22:02 / 13.01.2018
7 033

Sayyohlarga O‘zbekistonda nima ko‘proq yoqmaydi: kutishmi yoki tarixiy yozuvlar?

Sayyohlarga O‘zbekistonda nima ko‘proq yoqmaydi: kutishmi yoki tarixiy yozuvlar?
O‘zbekiston ham sayohat, ham ziyorat uchun qulay mamlakat. Mamlakatimizda turizmning yangi istiqbollari ochilib, turli yo‘nalishlarda keng qamrovli loyihalar amalga oshirilmoqda. Alpinizm, otda, tuyada va velosipedda sayohat qilish, off-road sayohatlari, baliq ovi, rafting, geoturizm, ta’lim turizmi, tibbiy turizm kabi yangi sayyohlik yo‘nalishlari ommalashmoqda. Biroq... turistlar oqimining yanada ko‘payishi uchun nima yetishmayotgani, nimalar qilish kerakligi haqida ularning o‘zidan so‘radik.

Komathi Manian (Malayziya):
– Men ko‘plab davlatlarga sayohat qilganman. G‘arbiy va Sharqiy Yevropa, Islandiya, Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlarda bo‘lganman. O‘zbekistonda hammasi yaxshi. Bilasiz, biz musulmon xalqmiz. Joylarda bo‘lganimizda tahorat olishga sharoit yo‘qligidan bir oz qiynaldik.

Jan Xangmo (Janubiy Koreya):
– Turistlar qisqa vaqtda ko‘proq joylarni ko‘rib, ulgursam deydi. O‘zbekistonda esa vaqt chegaralangan. Kafe va restoranlar soat 23.00 da yopiladi. Agarda 24 soat davomida har xil xizmatlar ko‘rsatuvchi joylar ochilsa, sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etish mumkin.

Yun Nan (Xitoy):
– O‘zbekistonda biznesim borligi uchun tez-tez kelaman. Biroq, mehmonxonada vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish va vizani rasmiylashtirish jarayoni cho‘zilishi menga yoqmaydi.

Yurtingizda 4 va 5 yulduzli mehmonxonalarga ko‘proq e’tibor qaratilib, 2 va 3 yulduzli otellarga ko‘p ham ahamiyat berilmaydi. Sayyohlar faqat ko‘p yulduzli mehmonxonaga boradi, degan fikr noto‘g‘ri. Agar sharoitlar yaxshi bo‘lsa, kam yulduzli mehmonxonalarga ham boramiz, albatta.

Ismoil Murod (Malayziya):
– Tajribamdan bilamanki, Kambodjaga sayyohlar juda ko‘p boradi. Negaki, u yerda viza aeroportning o‘zida olinadi. Buning uchun chet elliklar maxsus yo‘lakdan boradi va ularning pasportiga muhr urib, viza qo‘yib beriladi. Bu hech qancha vaqt olmaydi. O‘zbekistonda esa buning uchun uch kun kutish kerak. Agarda sizlarda ham ana shunday tartib joriy etilsa, sayyohlar oqimi ortishi aniq.

Artyom Shtindl (Germaniya):
– Dunyodagi eng ko‘p sayyohlarni o‘ziga jalb qilayotgan davlatlardan biri – Tailand. Chunki bu yerda sayyohlarga mukammal sharoitlar yaratilgan. Misol uchun, sayyohlar uchun massaj xizmati. Yoki piyoda yuriladigan joylar ko‘p. Sayyohlar uchun qisqa masofalarga xizmat ko‘rsatuvchi servis xizmati O‘zbekistonda ham joriy etilsa yaxshi bo‘lardi.

Yana bir gap. Aeroportda uzoq vaqt turib qolish sayyohlar kayfiyatiga ta’sir qiladi. Rivojlangan davlatlarda sayyohlar ochiq chehra bilan qarshi olinadi va kuttirib qo‘yilmaydi.

Kim Yang (Yaponiya):
– Tarixiy binolarni iloji boricha o‘z ko‘rinishida saqlash kerak. Misol uchun, Buxorodagi binolar, tarixiy joylar, undagi yozuvlar katta ma’noga ega. Hozirga qadar borgan shaharlarim orasida Istambul va Agra menga juda yoqqan edi. Tarixiy binolarni yaxshi ko‘rganim bois Toj Mahaldan zavqlandim. O‘zbekistonga kelib, ko‘plab tarixiy shaharlar va binolarni ko‘rdim. Agarda bu binolar haqida ingliz tilida ko‘proq ma’lumotlar jamlangan bukletlar bo‘lganida yanada yaxshi bo‘lardi.

Manba: UzA.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Sayyohlarga O‘zbekistonda nima ko‘proq yoqmaydi: kutishmi yoki tarixiy yozuvlar?