23:30 / 10.03.2018
11 611

“Million”ga kelguncha mingta chig‘iriqdan o‘tgan qiz

“Million”ga kelguncha mingta chig‘iriqdan o‘tgan qiz
Shahlo ZOIROVA dastlab “Shovvozlar” guruhida, 10 yildan “Million” jamoasida faoliyat yurityapti. Jamoaning chiqishlarida aytilgan hazillar ba’zan e’tirozlarga sabab bo‘ldi, ammo ijodkorlar qisqa fursatda o‘z muxlislarini topishdi. Jamoaning yolg‘iz ayol ishtirokchisi Shahlo bilan aynan shu ijodiy jarayonga kirib kelishi haqida suhbatlashdik.

— Shahlo, bolaligingiz qanday o‘tgan, o‘sha paytda ham bugungidek shijoatli, g‘ayratli bo‘lganmisiz?
— Poytaxtda, ziyoli oilada dunyoga kelganman. Ota-onam davlat ishida ishlaydigan, qattiqqo‘l, tartibli insonlar bo‘lishgan. Oilada ikki farzandmiz, ukam bor.

Onam o‘qituvchi bo‘lgani uchun o‘qishimizga nihoyatda e’tiborli, yomon baho olishim uyda chinakamiga fojia edi. Ammo ota-onamning oylik maoshi oilaviy xarajatlarimizga yetmasdi. Ikkinchi sinfga o‘tgan yilim kundalik daftar olib berishga imkoniyatlari bo‘lmadi. Rosa xafa bo‘ldim, chunki avval kundalik daftar tutmaganimiz uchun sinfdoshlarim bir-biriga kundaliklarini maqtanishardi. Onam: “Olib beraman, ozgina sabr qil”, deb yupatdi.

Bir kuni maktabdan qaytayotib, bekatda bizdan uch-to‘rt sinf katta bolalarning avtobus haydovchilariga baklajkalarga solingan choy sotishayotganini ko‘rib qoldim. Avtobus joyidan qo‘zg‘algach, ular xursand bo‘lib pullarini sanashardi. O‘sha kuniyoq uyga kelib, baklajkalarni yig‘ib, yuvdim. Uydagilarga bildirmay, choy damlab, idishlarga quydim. Maktabga ketish vaqti bekatda turib, kelgan avtobus haydovchisiga choyni ko‘rsatdim. Qarangki, uch-to‘rt kun o‘tmay savdoyim yurishib ketdi (kulib)! Kundalik daftar sotib olib, rosa o‘rtoqlarimga maqtandim. Ammo 10 kunlardan keyin sinfdoshlarimdan birining papkasidan onasi “nonga” deb bergan pul yo‘qoldi. Hamma papkalar tekshirilganda, menikidan uch-to‘rt kunlik choylarning pullari chiqdi. Turgan gapki, buncha pulni hech kim bolasiga bermaydi, oilamizdagi moddiy qiyinchiliklardan esa o‘qituvchimizning xabari bor edi…

O‘shanda nohaqlikka chidolmay, sirimni fosh etishimga to‘g‘ri kelgan. Haydovchilar “choychi qiz”ni tanishlari, menga pul berishlarini aytishgach, gumondorlar ro‘yxatidan o‘chirilgandim.

— Bu voqeadan ota-onangiz xabar topishganmi?
— Yuqorida aytib o‘tganimdek, otam juda qattiqqo‘l inson. Agar bu voqealar uning qulog‘iga yetib borsa, nafaqat men, onam ham jazoga tortilishi aniq edi. Shu bois, onam indamadi, ammo mendan qattiq ranjiganini payqadim.

Qizlar bilan hech chiqisholmasdim, o‘g‘il bolalar bilan o‘rtoqligim esa onamga yoqmasdi. Fe’lim quvnoq va bir oz shartakiroq bo‘lgani bilan maktabda eng a’lochi va faol o‘quvchilardan biri edim. Maktabni va akademik litseyni qizil shahodatnoma bilan tamomlagan o‘quvchilardan biriman. Sergeli tumanidagi 284-maktab o‘qituvchilari meni hamon eslashsa kerak (kulib).

— Qalbingizda qachon san’atga mehr uyg‘ondi?
— Bolalikdan raqs tushishga, qo‘shiq aytishga qiziqardim. Maktab tadbirlarida ham bosh rollarni boshqalarga ishonmasdim. Ammo dadam san’atkor bo‘lishimni istamadi, “Huquqshunos yoki harbiy bo‘lishing shart!” degan talabni qo‘ydi. Onam esa baribir menga yon bosib, tadbirlarda ishtirok etayotganimni dadamga aytmadi. Akademik litseyni tamomlab, O‘zbekiston Milliy universitetining huquqshunoslik fakultetiga hujjat topshirdim. Ammo bor-yo‘g‘i 8 ball yetmay, talabalar safiga qabul qilinmadim. Bu xabarni eshitgan dadam “Tadbirma-tadbir yurishning oqibati shunday bo‘ladi!” deb dakki berdi. Aprel oyida Oliy harbiy bojxona institutiga hujjat topshirdim, ikki urinishda ham omad kulib boqmadi. Undan keyin Ichki ishlar akademiyasiga hujjat topshirib, jismoniy imtihonlardan yaxshi natija ko‘rsatdim-u, testdan yiqildim. “Yengilgan kurashga to‘ymas” deganlaridek, shu orada koreys tilini ham o‘rganib, tarjimonlik qilish istagi paydo bo‘ldi. Bir yil o‘tib, yana universitetga hujjat topshirdim. Ammo bu haqda hech kimga aytmadim. Abiturentlardan biri fizika fakultetiga kam hujjat topshirilganini aytgani uchun hech ikkilanmay, shu yo‘nalishda omadimni sinab ko‘rdim.

Bir kuni uy telefonimiz jiringlab: “Shahlo Zoirovaning uyimi?” deb so‘rashdi. Onam “Yana bir baloni boshladingmi?” degandek, menga qarab qo‘ydi. “Biz O‘zbekiston Milliy universitetidan bezovta qilyapmiz. Qizingiz birinchi o‘rinda byujetga qabul qilindi. Shu sabab, bir soatda universitetga kelishi va televideniye uchun intervyu berishini so‘rashyapti”, deyishdi. Onam ho‘ngrab yig‘lab yubordi va meni mahkam bag‘riga bosdi. Uyimiz oldida kichik do‘kon ochgandi, o‘sha kuni bor narsasini o‘tgan-ketgan mahalladoshlarga tarqatib, suyunchi oldi.

— Odatda san’atga qiziqadigan insonlar aniq va tabiiy fanlarni yoqtirishmaydi, deyishadi. Fiziklar orasida o‘zingizni noqulay his qilmaganmisiz?
— Astronomiya yo‘nalishida o‘qiganman. Bu soha men uchun qiziq edi. Ammo aniq fanlarda juda qiynalardim, ijtimoiy-siyosiy fanlar o‘tiladigan kun men uchun bayram edi. O‘qish boshlangan kun fakultetimiz dekanining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha muovini oldiga kirib, o‘zimni tanishtirganman. Tadbirlarni o‘tkazishda yordam berishimni aytgandim. Ko‘p o‘tmay, fakultet miqyosida “Qizlar davrasi” tanlovi o‘tkazildi. Unda g‘olib bo‘lib, universitet miqyosida ishtirok etdim. So‘ng poytaxtdagi oliy o‘quv yurti qizlari bilan bellashdim va mutloq g‘olib bo‘lib, tanlov homiylari ko‘magida talaba qizlar o‘rtasida o‘tkaziladigan xalqaro “Miss Yevropa” ko‘rik-tanlovida qatnashdim. Qo‘l jangi bo‘yicha Ozarbayjonda, kross yugurish bo‘yicha Moskvada o‘tkazilgan talabalar musobaqasida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritganman.

— Demak, sport bilan ham jiddiy shug‘ullangan ekansiz-da?
— Men huquqshunos yoki harbiy bo‘lishni niyat qilgandim. To‘g‘rirog‘i, dadamning niyatlarini amalga oshirmoqchi edim. Sport bilan maxsus zallarda shug‘ullanmagan bo‘lsam-da, juda qiziqardim. Agar “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik tanlovi tashkil etilmaganda, hayotimni sport bilan bog‘lashimga bir bahya qolgandi (kulib).

— Kichik tanlov hayotingiz mazmuniga aylanishi va shu orqali xalqqa tinilishingizni tasavvur qilganmidingiz?
— Yo‘q, ammo nimagadir erishishimga ishonardim. Universitet miqyosida “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovi tashkil etilganda, fakultetimiz nomidan ishtirok etganman. Ammo g‘oliblikni qo‘lga kiritmaganmiz. Bir oylardan keyin “QVZ”da yuqori ball to‘plagan talabalar universitetning “Shovvozlar” terma jamoasiga qabul qilinayotgani haqida eshitib qolganman. O‘quv xonasida bo‘layotgan repetitsiyalarini kuzatish uchun eshik ortida turib, ularni kuzatganman. Keyin jamoa sardori Begzod Komiljonovdan “Menga ham rol berolmaysizlarmi?” deb so‘raganman. Jamoada birorta qiz yo‘qligi uchun bu gapimni hech kim jiddiy qabul qilmagan. Keyin o‘zimni sinab ko‘rish uchun kichik rol berishgan.

