Ayni damda o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining rivojlanib borayotgani sir emas. San’atimiz yuki bor, ma’noli qo‘shiqlar bilan boyiyotgani ham bor gap. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, ba’zan oynai jahonda shunday qo‘shiqlar yangrab qoladiki, boshingizga birov gurzi bilan tushirgandek miyangiz g‘uvillab ketadi. Beixtiyor sarflagan vaqtingizu asab tolalaringizga achinasiz. Bugun ana shunday umrni qisqartiruvchi «qo‘shiq»lar matniga e’tibor qaratamiz.
Ma’no, mazmun, saviya — nol
Aslida, anchadan beri shu mavzuga to‘xtalishni niyat qilib yurgandik. Bunga esa bizni Shahlo Ahmedova ijrosidagi qo‘shiqning matni (afsuski, she’r deyishga til bormaydi) majbur qildi. Keling, shu matnni bir o‘qib ko‘ring-a:
«Ko‘p va’dalar berma,
Bir amal bo‘lmasa, qo‘y nima qilasan?
Ko‘p haddingdan oshma, ko‘nglimni so‘rama,
Ovora bo‘lib, zarurmi, yo‘q?
So‘z berasanmi ketmayman deb,
Voz kechasanmi hammadan meni deb?
Kerakmas, kerak emas
Oltin tog‘u butun dunyo,
Saodatu kimyo.
Kerakmas, kerak emas,
Nima gap, nima muammo?
Menga o‘zing bo‘lsang bas.
Ha, urin-urinma qo‘lingdan kelmasa,
Qo‘y, nima qilasan?
Ha, mana manmi yo‘qmi, rozi bo‘lar dema,
Ovora bo‘lib, zarurmi, yo‘q?
So‘z berasanmi ketmayman deb,
Voz kechasanmi hammadan meni deb?
Kerakmas, kerak emas
Oltin tog‘u butun dunyo,
Saodatu kimyo.
Kerakmas, kerak emas,
Nima gap, nima muammo?
Menga o‘zing bo‘lsang bas.»
Mana sizga butun boshli qo‘shiqning matni. Xo‘sh, shuni she’r deb bo‘ladimi? She’rda qofiya, vazn, turoq degan narsalar bo‘lardi? Bu matnda hech qanday qofiya topa olmadim, to‘g‘risi. Ma’no haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Eng yomoni, qiz bolaga shunday so‘zlar yarashadimi? Bu sharqona mentalitetga to‘g‘ri kelarmikin?Eng og‘riqli jihat shundaki, bu qo‘shiq xonandaning dastlabki ijod namunalaridan hisoblanadi.
U ana shunday kuylashga o‘rgandi, u o‘zbek qo‘shiqchiligini «yengil-yelpi, ma’nosiz qo‘shiqlar kuylanadigan maydon» deb tasavvur qilib ulgurdi. Ajablanarli tomoni, biz yuqorida tanqid qilgan matnlarni ayrim yoshlarimiz kuylab ham yurishibdi. Qani endi o‘sha xonandani bunday bema’ni qo‘shiqlarni kuylashdan to‘xtatib ko‘ring-chi…Xo‘sh, xonandaning aksariyat qo‘shiqlari matnini yozib beruvchi shoir Bobur Umarov bu holatni qanday izohlarkin?
Bobur UMAROV, shoir:
— Tan olaman, she’rlarimda kamchilik bor (!), biroq bu kamchilik she’rni tushunmaslik, his qilmaslik tufayli emas, balki, san’atkorlarning o‘zlari aynan oddiy, so‘zlari qofiyalangan she’rlarni talab qilishayotgani sababli (!). Budurning qo‘shig‘idagi «Qimirla ber badanga ritim, jaga, jaga, Har harakatinga bitim, jaga, jaga» degan so‘zlarni ko‘p tanqid qilishadi. Lekin men shuni so‘rashgani uchun yozganman. O‘zimdan o‘zim, «Mana, men she’r yozdim, qo‘shiq qilib aytishingiz kerak», demaganman. Ularga shu ma’qul kelar ekan, nachora.
Bunisi hali holva
Darhaqiqat, bugun o‘zbek qo‘shiqchilik san’atiga endigina qadam qo‘yayotganlar shunaqangi «qo‘shiq»lar kuylashyaptiki… Achinarlisi, ular kuylayotgan «qo‘shiq» matnida na ma’no va na qofiya bor. Bu fikrimizni Nilufar ismli xonandaning mana bu qo‘shig‘i isbotlaydi:
Tinglagan sari beradi huzur,
Harakat sari harakatim zo‘r.
Shaxsan o‘zimga yoqadi bu usul,
Tantanam mani, tantanam bu.
O‘ynagan sari o‘ynat meni,
Dadil harakatda bo‘lganni.
Aylanib-o‘rgilib o‘ynaganni,
Tantanam mani, tantanam bu.
Atr-atr-atr-atr mana bunaqa,
O‘tirgandan foyda qanaqa?
Tantanam mani, tantanam bu,
Tantanam mani, tantanam mani.[/i]
Xo‘sh, asablaringiz joyidami? Nahotki mana shunday tuturiqsiz jumlalar qo‘shiq qilib kuylanib, televideniyega chiqarilyapti? Nahotki mana shunday saviyasiz satrlar kuylangan «qo‘shiq»lar muxlislargacha yetib boryapti? Yuqoridagi matnda berilgan «O‘ynagan sari o‘ynat meni» jumlasiga bir e’tibor qiling-a! Shu gapni qiz bola chiqib aytib tursa, bu qaysi qolipga sig‘adi?! O‘zini o‘ynatishini so‘rab, allambalo qiliqlar qilayotgan xonandaning ahvolini ko‘rib, ochig‘i, qanday ta’rif berishni bilmay qolasan kishi…
Bu ham yetmagandek orada bittasi chiqib, «Sho‘xidan bo‘lsin, sho‘xidan bo‘lsin», «O‘, Nilu, ikkinchi kuplet!» deb tursa. Nahotki bugungi kunda o‘zbek qo‘shiqchiligi har kim chiqib istagan qilig‘ini qiladigan maydonga aylanib qolgan bo‘lsa… Bu ham mayli, nahotki, kap-katta qiz, kap-katta odam shunday so‘zlaru qiliqlar qilishni o‘ziga ep ko‘rsa. Bilmadik, bunday qo‘shiqlardan maqsadu muddao nima? Agar mashhurlikka erishish, yulduzga aylanish bo‘lsa, nahotki mashhurlik deganlari momolarimiz azal-azaldan muqaddas bilib kelgan or, nomus, uyat, iffat atalmish xislatlardan ham ustun tursa…
To‘rt qatorli qo‘shiq
Ajablanmang, bugungi kunda ana shunday o‘ta ixcham ashulalar ham yaratilyapti. Bu so‘zimizni quyidagi qo‘shiq matni bilan izohlaymiz. Aytgancha, mazkur ixchamgina taronani bir kishi emas, ikki kishi kuylagan (DJ Piligrim va Nilufar), ya’ni duet tarona hisoblanadi.
Mening jonimsan, hayajonimsan.
Mening yolg‘iz sevgilim, mening azizim.
Mening yorimsan, mening hayotimsan.
Sen mening yuragimsan, sen mening xayolimsan.
Mana shu to‘rt qator butun boshli qo‘shiq matni hisoblanadi. Faqat o‘rtada naqarot bor, xolos. Ehtimol, ijodkorlar bu matnni sakkiz qatorli she’r deb tushunishar, ammo birgina so‘zni butun boshli qator deb bilish to‘g‘rimikin? Axir bu hech qanday qolipga to‘g‘ri kelmaydi-ku! Yoki naqarotni qayta-qayta aytaverish qo‘shiq hisoblanadimi?! Kim chiqargan bu qarorni?! Qayerda yozilgan bunday qoida?! Qo‘shiqchiligimizda qachondan beri bunday «o‘zboshimchaliklarga» amal qilinadigan bo‘lib qoldi? Xullas, savollar ko‘p, javoblar esa…
Shuhrat Qayumov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:— Agar binoning poydevori mustahkam bo‘lsagina, u uzoq yillar xizmat qila oladi. Qo‘shiq ham xuddi shunday bir bino hamda bu binoning asosi she’r deb hisoblayman. Fikrimcha, she’r uchun musiqa tanlashim kerak degan yondashuv o‘zini oqlamaydi. Chunki yaxshi she’r o‘z musiqasiga, o‘z ohangiga ega bo‘ladi.
Musiqa uchun siz zo‘raki biror she’rni topib, unga moslashtirsangiz, bu xuddi Zolushkaning tuflisini majburlab opasiga kiydirib qo‘yganga o‘xshab qoladi. Nega endi matn mazmunidan uzoqlib, qofiyalashtirilgan so‘zlarni musiqaga moslashtirish kerak. Axir bu uyning poydevorini qo‘l ichida qilish degani emasmi? O‘z vaqtida keragicha «xit» bo‘lgan bu qo‘shiqlar vaqt o‘tib unutiladi, ular faqat bugungagina daxldor bo‘lib qolaveradi.
