date

O‘zbekiston AQShdan 10 yillik vizalar so‘radi


O‘zbekiston hukumati Amerika Qo‘shma Shtatlaridan o‘z fuqarolari uchun 10 yillik vizalar joriy etishni taklif qildi. Ushbu tashabbus AQSh fuqarolari uchun 2026-yil 1-yanvardan boshlab vizasiz rejimning kiritilishiga javoban bildirildi.

Mazkur taklif ikki tomonlama munosabatlarning faollashgani va Vashington bilan hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi harakatlar fonida e’lon qilindi. O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari maslahatchisi Komil Allamjonov bu taklifni ilgari surib, bunday qadam O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tashabbusga ko‘ra, AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejim 30 kungacha amal qiladi. Mazkur yangilik Vashingtonda ijobiy qarshilandi.

AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau O‘zbekistonning bu qarori Amerika turizmi uchun mamlakatning ulkan salohiyatini ochib berishini qayd etdi. Komil Allamjonov esa AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejim masalasi yaqin kunlardagi muzokaralarda AQSh tomonidan ko‘tarilganini eslatib o‘tdi.

Xususan, u Kristofer Landau va AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan uchrashuvni tilga oldi. Ikki davlat o‘rtasidagi yuqori darajadagi muloqotlar izchil rivojlanmoqda.

27-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh delegatsiyasini, jumladan Gor va Landau bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda strategik hamkorlikni rivojlantirish va ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Serjio Gor O‘zbekiston Prezidentiga AQSh Prezidenti Donald Trampning salomini yetkazdi. Amerika vizalarining B1/B2 toifasi (shaxsiy va ishbilarmonlik safarlari uchun) amal qilish muddatini bir yildan o‘n yilgacha uzaytirish tashabbusi O‘zbekistonning viza siyosatini liberallashtirish va mamlakatning turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Joriy yilning may oyida Prezident farmoni bilan xorijiy turistlar oqimini sezilarli darajada oshirish choralarini ko‘rish belgilangan edi. Shu jumladan, Tashqi ishlar vazirligiga AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy etish va o‘zbek fuqarolari uchun vizalarni soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borish vazifasi yuklatilgan edi.

Toshkentning 10 yillik vizalar haqidagi tashabbusi ochiqlik siyosatining mantiqiy davomidir va asosiy xalqaro hamkorlardan biri bo‘lmish AQSh bilan vizaviy masalalarda paritetga erishishga qaratilgan qadamdir. AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor muzokaralarda ishtirok etib, uning Toshkentda tug‘ilganligini ham eslatib o‘tdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston AQShdan 10 yillik vizalar so‘radi