Qashqadaryodagi maktabni bu yil uch o‘quvchi bitirdi

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida joylashgan 86-sonli umumta’lim maktabining Qurilish qishlog‘idagi filialida bu yil atigi uch nafar o‘quvchi maktabni tamomladi. Bu haqda “Nasaf TV” reportajida ma’lum qilindi.
Tuman markazidan qariyb 70 kilometr uzoqlikda joylashgan ushbu qishloqda internet va mobil aloqa bilan bog‘liq muammolar hanuz saqlanib qolmoqda. Shunga qaramasdan, bitiruvchilar so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirida maktabni muvaffaqiyatli yakunlaganidan mamnun ekanini bildirgan. Ular o‘quvchilar soni kamligi sababli sport musobaqalarida har doim ham faol ishtirok etish imkoniyati bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Reportajda qayd etilishicha, keyingi yillarda mazkur ta’lim muassasasida ta’lim sifati sezilarli darajada yaxshilangan. Olis hududlardagi maktablar uchun yaratilgan imtiyozlar tufayli boshqa viloyatlardan tajribali pedagoglar jalb qilingan. Xususan, Andijon viloyatidan kelgan oliy toifali o‘qituvchilar bu yerda faoliyat olib bormoqda.
Ustozlarning so‘zlariga ko‘ra, uch yil avval “qizil” toifada bo‘lgan maktabda bugun o‘quvchilarning bilim darajasi ancha oshgan. Ular fan olimpiadalari va turli tanlovlarda ishtirok etishni boshlagan. Shuningdek, milliy sertifikat sohiblari soni ham yil sayin ortib bormoqda.
So‘nggi qo‘ng‘iroq tadbiri davomida bitiruvchilarga Prezident tabrigi o‘qib eshittirildi, o‘qishda namunali natijalarga erishgan o‘quvchilar hamda fidoyi o‘qituvchilar munosib taqdirlandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/26 o‘quv yilida O‘zbekiston bo‘ylab 472 ming nafardan ziyod 11-sinf o‘quvchisi maktabni bitirgan. Shuningdek, 621 ming nafardan ortiq o‘quvchi 9-sinfni tamomlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!