Ikkinchi tomoni, «Odamlar shuni xohlashyapti» degan vajlarni ko‘p eshitamiz. Shunday fikr egalariga O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning «Matmusaning qo‘shig‘i» she’rini o‘qib ko‘rishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. She’r qahramoni Matmusa ismli qiz qo‘shiq kuylaydi, uning qo‘shig‘ini hech kim eshitmagach esa odamlarni uni tinglashga majbur qiladi. Shu kabi «majbur qiluvchi» qo‘shiqlarga chek qo‘yish vaqti keldi, menimcha.
Yaxshi she’r, yaxshi qo‘shiq hech bir davrda o‘z muxlisini, tinglovchisini yo‘qotmaydi.
Mashhurlarimizga ham tekkan kasallik
Taassufki, biz yuqorida tanqid ostiga olgan kamchiliklar ayni damda yetarlicha muxlisiga ega bo‘lgan san’atkorlarda ham uchrab turadi. Ishonmasangiz, xonanda Munisa Rizayevaning mana bu qo‘shig‘iga bir e’tibor qarating:
Yuragim bo‘lar pora,
Tuni bilan ovora,
Eshitsam yorimning shahrida
Bugun katta tantana.
Bu to‘rtlikda (agar to‘rtlik deyish joiz bo‘lsa) ma’no bordir-ku, ammo qofiyadan asar ham yo‘q. Chunki «shahrida» so‘zi bilan «tantana» bir-biriga qofiyadosh bo‘la olmaydi-ku! «Qo‘shiq yaxshi chiqqan-ku!» deb e’tiroz bildirishingiz mumkin, ammo har narsaning o‘z qoidasi bor. Endi keyingi to‘rtlikka e’tibor qaratamiz:
Rakta-tutum rakatata,
O‘yna bugun doiraga.
Shaqir-shuqur, likir-likir,
O‘yna bugun davrada.
Endi shu qo‘shiqni kuylagan san’atkorimizga birinchi savol: «rakta-tutum rakatata» degan jumla qanday ma’noni bildiradi? Lug‘atimizda shunday so‘zlar bormi?
Yangi va yuqumli kasallik
Endi e’tiboringizni muxlislarini topib borayotgan xonanda — Ulug‘bek Xoliqovning quyidagi qo‘shig‘iga qaratsak:
Nega yuragim tirnaysan,
Nega, nega, ayt, demaysan bir so‘z.
Yoki ataylab sinaysan,
Gumon qilma, so‘zlarim bari rost.
Meni de, meni de,
Qancha azoblarni chekdim seni deb.
O‘zgalarga boqma aslo, dardim tingla,
Bir bor o‘yla, befarq bo‘lmasdan.
Biz qo‘shiq matnini to‘liq keltirmadik. Chunki naqarotiyu qolgan qismi ham xuddi shunday ahvolda (qofiyasiz, turoqsiz, vaznsiz, xullas, she’riyat qoidalariga zarracha amal qilinmagan). Aslida, Ulug‘bek Xoliqovda iqtidor, ovoz bor, jonli ijroda kuylay olishini bilamiz. Ammo shunday iqtidorini yuqoridagi kabi yengil-yelpi qo‘shiqlar uchun sarflashi to‘g‘rimikin? Aslida, bu xonanda ham bugungi kunda qo‘shiqchilikni egallab ulgurgan kasallikka chalingan — muxlislarning e’tiborini yengil-yelpi qo‘shiqlar bilan qozonish mumkin, degan tushunchaga ergashmoqda.Yuqoridagi fikrlarimizdan maqsad qo‘shiqchilik san’atimizni qusurlardan, nuqsonlardan tozalash.
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi degan idora bor, qo‘shiqchilarni litsenziyalaydi, saviyasini belgilab, baholab boradi. Badiiy kengashdan o‘tgan qo‘shiqlari keyin ommaga taqdim qilinadi. Agar shu kengashdan saralangan taronalar bo‘lsa, u holda badiiy kengashdagilarni tozalash kerakmasmikan?!Charchaganda televizor qarshisiga o‘tirib, ma’noli, saviyali qo‘shiqlar eshitgimiz keladi.
Ketgan vaqtimizga achinishni aslo istamaymiz. Xo‘sh, siz-chi, yengil-yelpi qo‘shiqlarga mukkasidan ketgan xonandalar, nahotki shu qo‘shiqni yaratish uchun ketgan vaqtingizu pulingizga achinmasangiz, nahotki shunday saviyasiz qo‘shiqlar kuylashni o‘zingizga ep ko‘rsangiz? Shu savolimizni bir o‘ylab ko‘ring, ehtimol, ana shunda bizning maqsadimizning yaxshiroq anglab yetarsiz!
Nizomjon ISLOMOV
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Sirdaryoda YTH sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi qamaldi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?