
O‘zbekiston Norvegiyaga qarashli Shpitsbergen arxipelagida joylashgan dunyodagi eng mashhur urug‘ saqlash markazi — “Qiyomat kuni ombori”ga o‘zining qimmatli qishloq xo‘jaligi urug‘larini topshirdi, deb xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Bu tashabbus nafaqat ilmiy jihatdan muhim, balki milliy dehqonchilik merosini asrash yo‘lidagi katta qadam sifatida ham baholanmoqda. O‘zbekiston bu bilan Arktika muzliklari qa’rida joylashgan Butunjahon urug‘ omborida o‘z izini qoldirgan Markaziy Osiyodagi ilk davlatlardan biri bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, omborga yuborilgan namuna to‘plamiga tarvuz, qovun, pomidor, qalampir, sabzi, piyoz, baqlajon va boshqa 20 dan ortiq mahalliy ekin navlari kiritilgan. Ular orasida “Qayroqtosh” bug‘doy navining alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlanadi. Bu urug‘lar nafaqat ilmiy tadqiqotlar, balki kelajakda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham bebaho ahamiyatga ega bo‘ladi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Shimoliy genetik resurslar markazi (NordGen) hamkorligida amalga oshirildi. Tashkilotlar ushbu jarayon orqali mamlakatning qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik xilma-xilligini saqlash, milliy genofondni mustahkamlash va xalqaro miqyosda oziq-ovqat barqarorligini ta’minlashni maqsad qilgan.
Shpitsbergen arxipelagida joylashgan “Qiyomat kuni ombori” dunyodagi eng xavfsiz urug‘ saqlash joyi sifatida tanilgan. U Arktika abadiy muzlik zonasida qurilgan bo‘lib, harorat doimiy ravishda minus 18 darajada saqlanadi. Bu sharoit urug‘larni yuz yillab tabiiy holatda saqlab qolish imkonini beradi.

Hozirgi kunda bu yerda 1,1 milliondan ziyod turli urug‘ namunasi mavjud. Olimlar fikricha, bunday tizim tabiiy ofatlar, mojarolar yoki iqtisodiy inqirozlar sababli o‘simlik turlarining yo‘qolish xavfini keskin kamaytiradi.
“Qiyomat kuni ombori” Norvegiya hukumati, Crop Trust va NordGen tashkilotlari o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuv asosida boshqariladi. Unga dunyo bo‘ylab minglab ilmiy markazlar o‘z ekinlarini topshirib kelmoqda.
O‘zbekistonning ushbu qadamni tashlashi — milliy agrosanoat sohasini xalqaro miqyosda tanitish, ilmiy salohiyatni namoyish etish va kelajak avlodlar uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.
Bu voqea yana bir bor shundan dalolat beradiki, o‘zbek dehqonchiligi nafaqat tarixiy ildizlarga, balki dunyo miqyosida qadr-qimmatga ega boy biogen merosga ham ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!