O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida so‘zlagan nutqi ko‘plab xorijiy bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining diqqatini tortdi. Ularda prezident nutqiga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilindi.
Xususan, “Komsomolskaya Pravda - Qozog‘iston”ning yozishicha, O‘zbekiston prezidenti koronavirusga qarshi kurashda BMTning rolini kuchaytirishni taklif qildi.
“Shavkat Mirziyoyevning fikricha, pandemiya paytida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risida xalqaro kodeks ishlab chiqilishi kerak. Ushbu hujjat har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro sheriklar oldidagi majburiyatlarini aks ettirishi lozim.
Bundan tashqari, Mirziyoyev Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vakolatlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Respublika rahbari COVID-19 tarqalishi va pandemiya oqibatlariga qarshi kurash O‘zbekistonda qanday tashkil etilayotganligini aytib berdi. Mamlakatda aholiga, iqtisodiyot tarmoqlariga va biznesga manzilli yordam ko‘rsatish uchun maxsus fondlar tashkil etildi. Shuningdek, u sheriklarga qiyin paytda qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Bosh assambleyada nutq so‘zlagan Mirziyoyev, shuningdek, BMT shafeligida Markaziy Osiyo mamlakatlari transport va kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazi tashkil etishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch muhitini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada, so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakat va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi deyarli besh barobar o‘sdi”, - deb yozadi nashr.
Rossiyaning TopNews nashri “BMTda koronavirus to‘g‘risida: O‘zbekiston davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi kodeksni ishlab chiqishni taklif qildi” sarlavhali maqola e’lon qilindi. U Lenta.ru, “Mir 24”, “Rambler”, TASS saytlarida ham berildi.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston BMT shafeligida pandemiya paytida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
“Bu yil Bosh assambleya birinchi marotaba koronavirus tufayli onlayn o‘tkazilmoqda va Mirziyoyev so‘nggi yuz yil ichida bunday ko‘lamdagi falokat bo‘lmaganligini ta’kidladi. U butun insoniyatning bunday global tahdidlarga nisbatan zaifligini namoyish etdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti dunyodagi barcha mamlakatlar o‘rtasida muntazam muloqot, ishonch va hamkorlik alohida ahamiyatga ega ekanini bildirdi. “Bizning maqsad - har bir insonning asosiy huquqlari va erkinliklari, sog‘lig‘i va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda shakllantirish”, - dedi u.
Bundan tashqari, Mirziyoyev Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vakolatlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, bosh kotib Antoniu Guterrishning davom etayotgan inqiroz sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan sammit o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifini O‘zbekiston qo‘llab-quvvatlaydi”, - deyiladi maqolada.
BMT Yangiliklar markazida “O‘zbekiston prezidenti Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilishni taklif etdi” sarlavhali maqola berildi.
Unda aytilishicha, BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasi delegatlariga videomurojaat bilan chiqqan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilishni taklif etdi.
“U Orol dengizi tezlik bilan qurigani va iqlim o‘zgarishining halokatli ta’siri haqida eslatdi. Mirziyoyev, shuningdek, o‘z mamlakatidagi islohotlar haqida gapirib, COVID-19’ga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni “siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiyalash” haqida gapirdi. “Bugun mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytarib bo‘lmas tus oldi”, dedi prezident. U ayollarning jamiyatdagi o‘rni ortib borayotganligi to‘g‘risida xabar berib, ularning yangi parlamentdagi soni ikki baravarga oshganligini ta’kidladi. Prezident yoshlarga yordam beruvchi loyihalar haqida gapirdi.
Prezident o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi muammosiga alohida e’tibor qaratdi va bugungi kunda har bir mamlakat ushbu jarayonning halokatli ta’sirini his qilayotganini ta’kidladi. “Afsuski, ushbu salbiy o‘zgarishlar Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga jiddiy tahdid solmoqda. Orol dengizining qurishi jiddiy oqibatlarga olib kelganiga yana bir bor e’tiboringizni qaratmoqchiman. Orol dengizi zonasi ekologik ofatning epitsentriga aylandi”, - deya ma’lum qildi O‘zbekiston prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat ushbu o‘zgarishlarga qarshi turishga harakat qilmoqda, jumladan “2 million gektar maydonda yangi landshaft, o‘rmonzorlar va tuproq qoplamini yaratish” orqali. Mirziyoyev Toshkentning tashabbusi bilan Orol dengizi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p sheriklik trast fondi tashkil etilganini aytdi. Prezident ushbu jamg‘arma to‘ldirilib, qiyin ekologik vaziyatga ega hududda yashovchi aholiga xalqaro yordam ko‘rsatishning samarali mexanizmiga aylanishiga umid bildirdi.
“Biz Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risida BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni, ushbu muhim hujjat qabul qilingan kunni esa Xalqaro ekologik tizimlarni muhofaza qilish va tiklash kuni deb e’lon qilishni taklif etamiz”, - dedi prezident”, - deyiladi BMT xabarida.
Belgiyaning Eurocontinent nashri “O‘zbekiston Markaziy Yevrosiyoda barqarorlik tayanchi sifatida” sarlavhali maqola chop etildi.
