08:23 / 11.11.2021
4 802

“O‘zbekiston iqlimi keskin quruqlashib bormoqda” — gidrometerolog

“O‘zbekiston iqlimi keskin quruqlashib bormoqda” — gidrometerolog
Kuzda yomg‘ir, qish esa qor yog‘ishi sezilarli darajada kamaydi. Yoz oylarida anomal issiq harorat kuzatilmoqda, yil davomida O‘zbekiston hududiga kirib keladigan sovuq havo oqimi 5 barobargacha qisqardi. Bularning barchasi global iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq, deydi gidrometerolog Erkin Abdulahatov.

4 noyabr kuni kechqurun Toshkentda g‘ayrioddiy chang-qumli tuman tushishi hodisasi kuzatildi. “O‘zgidromet”ga ko‘ra, so‘nggi 150 yil ichida bu kabi changning bir necha kun davomida havoda saqlanib qolishi kuzatilmagan va bu mutlaqo kutilmagan holatdir.

Gidrometeorologiya xizmati mutaxassisi Erkin Abdulahatovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hozirda ham Toshkent havosida chang zarralari kam miqdorda saqlanib turibdi. Bu moddalar o‘pka bilan bog‘liq kasalligi bor insonlar uchun zararli bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda atmosferadagi holat qanday?
Havodagi chang zarralari o‘rganilganda, ular sog‘lom inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligi aniqlandi. Chunki ayni paytda Toshkent havosidagi chang miqdori 160 millikilogramm kubdan kam. Ya’ni 90-100 millikilogramm. Bu yuqori xavfni anglatmaydi.

Havoda gigiyenik talablar bo‘yicha 2,5 mikron bo‘lgan judayam mayda zarralar mavjud. Ular niqob yoki boshqa xalqona himoya vositalardan (doka yoki boshqa matolar) ham kiradi va o‘pkaga bora oladi. Shuning uchun allergik bronxit, o‘pka bilan bog‘liq kasalligi bor bemorlar hozirgi havodan nafas olsa, chang zarralari kasallik qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin
”, deydi mutaxassis.

O‘zbekiston iqlimi quruqlashib boryapti
Erkin Abdulahatovning aytishicha, o‘rganishlar oxirgi 10 yil ichida O‘zbekiston iqlimida keskin o‘zgarishlar kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda. Mamlakatga avvallari barqaror ravishda 20-25 foiz sovuq oqim kirib kelgan bo‘lsa, hozirgi ko‘rsatkich 5 foizga tushib qolgan. Bu dunyoda bo‘layotgan iqlim o‘zgarishi mintaqamizga jiddiy ta’sir qilayotganini anglatadi.

Respublikada qish oylari ham qor kam yog‘yapti, yoz esa issiq bo‘lib ketmoqda. Bularning hammasi global iqlim o‘zgarishining bizning mamlakatga ta’siri bilan bog‘liq”, deydi Erkin Abdulahatov.

Avvallari kuz oylarida yog‘ingarchilik ko‘p kuzatilardi. O‘zbekistonning cho‘l va yaylov hududlarida ham yaxshigina yomg‘ir yog‘ib, namlik bo‘lgan va nam holatdagi tuproq chang ko‘tarilishiga to‘sqinlik qilgan. Biroq ayni davrdagi holat keskinlashayotgani soha mutaxassislarini tashvishga solmoqda.

Changli bo‘ron qayerdan keldi?
“O‘zgidromet”ga ko‘ra, mazkur mintaqaviy changli bo‘ron O‘zbekistonga asosan janubiy Qozog‘istondan kirib kelgan. Zarralar avval Toshkent viloyati va shahriga kirgan, keyin Navoiy, Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlariga ham yetib borgan.

“Bu yil Qozog‘iston janubida yoz oylari judayam kuchli qurg‘oqchilik kuzatildi. Buning oqibatida respublika 24 foiz bug‘doy hosilidan ayrilgan. Sentabr-oktabr oylarida hududda deyarli yomg‘ir yog‘ishi kuzatilmagan. Shamol bo‘lishi oqibatida juda katta chang massasi O‘zbekistonga uchib kelgan. Qo‘shni mamlakatda pasaygan namlik zarari qo‘shni mintaqalarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan”, deya qayd etdi iqlimshunos.

