Dunyo musiqa sahnasida millionlab muxlislar qalbini zabt etgan amerikalik qo‘shiqchi Billi Eilish endi karta o‘yinlar olamiga ham kirib keldi. San’atkor mashhur UNO o‘yinining o‘ziga xos versiyasini yaratdi. Uning yangi karta to‘plami klassik qoidalarga yangilik olib kirgan va o‘ziga xos dizayni bilan ajralib turadi.
Yashil va ko‘k ranglarda bezatilgan kartalar to‘plamida Billi Eilishga tegishli bo‘lgan mashhur Blohsh logotipi ham bor. O‘yinchilar uchun o‘zgarishlar ham kutilmagan: yangi qo‘shimcha kartalar o‘yinga strategiya va kutilmagan burilishlar olib keladi.
Jumladan, “Wild Pass Color” kartasi bir o‘yinchiga ma’lum rangdagi barcha kartalarni boshqa ishtirokchiga berish imkonini beradi. Yana bir yangi karta “Reveal Hand” esa barcha ishtirokchilardan qo‘llaridagi kartalarni ochib ko‘rsatishni talab qiladi. To‘plamda jami 112 ta karta bor va uning narxi 20 dollar etib belgilangan.
Alohida e’tiborli jihati — bu mahsulotning ilk partiyasi rasmiy sayt orqali oldindan buyurtma asosida sotib bo‘lib ketgan. Hozirda xaridorlar keyingi tiraj uchun navbatda turishmoqda.
Billi Eilish o‘zining o‘zgacha uslubini endi o‘yinlar dunyosida ham namoyish etmoqda. U nafaqat sahnada, balki karta stolidagi g‘oliblik uchun ham kurashmoqchi ko‘rinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!