20:40 / 18.02.2018
7 332

"Sip-silliq" bo‘lmagan serialga malomatlar

"Сип-силлиқ" бўлмаган сериалга маломатлар
Serial nima? U – badiiy ijod namunasi! Shu bilan birga qancha ko‘p odam ko‘rsa, qanchalik ommalashsa, e’tiborga, tilga, olqish va... tanqidga duchor bo‘ladigan ekrandagi tomosha! Ammo aksar hollarda ko‘radiganlardan ko‘ra ko‘rmaydiganlar ko‘proq tanqidu la’nat yog‘dirishadi. Emishki, «bu serial odamlarni yengil hayotga, buzuqlikka, xiyonatga boshlayapti...». E’tibor bering – odamlarni! Robotlarni emas! Ammo odam bo‘lsa uning kallasi, kallasining ichida miyasi bor shekilli! Miyasi butun, ong-shuuri joyida ekan, nima uchun yomon yo‘lga kirib ketadi? Aksincha, serial bobida birni ko‘rib fikr qilmaydimi? Xiyonatdan uzoq yurmaydimi?

Yana nima emish: «bu serialni oilaviy ko‘rib bo‘lmaydi»! Unda ko‘rmang! Yoki serial qahramoni Amir peshonangizga to‘pponcha tirab majburlayaptimi? Boshqa telekanalni ko‘ring. Ana, «Oilaviy»ni tomosha qiling. Ellikdan ziyod telekanal bor, birortasini ko‘ring. Eng yaxshisi, foydali ish bilan mashg‘ul bo‘ling! Bolangizga ham ko‘rsatmang, borib darsini qilsin, kitob o‘qisin!

Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz? Unda yaxshilik ham, yomonlik ham, sadoqatu xiyonat ham uchraydi. Busiz mumkin emas. Serial degani shularni aks ettiradi, xolos! Hayotda, oilada yuz berayotgan jarayonlar, o‘zaro ziddiyatlar badiiylashtirilib suratga olinadi va TVga olib chiqiladi.

Kino, serial ijodkorlarining vazifasi nima? O‘z mahsulotini namoyish etish, ko‘proq auditoriyaga erishish! Buni tushunib-tushunmagan, ko‘rib-ko‘rmagan tomoshabin ayyuhannos soladi, «serial falon-pismadonni targ‘ib qilayapti» deydi.

Xullas, «Kara sevda» nomi bilan mashhur bo‘lgan serialni efirga berish, birinchi fasl tugashi bahonasida, to‘xtatildi. Boshqa iloji ham qolmadi. Uning zararli tomonlari haqida shu qadar ko‘p yozildiki, ijtimoiy tarmoqlar yorilib ketayozdi. Ayrim domlalar «fatvo» bervorishdi, ba’zilar «xususiy telekanallarni yopish» masalasini ko‘tarishgacha bordilar. Endi ko‘ngil joyiga tushdi, boshqa mavzu topilguncha jim bo‘lishdi. Nahotki «Sevgi iztiroblari» odamlarni shu qadar darg‘azab qilgan bo‘lsa?

«Serial ko‘rib ayniydigan zamonlarga ham kelibmiz, – deydi Nargis Islomova o‘z munosabatini bildirib. – Serialsiz davrlarda ham bundan battar voqealar bo‘lgan. Qiziq, ular nimani ko‘rib buzilgan ekan?».


Aslida hammasi insonning o‘ziga bog‘liq. Muqaddas kitobimizda ham hech kim toqatidan ortiq narsaga duchor qilinmasligi aytilgan. Kitob bo‘ladimi, kino, seril bo‘ladimi, o‘quvchi, tomoshabin o‘zi uchun o‘zi xulosa chiqaradi.

Yashirmayman, men «Kara sevda»ni ko‘rdim. Oddiy ijodkor sifatida kaminani undagi dinamika, o‘tkir syujet, kutilmagan voqealar jalb etdi. Qahramonlar fe’l-atvori, shijoat, mardonavorlik, shu bilan birga, razolat, qabohat, o‘zaro munosabatlardagi parokandalik, bir-biriga yetisha olmagan sevishganlarning iztiroblari qiziqtirib qo‘ydi. Xiyonat mavzusini esa, yuqorida qayd etganimdek, hayotda uchraydigan voqealar deb qabul qildim.

Xo‘sh, o‘zimizning seriallarda xiyonat mavzusi yo‘qmi? Birinchi seriallardan deb hisoblangan «Ko‘ngil ko‘chalari» esingizdami? Kattagina idorada ishlaydigan bir amaldor erkak Suqsur ismli yoshgina juvon bilan yuradi, keyinchalik bu ayol o‘zining singlisi bo‘lib chiqadi. «Qaytar dunyo» serialida Abdullaning xotini eri tirikligidayoq xiyonatni boshlab yuborib, uning do‘sti bilan «yuradi». Men mazkur serial muallifi bilan suhbatlashganman. U hammasi hayotiy voqealar asosida yozilganini aytgan edi.

Bugungi tomoshabin turk seriallarini ko‘rayotgan ekan, turgan gapki, bu o‘zbek seriallari borasida jiddiy fikrlashga undaydi. Demak, kinoijodkorlarimiz, rejissyorlarimiz tomoshabin ehtiyojini qondira olmayapti. TV-kanallarimizda takror-takror namoyish etilayotgan o‘zbek seriallari yaqin orada tomoshabin ko‘nglidan chuqur joy olishi ham dargumon. Vaholanki, gohida yangi ssenariylar so‘rab murojaat qilingan e’lonlar, reklamalar efirga ketadi, ssenariynavislar papka-papka qo‘lyozmalar topshiradilar, biroq keyin nechta asar qabul qilingani, qanchasi suratga olinishi haqida aytilmaydi. Eng yomoni, ayrim rejissyorlar yangi asarlarga xohlagancha o‘zgartirish kiritib, hammuallif bo‘lib oladilar. Ssenariynavis ko‘nadi, aks holda asari ekranlashtirilmasligi mumkin, demak, u o‘zining pozitsiyasini bildirishi ham dargumon. Shu tariqa ba’zi no‘noq rejissyorlar tufayli haqiqatdan yiroq epizodlar, sun’iy lavhalar, soxta va lattachaynar qahramonlar paydo bo‘ladi. Natijada tomoshabin yaqinlashish o‘rniga uzoqlashadi. Mayli, bu alohida mavzu.


«Kara sevda»ga qaytaylik. Aslida bu serial xiyonat mavzusida emas, ikki erkakning o‘zaro ziddiyati asosiga qurilgan. Konflikt, to‘qnashuv esa dramatik asarlarning muhim omili hisoblanadi. Har qanday asardagi qahramonlarning o‘zaro adovati hamma vaqt o‘quvchini, tomoshabinni jalb etib kelgan. «Sip-silliq», «qip-qizil» ijod mahsuli hech qachon e’tibor qozonmaydi. Tan olamizmi-yo‘qmi, shunday. Nimani o‘qish, ko‘rish, his etish didga bog‘liq. Did borasida esa bahslashmaydilar.
Anvar Namozov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » "Sip-silliq" bo‘lmagan serialga malomatlar