“O‘zgidromet” chang bo‘roni yopirilishidan oldin kuchli shamol prognozini bergan edi. Lekin changning bu qadar tarqalishi mutaxassislarning ham xayoliga kelmagan. Sababi Toshkent hududida 100 yillar davomida bunday hodisa ro‘y bermagan. Kutilmagan ofat mutaxassislarni ham hayron qoldirgan.

11 noyabrga o‘tar kechasi ayrim joylarda biroz yog‘ingarchilik kuzatildi, lekin bu, “O‘zgidromet” mutaxassisining aytishicha, hozirgi havoda mavjud changni to‘liq bosish uchun yetarli emas. Navbatdagi yomg‘ir “potogi” noyabrning ikkinchi o‘n kunligida, ya’ni 18-19 noyabr kunlariga to‘g‘ri keladi.

Erkin Abdulahatovga ko‘ra, “O‘zgidromet” 12 noyabr kuni shimoliy-g‘arbiy sovuq oqim kirib kelishi natijasida yomg‘ir yog‘ishini kutgan. Lekin oqim hozir shimoliy Qozog‘istondan o‘tib ketdi, demak, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Agar markaziy Qozog‘istondan o‘tganida qaysidir hududlarida yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin edi.

Ayniqsa, kuz oylarida uzoq muddatli prognozlar o‘zini oqlash darajasi kam bo‘ladi. Hattoki, 5-6 kunlik bashoratlar ham. Yoz oylarida aytilsa, to‘g‘ri kelishi mumkin. 4 noyabr kuni kirib kelgan chang bo‘roni ham iqlim o‘zgarishi tufayli yuz berdi”, so‘zlab berdi u.

Chang bo‘ronlari qanday turlarga bo‘linadi?
Chang bo‘roni 3 xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi: mahalliy, mintaqaviy va global. Ma’lumotlarga qaraganda, global chang bo‘ronlari 8 kilometrgacha balandlikka ko‘tariladi.

Masalan, yozda Sahroyi kabirda ko‘tarilgan katta masshtabli chang bo‘ronlari 4,5-5 kilometr balandlikka yuqorilab Atlantika okeani orqali Janubiy Amerikagacha yetib borgan.

Bizda kuzatilgan chang bo‘roni esa mintaqaviy xarakterga ega edi.

Bu – signal. Mazkur holat shu bilan to‘xtab qolmaslik ehtimoli kuchli. Chunki iqlim o‘zgaryapti. Yashillik juda ham kerak. Lekin mintaqaviy chang bo‘ronlari masalasi mintaqalar o‘rtasida hal qilinishi zarur.

Biz yashil qoplamalarimiz, yaylovlarimizni joyiga keltirganimiz bilan qo‘shnilarda vaziyat yaxshi bo‘lmasa, ulardagi ofatlarning ta’sirini o‘zimizda ko‘raveramiz. Hamma teng va bir xil chora ko‘rishi lozim. Mintaqaviy chang bo‘ronlari O‘zbekistonning g‘arbiy va janubiy qismida ko‘p bo‘lgan. Toshkent shahrida esa birinchi marta yuz berdi.

Bizda bunday chang zarralarini ilmiy o‘rganish 1 yil avval, yangi uskuna olib kelinganidan keyin boshlandi. Bunday chang zarralarining zararlilik darajasi hududlarga ham bog‘liq bo‘ladi. Masalan, Rossiyada boshqacha ta’sirga ega, boshqa hududda turlicha ta’sir qiladi. Bizda bu yo‘nalishni o‘rganish yangilik. Hozirda ushbu zarralar bo‘yicha ilmiy ishlar olib borilyapti
”, dedi mutaxassis.

“O‘zgidromet” ma’lumotlarida 4 noyabr kuni yuz bergan bu hodisada eng ko‘p chang miqdori to‘plangan shahar Toshkent bo‘lgan va hududning havosida belgilangan me’yordan 33 barobargacha ko‘p chang mavjudligi aniqlangan.

Natijada minglab insonlar nafas qisishi tufayli “Tez yordam”ga murojaat qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga changli havoda niqob taqish, allergik va astma kasalligi bor bemorlarga tashqariga chiqmaslikni tavsiya qilgan.

Islombek Umaraliyev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » “O‘zbekiston iqlimi keskin quruqlashib bormoqda” — gidrometerolog