— Nega jamoada Shahlodan boshqa qizlar yo‘q? Axir ko‘p qizlar bu “lavozim”ga da’vogar bo‘lishgan, ammo qandaydir sabab bilan qabul qilinishmagan…
— To‘g‘ri, ko‘p qizlar o‘zni sinab ko‘rishgan. Ammo oilaviy yoki boshqa sabablar tufayli ijod qilisholmadi. Jamoamiz yigitlari quvnoq ko‘ringani bilan juda injiq va qaysar. Ularning fe’lini tushunguncha rosa tortishdik, hatto kuch ham sinashdik (kulib). Albatta, bu — hazil. Bilasizmi, hamma iqtidorli inson ham sahnada o‘zini ko‘rsatolmas ekan. Chunki sahnaning salobati, sehri bor. Ko‘p qiz-yigitlar sahnaga chiqqach, taslim bo‘lib, “San’at men uchun emas ekan”, deyishadi.

— Turmush o‘rtog‘ingiz sahnadagi ijrolaringizni qanday qabul qiladi?
— Ochig‘i, oila qurishga hayiqqan edim. Sababi, to‘ydan avval sahnadagi ayrim hazillardan keyin odamlarning munosabati o‘zgarganini, har holda uch-to‘rt kishidan men haqimdagi yomon gaplarni eshitib, shunday deb o‘yladim. Chunki “Uyalmaysizmi?” degan odam qarshisida o‘zingizni oqlolmaysiz, bu shunchaki tomosha ekanligini tushuntirishga ham ojizsiz. O‘sha paytda san’atdan ketishga qaror qildim. Ammo jamoamiz yigitlari meni qo‘llab-quvvatlashdi. Qarangki, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, oila qurdim. Agar turmush o‘rtog‘im qarshilik qilsa, san’atdan ketishga ham tayyor edim. Ammo bunday talab qo‘yilmadi, “Can’atni oiladan ustun ko‘rmasangiz bas, ijod qilavering” degan gap menga yanada ilhom bag‘ishladi.

— Sizningcha, ayol baxtli ekanligini qachon his qiladi?
— Insoniyat shukur qilishni o‘rganganida, baxtni anglaydi. Shu kungacha 20dan ortiq davlatlarga sayohat qildim, turli insonlar bilan tanishdim. Biz haqiqatan imkoniyatlar asrida yashayapmiz, ishlagan odam, albatta, tishlaydi. Do‘konga kirsangiz, joningizdan ortig‘i bor. Bolaligimda onamga “Qo‘g‘irchoq olib bering” deb yig‘laganimda, do‘konda qo‘g‘irchoq yo‘qligi uchun shisha idishga ko‘ylak tikib, pardoz qalami bilan qosh-ko‘zini chizib bergandi. Hozir-chi, hamma narsa yetarli, mehnat qilgan odam borki, rohatda yashayapti.

Ha, yana bir gap, ayolning yuziga pardoz shart emas, tabassumning o‘zi unga chiroy bag‘ishlaydi.

— Diplomsiz aktrisaga aylangan Shahloning ijodda yana qanday orzulari bor? Har holda, faqat komik aktrisa bo‘lib qolishni istamasangiz kerak?
— Shu kunlarda davlat kinostudiyalarida suratga olinadigan harbiylar mavzusidagi filmlarda suratga tushishni chin dildan niyat qilyapman.

— Ijtimoiy tarmoqlardagi postlaringizni kuzatib, farzandlaringizga yetarlicha vaqt ajratasiz, degan xulosaga keldik…
— Ular mening borim, hayotimning mazmuni. Qizim Shaydo 5 yoshda, o‘g‘lim Zubayr esa hademay ikki yoshga to‘ladi. Ular ham san’atning ichida ulg‘ayishdi. Konsert kunlari ikkisi ham sahna ortida turib, onasining tomoshasini kuzatgan, sut berishini intiqlik bilan kutgan bolalar (kulib). Ulardan hech qachon vaqtimni yoki mablag‘imni ayamayman. Qiyinchiliksiz ulg‘ayishlarini va bolalik damlarini faqat shirin xotiralar bilan eslashlarini istayman.

— Niyatlaringizga yeting. Eng muhimi, hamisha bugungidek quvnoq va samimiy bo‘lib qoling!
Nargiza MURODOVA suhbatlashdi.

Manba: Tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Million”ga kelguncha mingta chig‘iriqdan o‘tgan qiz