lgan.
Hozir bu narsalar «urf»dan chiqib ketdi. Oddiy misol, hozir to‘yga borib, «Qora ko‘zim» yoki “o‘amzasin sevding ko‘ngul”ni aytishdan boshlasak, mehmonlar har tomonga tarqab ketadi. Boshqani qo‘ya turing, mumtoz ohangdagi ashulalarimizni hatto o‘zimiz ham eshitmay qo‘yayotganimiz haq gap. Chunki maqom bitta doira bilan tanburda qolib ketdi. Masalan, opera san’ati dunyoga kelgan paytida ham zamonaviy cholg‘u asboblari bo‘lmagan. Lekin u yillar davomida orkestr bilan zamonaviy qilib kiyintirildi. Agar maqomimiz ham orkestrga o‘tkazilib, milliy kuylarimizdan birortasini yuzta skripkachi chalsin, hamma «dod» deb yuboradi. Dunyodagi mashhur san’at saroylari — “La Skala” deysizmi, «Kreml teatri»mi, bundan qat’i nazar, mumtoz kuylarimizni g‘arbliklar ham yaxshi ko‘rib eshitadigan holatga keladi.
O‘zining milliy kuy-qo‘shiqlari, cholg‘u asboblariga ega bo‘lgani bilan Ozarboyjon, Eron, Hindiston ham zamonaviy san’at asboblaridan o‘z o‘rnida foydalanyapti. Hatto arablar mumtoz qo‘shiqlarini orkestr jo‘rligida ijro etyapti. Bizning boshqalardan nima kamimiz bor desak, milliy ohanglarimizni joyiga qo‘yib kuylash, avj pardasi qayerda ko‘tarilishi yoki musiqiy ritmi joylashishini bilish uchun milliy notalarga ehtiyoj seziladi. Bir paytlar Forobiy bobomiz bizga buni yaratib bergandi, faqat qog‘ozda saqlanib qolmagan. XII—XVIII asrlarda millatlarning kuy-qo‘shiqlari ro‘yxatga olina boshlaganda, san’atimiz boshqa xalqlar tomonidan isloh qilingan. Milliy cholg‘u asboblaridan tortib, ashulalarimizgacha pianino notalariga moslashtirilgan. Abdurauf Fitrat o‘zbek klassik musiqasi deb shashmaqomni aytgani uchun millatchilikda ayblangan. Ustozimiz Yunus Rajabiy buni endi qog‘ozga tushirishni boshlaganda, sho‘ro tuzumi yo‘l bermagan.
Hatto Turg‘un Alimatov tanbur chalgani uchun javobgarlikka tortilgan. Cholg‘u asboblari ichidan tanburni yasama, soxta, deb chetlashtirishgan. Vaholangki, o‘zbek ohanglarini tanbur to‘liq chiqarib bera oladi. Hazrat Navoiy davridan to hozirgacha kuylanib kelinayotgan g‘azallar o‘zimizning o‘sha notalarda yozilgan. Masalan, «Qora ko‘zim» ohangi Evropa notasida yo‘q, istagan taqdirda ham buni chiqarib berolmaydi. Umuman, maqom butun er yuzida yo‘q. O‘zbek milliy notasini qayta ko‘rib chiqish zarur. Rajabiylar xonadoniga borganimda, farzandlari bilan shu borada ko‘p gaplashamiz. Oramizda buni tushunadiganlar juda oz qoldi. Nazarimda, biror institut qoshida ilmiy laboratoriya tashkil etilib, barcha mumtoz asarlarni bir joyga to‘plash, katta hofizlarning ijodiy maktabini o‘rganish, musiqiy merosimizni tiklashni yo‘lga qo‘yish kerak.
Hech bo‘lmasa, san’atimiz fidoyilari qardosh mamlakatlarga borib, ular milliy san’atini qanday asrab qolganini o‘rganib kelish, tilimizda boru nazariy asoslari qog‘ozga tushmagan musiqiy ritmlarni joyiga qaytarishga bosh-qosh bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki Forobiy, Fitratlar yonib-kuyib yaratgan, tiklashga harakat qilgan notalarning aksariyati o‘sha mamlakatlarning san’atida saqlanib qolgan. Bunga juda ko‘p narsa kerakmas, shunchaki fidoyilik, jonbozlik va e’tibor bo‘lsa kifoya. Shunda hammasi o‘z o‘rniga tushib ketadi.
– Bugun ommaviy axborot vositalarisiz hayotimizni tasavvur qilolmaymiz. TVdan musiqiy merosimizni targ‘ib etish maqsadida ko‘pincha madaniy ko‘rsatuvlarga san’atkorlar taklif etiladi. Ular hayoti, ijodidan tashqari, lozim bo‘lganda, bittadan mumtoz ashulalardan aytib bersa, o‘sib kelayotgan avlodning qulog‘i mumtoz ohanglarimizni tinglashga o‘rganardi. Nega shunday bo‘lmayapti?
– Bu bilan dardxonamni ochib yuborayapsiz. To‘g‘ri, TVda san’atimizni targ‘ib qilish imkoniyati cheksiz. Lekin targ‘ibotni bog‘cha, maktabdan boshlashimiz kerak. Masalan, maktabni bitirgan o‘quvchi qaysi oliygohga o‘qishga kirishdan qat’i nazar, ona tilidan imtihon topshiradi. San’at haqidagi bilimlarga ham boshlang‘ich ta’limdan qancha e’tibor bersak, shuncha yoshlarimizning musiqiy did-saviyasi shakllanadi. Ta’lim maskanlarida qanchadan-qancha cholg‘u asboblari bor, san’at to‘garaklari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Qo‘shiqchiligimizning qaysi yo‘nalishi bo‘lishidan qat’i nazar, nazariy jihatdan puxta musiqiy darsliklar o‘tilsa, bolalar klassikamiz tarixi bilan birga, yengilroq ashulalarni ham o‘rganishi aniq. Umuman, mumtoz ashulalarni asrab qolish uchun soha mutaxassislariga suyanishimiz kerak.
San’at oliygohlarida an’anaviy yo‘nalishda tahsil olgan yoshlarimiz ko‘p. Ular faqat nahorgi oshga boradi, boshqa paytda bekor yuribdi. Bularni o‘sha san’at dargohlariga jalb qilib, o‘zbek san’ati obro‘-e’tiborini ko‘tarish kerak. Hozir mumtoz yo‘nalishdagi san’atkorlarni qo‘ya turing, an’anaviy va zamonaviy estrada xonandalarining qarashlari, qiziqishlari va harakatlari o‘rtasida katta tafovut bor. O‘rni kelsa, bir-birining san’atini tan olmaydi. Agar ma’naviyatimiz targ‘ibotchilari tomonidan bu masalalar atroflicha o‘rganib chiqilsa, bunday tushunmovchiliklar kelib chiqmaydi.
– Xalqning nazari va buni qadrlash masalasi haqida ham bir-ikki og‘iz gapirsangiz.
– Necha asrlar davomida xalqimizning qonida oqayotgan shunday katta ma’naviy boylikni o‘ziga qaytarishdek baxt menga nasib etganidan xursandman. Hayotimda nimaga erishgan bo‘lsam, avvalo, ularning e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi bilan amalga oshdi. Bu xayrixohlik san’atkorga havodek zarur, eng katta boyligi ham shu. Agar xalq uni suyib tinglamasa, o‘nta odamning ham nazariga tusholmaydi. Bu yo‘lda hech narsaga erishmasdan o‘tib ketayotganlar qancha. Eng huzurbaxsh tomoni, san’atkor konsertiga muxlislarni reklama orqali taklif qiladi.
Yurtimizning olis go‘shalaridan muxlislar katta sarf-xarajat qilib, kunlab, oylab konsert zallarini to‘ldirib o‘tirishadi. Xalqning bir qarzdor farzandi sifatida ularga xizmat qilish burchim. Qo‘limdan kelgancha, ijod mahsullarim bilan kayfiyatini ko‘tarishga harakat qilyapman. To umrimning oxirigacha sahnada bo‘lishga, agar sahnani bo‘shatib berish vaqti kelganda ham, eshikma-eshik yurib bo‘lsada, yuqoridagi masalalarni hal qilishga hayotimni bag‘ishlayman. Unda menda vaqt ham, tajriba ham etarli bo‘ladi.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
Adiba UMIROVA suhbatlashdi.
"Hurriyat" gazetasidan olindi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...