Oʻzbekiston Singapurdagi road-shouda turizm salohiyatini namoyish etdi

Singapurda Oʻzbekistonning boy va rang-barang turizm imkoniyatlarini xalqaro bozorda targʻib etishga qaratilgan navbatdagi road-shou boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi va Uzbekistan Airways hamkorligida tashkil etildi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Road-shou doirasida Oʻzbekistondan kelgan turizm va xizmat koʻrsatish sohasidagi qariyb 30 nafar vakil Singapurning 70 dan ortiq yetakchi turizm hamda servis kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralarda ishtirokchilarga Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy merosi, ziyorat turizmi yoʻnalishlari, shuningdek gastronomik, ekologik va togʻ turizmi imkoniyatlari batafsil tanishtirildi. Alohida eʼtibor xorijiy sayyohlar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratishga qaratilgan «Umra plyus» loyihasiga qaratildi.
Oʻzbek tomon vakillari sayohatchilar xavfsizligini taʼminlash, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli xizmatlarni joriy etish hamda xizmat koʻrsatish sifatini xalqaro standartlarga mos ravishda oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Mutaxassislar «Umra plyus» loyihasi Oʻzbekiston turizm sektorining jozibadorligi va raqobatbardoshligini kuchaytirishda muhim omil ekanini qayd etdi.
Shu bilan birga, togʻ turizmini rivojlantirish dasturi doirasida yaratilgan zamonaviy sharoit va infratuzilma, yangi sayyohlik yoʻnalishlari ham taqdim etildi. Tomonlar hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma turpaketlar ishlab chiqish, sayyohlar oqimini oshirish va sohaga investitsiyalar jalb etish istiqbollarini muhokama qildi.
Ushbu road-shou Oʻzbekistonning xalqaro turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlash, Singapur bilan turizm sohasidagi aloqalarni faollashtirish hamda yangi investitsion va biznes imkoniyatlarini ochishda muhim qadam boʻldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!