00:02 / 03.08.2017
7 487

«O‘zbek modeli»miz o‘zini oqladimi?

«O‘zbek modeli»miz o‘zini oqladimi?
Taniqli iqtisodchi, moliyaviy ekspert Yuliy Yusupov ham Kommersant.uz saytida e’lon qilingan o‘zining «O‘zbek iqtisodiy modeli: asotirlar va haqiqat» maqolasida yaqin o‘tmishda yurtimizda yuritilgan xato iqtisodiy siyosat haqida fikr yuritadi.

Yuliy Yusupov o‘z maqolasida barcha yaqin o‘tmishda xo‘b maqtalgan, biroq o‘zini oqlamagan «O‘zbek modeli» va uning kelib chiqish sabablari, kamchiliklari va qaysi inqtisodiy model manzurroq ekanligiga birma-bir to‘xtalib o‘tadi: faktlarga, raqamlarga murojaat qiladi. Keling, ekspertning maqolasidagi diqqatga sazovor o‘rinlar bilan yaqindan tanishaylik.

«Biz o‘zgarishlar davrida yashamoqdamiz. Islohotlar, jumladan, valyuta bozorining uzoq kutilgan islohoti ham boshlandi. Bu esa iqtisodiy rivojlanish modelining almashishiga sabab bo‘ladi, albatta. Xo‘sh, eskisi bilan nima bo‘ladi endi?» — deb boshlagan ekspert o‘z maqolasini.

«O‘zbek modeli»mi yoki merkantilizm?


1996 yili yoz-kuz oylarida O‘zbekistonda valyuta resurslarini cheklash va uni asosan investision loyihalarga yo‘naltirish mexanizmi joriy etilganiga ham 21 yil bo‘libdi. Bu iqtisodiy rivojlanishning «O‘zbek modeli» shakllanishining ibtidosi edi.

Bu modelning xususiyatlari quyidagilardan iborat edi:

1. Davlatning iqtisodiy jarayonlarga faol aralashuvi, jumladan, ma’muriy usullar — (kredit, xomashyo, mehnat) resurslarni markazlashgan holda taqsimlash, narxlar, foiz stavkalar va valyuta kursini o‘rnatish vositasida, shuningdek, xususiy korxonalarning mulk va mablag‘larini taqsimlash, pul-kredit munosabatlarida «ma’muriy resurslar»dan faol foydalanish.

2. «Iqtisodiyotning strategik jabhalari»ga keng miqyosli investisiyalar jalb qilishni nazarda tutuvchi giperfaol investision siyosat, jumladan, quyidagilar vositasida:

- valyuta savdosini tartibga solish (konvertasiyani cheklash, rasmiy kurs bo‘yicha valyuta konvertasiyasida investision loyihalarga imtiyoz berilishi);

- kredit siyosati (foiz stavkalarini tushirish, imtiyozli kreditlar berish, davlat tuzilmalarining topshirig‘iga ko‘ra qaytarilmas kreditlar ajratilishi);

- byudjet siyosati (davlat investisiyalari, birvarakayiga yuqori soliq yuklamasi va soliq imtiyozlarining keng joriy etilishi).

3. Import o‘rnini egallash modelidan foydalanish: xalqaro mehnat taqsimoti va tovar va xizmatlarning cheklangan doirasiga ixtisoslashish o‘rniga, keng doiradagi tovarlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va importga bog‘liqlik kamaytiriladi. Import o‘rnini bosishning asosiy quroli — proteksionizm, ya’ni tayyor mahsulotni import qilishni tarif va notarif to‘siqlar bilan cheklash.

Yuqorida sanab o‘tilgan qurollarning barchasidan «iqtisodiyotning strategik jabhalari», avvalo sanoat jabhalarini rivojlantirish orqali iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishda foydalanilgan.

Kichikroq sirni ochamiz: aslida hech qanday «O‘zbek modeli» mavjud emas. Bunday yondashuvlar turli davrlarda turli davlatlar tomonidan qo‘llab ko‘rilgan. Ayniqsa, bu model 1950-70 yillarda SSSR bilan «do‘stlik»ka asoslangan rivojlanayotgan sosialistik davlatlar o‘rtasida mashhur bo‘lgan. Mashhur iqtisodchi Ernando de Soto bu modelni merkantilizm deb ataydi va undan hozirda iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar ham o‘tmishda foydalanganini ta’kidlaydi. Lekin mamlakat merkantilizmdan qanchalik tez voz kechgan bo‘lsa, keyinchalik u shunchalik tezroq rivojlangan.

1980-90-yillarda sosialistik lager qulashi, SSSR tomonidan bunday tajribalarning moliyalashtirilishi bas qilinishi tufayli merkantelistik siyosatga qiziqish yo‘qoladi. Rivojlanayotgan davlatlarning aksariyati xalqaro mehnat taqsimoti, bozor munosabatlari va raqobatni rivojlantirish, eksportga yo‘nalganlikni tanlay boshlaydi. Albatta, ularning hammasi ham yorqin natijalarga erisholgani yo‘q — merkantilizm an’analari juda mustahkam ekani bilinib qoldi. Lekin kim qat’iy va izchil islohotlar o‘tkazgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining muvaffaqiyatli ravnaqi uchun sharoit yarata oldi. Postsovet hududida bunga yaqqol misol – Estoniya va Gurjiston, postsosialistik hududda esa — Xitoy, Vetnam va Sharqiy Evropaning ko‘plab davlatlarini keltirish mumkin.

Import o‘rnini bosishga berilganlik va iqtisodiyotga davlat aralashuvini ochiq e’lon qilgan davlatlar deyarli qolmagan edi. Lekin 1996 yilda O‘zbekiston de-fakto ana shunday yagona mamlakat bo‘lib qoldi.

Qiyosiy tahlil
«O‘zbek modeli»ning 21 yil mobaynida amalda bo‘lishining natijasi qanday? (Qayd etish joiz, 2003–2008 yillarda iqtisodiyotimizda joriy operasiyalar bo‘yicha cheklovli bo‘lsa-da, konvertasiya joriy etilib, biznesni yuritish uchun ko‘p to‘siqlar olib tashlanib o‘ziga xos «iliq» davr kuzatilgan edi).

Hammasi qiyosda bilinadi. Xo‘sh, merkantil siyosat (de Sotoning terminidan foydalanaversak bo‘lar endi) boshqa sosialistik davlatlar bilan solishtirilganda O‘zbekistonga biror ustunlik taqdim etdimi?

Agar iqtisodiy o‘sish sur’atlarining (yalpi ichki mahsulot oshishi) rasmiy ko‘rsatkichlariga e’tibor bersak, iqtisodiyotimiz etakchilar safida bo‘ladi: to‘plangan iqtisodiy o‘sish qiymatlari bo‘yicha 1995 yildan keyin sobiq sosialistik davlatlar o‘rtasida O‘zbekiston Xitoy, uglevodorodlarga boy Ozarboyjon va Turkmanistondan keyingi o‘rinda.

Go‘yoki barchasi binoyidek. Lekin bizning rasmiy ko‘rsatkichlarimiz realistik bo‘lmagani sababli unga ishonish qiyin.

Unda «O‘zbek modeli» o‘zini oqlaganini qanday tekshirib ko‘rsa bo‘ladi? Buning uchun ishonchliligi shubha ostida bo‘lgan ko‘rsatkichlarni bir chetga yig‘ishtirib, ochiq milliy va xalqaro statistikaga tayanamiz.

U yoki bu iqtisodiy modelning muvaffaqiyatliligi yoki barbod bo‘lishining asosiy mezoni — u mamlakat aholisi turmush darajasini nechog‘lik yaxshilashga xizmat qilgandir. Turmush darajasi ko‘rsatkichining keng foydalaniladigan ko‘rsatkichlaridan biri — aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi milliy daromad (YaMD). Butunjahon banki mamlakatlarni daromadi bo‘yicha tabaqalashtirishda aynan shu ko‘rsatkichdan foydalanadi.

Quyida sobiq SSSR va Osiyoning sosialistik davlatlarida aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi YaMD haqidagi ma’lumotlar keltirilgan:

2015 yil uchun aholi jon boshiga YaMD (yalpi milliy daromad), AQSh dollarida

Qayd etish joiz, YaMD O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy ayriboshlash kursiga nisbatan shakllantirilgan. Agar u (haqqoniy) bozor kursi bo‘yicha hisoblansa YaMDni deyarli 2 ga bo‘lishga to‘g‘ri keladi.

Mualliflari (rasmiy va bozor kursi orasida farq bo‘lgan mamlakatlarda) aynan bozor kursi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqini hisoblab chiqqan, quyida berilayotgan surat ham shunday manzarani aks ettiradi.

Aftidan, tezkor sanoatlashtirish siyosati bizning davlatimizga tezda boyish imkonini bermaganga o‘xshaydi. Aksincha, qaralayotgan davlatlar ichida bizning o‘rtacha daromadlarimiz eng pastlaridan biri bo‘lib turibdi. Biroq, «O‘zbek modeli» bo‘lmaganida balkim daromadlar yanada pastroq bo‘larmidi?

Afsuski, quyida keltirilayotgan jadval 2000 yildan buyon aholi jon boshiga YaMDning o‘sishi qaralayotgan davlatlar ichra eng pasti bo‘lganini namoyish etib turibdi.

2000 yildan boshlab aholi jon boshiga YaMDning o‘sishi, AQSh dollarida

Muvaffaqiyatsizlik sabablari
1990-yillarda mamlakatimiz oldida biryo‘la ikki masalani hal qilish vazifasi turgan edi:

- bozor institutlari va mexanizmlarini shakllantirib, xususiy tadbirkorlik va bozor raqobatini rivojlantirib bozor iqtisodiyotiga o‘tish (chunki bungacha O‘zbekistonda ma’muriy-buyruqbozlik (rejali) iqtisodiyot hukmron edi);

- istiqbolda rivojlanish va aholi turmush farovonligi bo‘yicha rivojlangan davlatlarni etib olishga imkon beruvchi barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;

Biroq iqtisodiyotga ma’muriy aralashuv vositasida tezkor sanoatlashtirish siyosati tufayli bu vazifalarning birortasi hal etilmadi.

Bozor islohotlari amalda muzlatilib qo‘yildi
- Iqtisodiy jarayonlarga davlatning ma’muriy aralashuvi bozor mexanizmlari ishiga xalaqit berayotgani ma’lum bo‘ldi, u bozor raqobatini yo‘qqa chiqaradi, tijorat banklarining samarali sektorini shakllantirishga imkon bermadi.

- Yuqori soliq yuklamasining bir vaqtning o‘zida turli soliq imtiyozlari bilan birgalikda joriy etilishi raqobatbardosh xususiy biznes rivojlanishini qiyinlashtirdi.

- Import o‘rnini egallash va proteksionizm biznesning raqobatbardoshligi pasayishi va raqobat yo‘qoligiga o‘z hissasini qo‘shdi.

- Bozor mexanizmlarining normal ishlashiga to‘sqinlik qiluvchi aksilbozor institutlari shakllantirildi (konvertasiya erkinligiga cheklovlar, alohida qishloq xo‘jaligini mahsulotlarining majburiy davlat xaridlari, korxonalar ishiga ma’muriy darajada aralashuv va boshqalar).

Pirovard natijada — juda yomon investision muhit yurtimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va zamonaviy texnologiyalar kirib kelishini cheklab qo‘ydi. Aholi jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamg‘arilgan xorijiy investisiyalar ko‘rsatkichi bo‘yicha qaralayotgan davlatlar ichida O‘zbekiston eng so‘nggi o‘rinda. Holbuki, muvaffaqiyatli sanoatlashtirishga xorijiy kapitallarni keng jalb qilmasdan turib erishib bo‘lmaydi.

Barqaror iqtisodiy o‘sish uchun sharoitlar yaratilmagan
Sanoat siyosati faollashgan davrlar (1996–2001, 2008–2016 yillar)da investision xarajatlar ancha yuqori bo‘lganiga qaramasdan, investisiyalardan olinadigan (real iqtisodiy o‘sish bilan ko‘zga tashlanadigan) daromad juda past bo‘lgan. Nega?

Birinchidan, merkantilistik model doirasida investision echimlarni amaldorlar, boz ustiga, bozor mexanizmlari (narx hosil qilinishi va raqobat) deformasiyaga uchragan sharoitda qabul qilishadi.

Biroq amaldorlar xususiy tadbirkorlardan farqli o‘laroq:

a) o‘zining emas, o‘zgalarning pullarini tasarruf etadi;

b) investision loyihalar muvaffaqiyatga uchraganda yoki barbod bo‘lganda moddiy javobgarlikni zimmasiga olmaydi.

Shu sababli davlat investision loyihalari, qoidaga ko‘ra, xususiy sektor loyihalariga nisbatan samarasiz hisoblanadi. Boz ustiga, davlat loyihalarida korrupsiya va xufiyona sxemalar gullab yashnaydi.

Ikkinchidan, ko‘p sonli imtiyozlar va cheklovlar sababli investorlarning rag‘bati o‘zgaradi. Ular investisiyalaridan uzoq muddat daromad qilishni o‘ylash o‘rniga, berilayotgan imtiyozlar va raqobatning cheklanishi hisobiga qisqa muddatda foydani qo‘lga kiritish ustida bosh qotira boshlashadi. Masalan, sarmoyador ishlab chiqarishga yotqizgan sarmoyasidan emas, imtiyozli konvertasiya faktining o‘zidan daromad qilishi mumkin. Natijada, xarid qilinayotgan uskuna va uning ishlatilishi «investor»ni so‘nggi o‘rinda tashvishlantiradi. U soxta firmalar orqali, «abjag‘i chiqqan», hech kimga kerak bo‘lmagan uskunani sariq chaqaga sotib olib, o‘zi o‘zidan juda katta narxga xarid qilishi mumkin. Bu bitimga imtiyozli konvertasiya oladi. Bunday «investisiya»larning foydasi past (ba’zi hollarda nolga teng) bo‘lishining bosh sababi shu.

Uchinchidan, moliya institutlari va raqobatning rivojlanmagani investision loyihalarni ularning samaradorligi ustidan bozor nazorati o‘rnatilishidan mahrum qiladi. Bozor iqtisodiyotida raqobat samarasiz biznes-loyihalarni g‘alvirdan o‘tkazib, ishbilarmonlarni doimo o‘z faoliyatini takomillashtirib borishga majbur qiladi. Samaradorlik ustidan moliyaviy institutlar ham qo‘shimcha nazorat o‘rnatadi: banklar va xususiy investorlar ham faqat o‘z qobiliyatini namoyon eta olgan va o‘z loyihalarining yutuqlarini isbotlay olgan insonlargagina moliyaviy resurslar ajratadi.

Bozor munosabatlari, xususiy tadbirkorlik va raqobatning rivojlanmaganligi, shuningdek, xo‘jalik yuritishning bozor tutumida siyosiy-huquqiy tizim shakllanmagani tufayli iqtisodiyotimiz innovasiyalarni qabul qilishi juda qiyin, bu esa raqobatbardosh ishlab chiqarishni barqaror rivojlanishini ta’minlashda to‘siq bo‘ladi.

Endi nima bo‘ladi?
Yuqorida aytilganlardan qanday xulosa chiqarish mumkin? Biz bozor iqtisodiyotini tanlab, iqtisodiy rivojlanishning merkantilistik modelidan voz kechishimiz kerak.

Bozor iqtisodiyotining ham ko‘plab modellari borligidan, islohotlar o‘tkazishda biz o‘z samaradorligi va yashovchanligini isbotlab bo‘lgan modellardan andoza olishimiz kerak. Zamonaviy raqobatbardosh iqtisodiyotlar uchta asosiy xususiyatga ega:

- Bu erda innovasiyalar faol ishlab chiqilib, joriy etiladi, boz ustiga, iqtisodiy jarayonlarning millionlab ishtirokchilari — ishbilarmonlar, oddiy ishchilar (injenerlar, menejerlar, marketologlar, moliyachilar), amaldorlar, olimlar va ixtirochilar ham innovasiya «yuqtirib» olmog‘i talab etiladi. Buning uchun raqobat va shaxsiy manfaat mexanizmlari yaxshi ishlashi kerak. Shuningdek, iqtisodiy siyosat barqaror va oldindan aytish mumkin bo‘lishi uchun mulk va biznes huquqini himoyalash o‘ta muhim.

- Bu erda yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar va xizmatlar ishlab chiqariladi (foydali qazilmalarni sotish hisobiga farovon turmush kechiruvchi davlatlardan mustasno, albatta). Buning uchun milliy biznesga xomashyoni chuqurlashtirilgan qayta ishlash bo‘yicha uzun savdo-ishlab chiqarish zanjirlari yaratish uchun sharoit, ishlab chiqarish miqyoslari hisobiga iqtisod va foyda oluvchi yirik ishlab chiqarish birlashmalarini shakllantirish kerak. Bu esa o‘z navbatida, biznes muhit va soliq tizimi sifatiga, erkin bozorlardan moliyaviy resurslarni jalb qila olish imkoniyatiga bog‘liq.

- Barcha zamonaviy samarali iqtisodiyotlar xalqaro mehnat taqsimotida faol ishtirok etadi. Chunki bir mamlakat chegarasida ko‘p turdagi raqobatbardosh tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish imkonsiz. Raqobatbardoshlik uchun ixtisoslashuv kerak, bu esa milliy iqtisodiyotlarga o‘zlari nisbatan ustun bo‘lgan faoliyat turi bilan shug‘ullanish imkonini beradi, binobarin, ular bu borada kam xarajat bilan yuqori sifatga erishishlari mumkin. Xalqaro mehnat taqsimotida ishtirok etish milliy ishlab chiqaruvchilarga mahsulotni sotish uchun keng imkoniyatlar ochadi. Bularning barchasi — nafaqat ishlab chiqarishning raqobatbardoshligini oshirish manbai, shuningdek, aholi turmush farovonligini oshirish ham demakdir.

Zamonaviy, raqobatbardosh iqtisodiyot yaratish uchun iqtisodiy rivojlantirishning mavjud modelini yanada salohiyatlirog‘iga almashtirib beruvchi kompleks bozor islohotlari kerak.

Xususan, yaqin va o‘rta istiqbolda quyidagi hayotiy zarur islohotlar amalga oshirilmog‘i kerak:

- xususiy tadbirkorlik, bozor munosabatlari va raqobatning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan davlat tuzilmalarining funksiyalari va vakolatlarini tubdan qisqartirish, davlat boshqaruvi tizimining markazlashtirilishidan voz kechib, hududlar va tumanlar darajasiga funksiyalar va vakolatlarning keng ko‘lamini berish, davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan ma’muriy islohot;

- Markaziy bankning pul-kredit siyosatining bozor boshqaruviga o‘tishi, jumladan, naqd pul muomalasiga ma’muriy cheklovlarning bekor qilinishi;

- bank islohoti, Markaziy bankning foiz stavkalarini ma’muriy tartibga solishidan voz kechishi, moliyaviy sohada raqobatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

- soliqqa tortish tizimining islohoti, jumladan, soliqqa tortishning umumbelgilangan tizimini tubdan isloh qilish (soliqlar sonini keskin qisqartirish, soliq yuklamasini kamaytirish, tushumlardan soliqni bekor qilish), mehnatga nisbatan soliqni qisqartirish, individual soliq imtiyozlaridan so‘zsiz voz kechish, soliq ma’murchiligi tizimi va soliq hisobotlarini soddalashtirish;

- tashqi savdo siyosatini isloh qilish, jumladan, joriy operasiyalar hisobi bo‘yicha milliy valyutaning erkin konvertasiyasini joriy etish, avvalo import aksiyalaridan voz kechib bojxona to‘lovlarini qisqartirish, import va eksport oldidagi ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish;

- agrar islohot (majburiy davlat buyurtmasidan voz kechish, fermerlarning mulk huquqini himoyalash);

- iqtisodiyotning davlat sektorini isloh qilish (boshqaruvning qayta tizimlashtirilishi va keng miqyosdagi xususiylashtirish)

- sud islohoti;

- va boshqa islohotlar.

Iqtisodiyotning merkantelistik modelidan nechog‘lik tez va aql bilan ish tutib qutula olsak va bozor mexanizmlari hamda xususiy tadbirkorlik uchun sharoit yaratsak, kelajagimiz, farzandlarimiz va avlodlarimizning kelajagi ham shunga bog‘liq bo‘ladi.

Bizga bu yo‘lda omad yor bo‘lsin!

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «O‘zbek modeli»miz o‘zini oqladimi?