“Agar dunyo xaritasiga qarasangiz, O‘zbekiston Yevrosiyoning markazida joylashgan. Shuning uchun Markaziy Yevrosiyo - “Markaziy Osiyo”ga qaraganda mosroq atama hisoblanadi. Ichki va tashqi tomondan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda, shuningdek, butun Yevrosiyo qit’asida geosiyosiy barqarorlik va tinchlikka hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston Markaziy Yevrosiyoning markazida juda muhim geosiyosiy pozitsiyani egallaydi va barqarorlikni saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Mamlakat Markaziy Osiyoda eng ko‘p aholiga ega. Shuningdek, O‘zbekiston Afg‘onistondan butun Markaziy Osiyo, keyinchalik Rossiya va Xitoyga beqarorlikning tarqalishini oldini oluvchi geosiyosiy qasrdir.
Markaziy Osiyo oldida mintaqaning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga integratsiyasini ta’minlash kabi muhim strategik vazifa turibdi. O‘zbekistonning maqsadi - Markaziy Osiyo davlatlarini yanada nufuzli va farovon qilish hamda “Yangi ipak yo‘li” tashabbuslaridan yaxshiroq foydalanish”, - deyiladi maqolada.
Buyuk Britaniyaning PR Newswire nashri “O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston bo‘yicha BMT doimiy qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida taklif bilan chiqdi” sarlavhali maqola e’lon qildi. U The cision (Buyuk Britaniya), Business Insider, The Frontier Post (AQSH), Xinhua, China.org (Xitoy), Ariana News va Baztab News (Afg‘oniston), “RIA Novosti” (Rossiya) saytlarida ham berildi.
“O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasiga tinchlik harakatlarini muvofiqlashtirish va mamlakatda siyosiy barqarorlik qaror topishiga ko‘maklashish uchun BMTning Afg‘oniston bo‘yicha doimiy qo‘mitasini tuzish to‘g‘risida murojaat qildi.
Prezident Mirziyoyevning Bosh assambleya sessiyasining ochilishidagi murojaatnomasi birinchi marta o‘zbek tilida yangradi.
Prezident Sh.Mirziyoyev o‘z nutqida Afg‘onistonda tinchlikka ko‘maklashish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan qadamlar to‘g‘risida aytib o‘tdi”, - deyilgan maqolada.
BBC NEWS o‘zbek xizmati (Buyuk Britaniya) “O‘zbekiston va dunyo: Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tilida nimalar dedi?” sarlavhali maqola bilan chiqish qildi.
“O‘zbekiston rahbari pandemiya bois sirtdan qilgan nutqini aynan pandemiyadan boshladi, xalqaro hamjamiyat qarshisiga yangi taklifni ilgari surdi.
Prezident Mirziyoyev bu gal Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish g‘oyasini o‘rtaga tashladi.
O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, "hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etgan bo‘lishi lozim".
O‘zbekiston joriy paytda Qozog‘iston va Tojikistondan keyin Markaziy Osiyoning koronavirus eng ko‘p tarqalgan uchinchi davlati bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyevning bu galgi nutqi ham keng qamrovli ekani ko‘rilgan. U yana O‘zbekistondagi islohotlar mavzusiga e’tibor tortgan, assambleya ishtirokchilariga "O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus olgani"ni aytgan.
"Gender tenglik siyosati o‘zlari uchun ustuvor masala ekani"ni ta’kidlagan. O‘zbekistonda "inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgargani"ni aytgan. Bu gal "majburiy va bolalar mehnati O‘zbekistonda to‘liq tugatilgani"ni bayon qilgan.
"O‘zbekistonda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilangani"ni qayd etgan. Ishsizlik, korrupsiya va yoshlar masalasini ham tilga olgan. Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha o‘zlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni ham taklif etgan.
Markaziy Osiyo bilan bog‘liq qator tashabbuslarni o‘rtaga otgan. Bu gal ham Afg‘oniston masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan, BMT huzurida afg‘on xalqining dard-u tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish lozimligini aytgan.
O‘zbekiston prezidenti yana global iqlim o‘zgarishi muammosi va xuddi shu fonda Orol dengizi fojiasiga e’tibor tortgan. Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini ham ilgari surgan”, - deyiladi maqolada.
Bundan tashqari, Süddeutsche Zeitung “Prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda O‘zbekistonning yangi xalqaro tashabbuslarini taqdim etdi”, Berliner Telegraph “Terrorizm va ekstremizm bilan kurash sohasida O‘zbekistonning yangi tashabbuslari”, Gazzetta di Napoli “Koronavirusga qarshi global kurashda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarining ahamiyati”, Frankcreations “BMT Bosh assambleyasida O‘zbekiston prezidenti mintaqaviy o‘zaro aloqalarni rivojlantirish to‘g‘risida gapirdi”, The Economic Times “Madaniyatni yuqori darajada targ‘ib qilish: o‘zbek tili birinchi marta BMTda ishlatiladi” sarlavhali maqolalar e’lon qilindi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi