
O‘zbekiston Respublikasi kiberxavfsizlik sohasida dunyo yetakchilaridan biri bo‘lgan AQShning Palo Alto Networks kompaniyasi bilan uzoq muddatli strategik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishi mamlakatning raqamli infratuzilmasiga sun’iy intellekt asosidagi ilg‘or texnologiyalarni integratsiya qilish orqali kiberxavflardan himoyani kuchaytirishga qaratiladi.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining AQShga tashrifi natijasida amalga oshirildi. Delegatsiya tarkibida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Investitsiyalar vaziri Laziz Qudratov ishtirok etdi.
Safar davomida Palo Alto Networks kompaniyasining davlatlar bilan hamkorlik va jamoatchilik siyosati bo‘yicha vitse-prezidenti Deniel Kros bilan muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekistonning raqamli xavfsizlik salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha aniq qadamlar muhokama qilindi.
Tomonlar davlat va xususiy sektorlarda ma’lumotlarni himoya qilish hamda raqamli barqarorlikni ta’minlash uchun zamonaviy tizimlarni joriy etish masalalarini batafsil ko‘rib chiqdilar. Xususan, sun’iy intellekt asosida ishlovchi ilg‘or tizimlar — kiberxavflarni real vaqt rejimida aniqlash va bartaraf etish imkoniyatiga ega algoritmlar, shuningdek, shifrlash texnologiyalaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Hamkorlik faqat texnologiyalar yetkazib berish bilan cheklanmasdan, keng qamrovli kiberxavfsizlik dasturlarini ishga tushirishni ham o‘z ichiga oladi. Bu dasturlar doirasida maslahatlashuvlar yo‘lga qo‘yiladi va amerikalik hamda o‘zbekistonlik mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvi amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, raqamli xavfsizlik, hodisalarga tezkor javob berish va xavflarni tahlil qilish kabi sohalarda mahalliy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishga katta e’tibor qaratiladi. Bu O‘zbekistonda zamonaviy himoya texnologiyalari bilan ishlay oladigan yuqori malakali mutaxassislar bazasini yaratishga yordam beradi.
Muzokaralar chog‘ida mahalliy startap loyihalarining texnik xavfsizligi va jahon standartlariga mosligiga baho berish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur kelishuv O‘zbekistonning yetakchi xalqaro IT kompaniyalarni jalb qilish bo‘yicha kengroq strategiyasining bir qismidir.
Bundan oldin Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShning Wersirius logistika kompaniyasi va AMALT assotsiatsiyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazib, O‘zbekistonda operatsion markazlar ochish va yangi dasturlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan edi.
O‘zbekiston kiberxavfsizligini AQSh kompaniyasi ta'minlaydi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar