13:39 / 13.05.2019
3 698

Uchta hokim, bir muammo: yechim qani? Yakkabog‘lik fuqarolar ulardan nega norozi?

Uchta hokim, bir muammo: yechim qani? Yakkabog‘lik fuqarolar ulardan nega norozi?
2015 yil…

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi “Mevazor” MFY hududidagi M-39 halqaro yo‘lning rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan 100 ga yaqin xonadonlar buzib tashlandi. Buning sababi yo‘lning kengaytirilishi va qurilish ishlari uchun qabul qilingan xukumat qarori deb ko‘rsatildi.

Uylar buzildi, biroq buzilgan xonadonlar ichidan 6 ta turar joy va 1 ta noturar joy egalariga haligacha kompensatsiya to‘lovi to‘liq to‘lab berilmayapti. Biz bugun shu muammoga aniqlik kiritishga harakat qilamiz.

“Yuqoridan kelgan” ishchi guruh xodimi “konvert” qilib bering…

Uyi buzilgan fuqarolar muammolari yuzasidan dastlab tuman va viloyat hokimligiga bir necha bora murojaat etishgan, ammo natija bo‘lavermagach, yuqori turuvchi tashkilotlarga bog‘lanishga majbur bo‘lishgan. Fuqarolar murojaatini o‘rganish maqsadida poytaxtdek shahri azimdan kelgan ishchi guruh xodimi masalaga rosa bosh qotirgan va o‘rtaga “odam qo‘shgan”. Taajjublisi shundaki, u muammoni yechish o‘rniga korrupsion harakatga yo‘l qo‘ygan. Ya’ni, murojaatchilardan yechilmagan muammoni “tepadagilar” orqali hal qilib berish uchun bajargan xizmatiga “konvert” usulida haq so‘ragan.

Kompensatsiyaga da’vogarlar kimlar?

Bular Yakkabog‘ tumani “Mevazor” MFYda yashovchi fuqarolar Gulnora Normurodova – 38 million so‘m, Baxtiyor Norqobilov – 13 million so‘m, Maxfirat Raimova – 35 million so‘m, Aliqul Rahimov – 51 million so‘m, Abdurahmat Yangiboyev – 19.700 ming so‘m turar joylari uchun va 2 ta noturar joy uchun – Ahmad Bo‘ranov – 51 million so‘m, Aliqul Rahimov – 23 million so‘m. Jami mablag‘ning to‘lab berilmayotganidan shikoyat qilayotgan fuqarolar mana to‘rt yildirki, arzini kimga aytishni bilmay sarson-sargardon bo‘lmoqda.

Uylar nega buzilgan edi?

Yakkabog‘ tuman hududidan o‘tuvchi “Almati-Beshkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz” avtomobil yo‘lining M-39 1173-1184 kilometrlarining hamda Qarshi-Shahrisabz-Kitob aylanma yo‘lining 4 K 319 kilometrlarida himoya zonasi o‘q chiziqlaridan har ikkala tomoni 50 metrdan hisoblangan.

Bo‘lajak buzilishga tushgan yuqoridagi 6 ta xonadon ko‘rsatilgan. “Mevazor” MFYda jami 5 ta turar va 1 ta noturar joy “Esat” MFYda 1 ta turar joy binolari borib o‘rganilganida buzilishga tushganligi aniqlandi. Bu haqda tuman hokimi qaroriga asosan maxsus ishchi guruh tuzilib tuman hokimi o‘rinbosarlari A.Safarov va O.Tilovov boshchiligida bir qator mutasaddilar tuman sobiq hokimi J.Boboyev tomonidan chiqarilgan qaror ijrosiga kirishishgan.

Bundan tashqari, fuqarolarning tuman komissiyasiga Toshkent shahar “OLIMP BAXOLASH VA EKSPERTIZA MARKAZI” mustaqil baholash jamiyatining Yakkabog‘ tuman filiali tomonidan joyning o‘ziga borib tegishli hujjatlarga asosan bugungi kundagi (2015 yil nazarda tutilayapti) holati inobatga olinib, mulk baholangan. Mazkur holatlarning barchasi qonun doirasida tuman hokimi qarori asosida amalga oshirilgan.

Buzildi, ammo nega haligacha zarar qoplanmadi?

Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratishingizni lozim deb topdik. Uylar buzilishi qonuniy yo‘l bilan amalga oshirilgan bo‘lsa-da, uy egalariga yetkazilgan ham moddiy, ham ma’naviy zarar bugunga qadar to‘liq to‘lab berilmagan. Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt yil davomida tuman hokimligi, viloyat hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarga yetkazilgan zarar miqdorini to‘lab berilishini so‘rab yozgan arizalar soni oshib borayapti. Bu orada Yakkabog‘ tumani hokimi va o‘rinbosarlari “xalqqa qop-qop va’dalarni” bergancha o‘z lavozimlarini tark etib ham ketishdi. Ammo, ahvol hanuz o‘sha-o‘sha.

Ikki qavatli uyning narxi bugun qancha?

Uyi buzilganlar orasida buzilish ishlari uchun belgilangan narx-navodan norozilar bor albatta. Jumladan, endigina qurib bitkazilgan yangi hovli joyi 201.000000 (ikki yuz bir million) so‘mga baholangan Aliqul Rahimov shunday deydi: – Bilasizmi, o‘zingizga uy qurguningizga qadar ne-ne orzularni qalbingizda to‘yasiz. Shu uyni kichik vatan deb bilasiz. Endi, vatanidan ayrilgan bir insonni holatini ko‘z oldingizga keltiravering. Prezidentimiz – Uyi borning o‘yi yo‘q, deb bejizga aytmaganlar. Oradan shuncha yil o‘tib baholangan o‘sha summaga ham rozi edik, lekin shuniyam ravo ko‘rishmagani alam qilarkan. Shu tashvishning ortidan keksalik bilan birga kasallik ham orttirib oldim. Qadimgilar bekorga mol achchig‘i-jon achchig‘i deyishmagan ekan.

Xo‘sh, mutasaddilar nima deydi?

Murojaat yuzasidan Yakkabog‘ tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tugmayev bilan bog‘landik: – Hozir sizga o‘n daqiqada bu masala bo‘yicha javob beraman. Bu ancha “eski” mavzu. O‘zi shuni yozish shartmi? Murojaatchilarning puli to‘lab beriladi, albatta.

O‘n daqiqalik va’da va “Eski mavzu”

Ammo, ne tongki, o‘sha va’da berilgan 10 daqiqaning kelishini naqd bir haftadan oshiq kutdik. Keyingi safar bog‘langanimizda esa, masala bilan bog‘liq mutasaddilardan javob bo‘lmadi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Nahotki, fuqarolarning murojaati yillar o‘tib “eski” mavzuga aylansa? O‘sha “eski mavzu”larga yechim topilsa-ku mayli, lekin “pullar” nazdimizda hali-beri egalariga to‘lab berilmasa kerak. Yoxud, bundan Yakkabog‘ tuman hokimligi ham manfaatdor-mi?

Dilshod Nabiyev,
Muqaddas Ismoilova.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Uchta hokim, bir muammo: yechim qani? Yakkabog‘lik fuqarolar ulardan nega norozi?