21:34 / 14.11.2022
2 749

Oʻzbekiston Qirgʻizistonga bergan er yuzasidan Bosh vazir muhim ma'lumotlarni oshkor qildi

Ўзбекистон Қирғизистонга берган eр юзасидан Бош вазир муҳим маълумотларни ошкор қилди
Internetda aytilgandek, Oʻzbekiston Andijon (Kampirobod) suv ombori oʻrniga 19,5 ming gektar er beryapti, degan xabarlar notoʻgʻri. Ayni hozirgi kelishuvda 13 ming 719 gektar yaylov er berish nazarda tutilmoqda. Bu haqda Bosh vazir Abdulla Aripov ma'lum qildi.

Bu er nimaga berilyapti?

Berilayotgan erning 1 ming 19 gektari Andijon suv omboriga ajratilgan erning kompensatsiyasidan qolgan qismi uchun. Ya'ni suv ombori hududi aslida 5 ming gektar. Oʻzbekiston oʻsha sovet paytida 4 ming gektar bergan xolos. Ya'ni qarzimiz boʻlgan. Shu qarzni uzish uchun.

Sovet paytidagi kelishuv shartnomasida biz yana bitta majburiyat olgan ekanmiz. Oʻzbekiston hududidan kanal tortib, Botken viloyatiga suv oborib berishimiz kerak boʻlgan. Lekin bu qilinmagan. Qirgʻizlar buni doim da'vo qilishgan, chegara boʻyicha kelishuv boʻlishi uchun eng avvalo bu majburiyatni bajarishni soʻrashgan. Qirgʻizlarning da'vosi boʻyicha, kanal orqali suv bormagani uchun 8 mingdan 18 ming gektargacha erni ekin eri sifatida oʻzlashtirolmaganini aytishgan.

Birinchidan, endi bunaqa kanal qurish juda qimmat. Ikkinchidan, kanal qurish uchun Andijon va Fargʻonadagi 20 dan ortiq qishloq aholisini koʻchirish kerak boʻladi. Uchinchidan, 2 ming gektar Oʻzbekiston ekin erlari kanal uchun ketib qoladi. Shu sababli Oʻzbekiston bu majburiyat oʻrniga 12 ming 709 gektar yaylov er bermoqda. Qirgʻizlar koʻproq er soʻragan, lekin savdolashilgan.

Namangan viloyati Gʻovasoy uchastkasidagi togʻli hududdan berilayotgan 12,7 ming gektar yaylov erining 6 ming gektari shundoq ham bahsli er boʻlgan. Hozir amalda u erdan qirgʻiz fuqarolari foydalanmoqda.

Demak, 8 ming gektar ekin er oʻrniga 12,7 ming gektar yaylov er zararni qoplash uchun berildi (uning yarmi bahsli er). Chegara nizolarida 1 gektar ekin eri oʻrniga odatda 2,5 baravar yaylov eri beriladi.

Shu bilan Oʻzbekiston kanal qurish majburiyati (qarzi)dan qutuladi va Andijon suv ombori ustidan Oʻzbekiston nazorati yuzasidan azaliy nizolar bartaraf etiladi.

Qirgʻiziston bilan chegara bitimi boʻyicha:
  • Oʻzbekiston chegara chizigʻida taxminan 130 atrofida xonadonni koʻchirishga toʻgʻri keladi, buning uchun 50 mlrd soʻm atrofida kompensatsiya koʻzda tutilyapti;
  • Qirgʻizistonga togʻli hududdan berilayotgan yaylov eri evaziga “Gʻovasoy” daryosining tabiiy oqimiga toʻsqinlik qiladigan hech bir gidrotexnik va boshqa inshootlar qurilmaydi, suvning texnik ifloslanishiga yul qoʻymaydi;
    Soʻx eksklaviga kirib-chiqish uchun alohida koridor koʻzda tutilmayapti, balki oʻzaro kelishuv asosida chegaradan oʻtish tartibi soddalashtiriladi.


Qonunlar senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan quyidagi qarorlar qabul qilindi:

«Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi Shartnomani (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, Senatga yuborildi;

«Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi Bitimni (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston