18:18 / 05.09.2022
1 416

VARning yo‘qligi kimga foyda-yu, kimga zarar? Yana hakamlar mavzusi...

VARning yo‘qligi kimga foyda-yu, kimga zarar? Yana hakamlar mavzusi...
Oxirgi paytlarda futbolimizda qaynoq muhit hukm suryapti-a? Ayniqsa, har bir o‘yinimiz qandaydir yuqori darajadagi bosim va shu bilan birga uning fonida gap-so‘zlar qorishmasida “shakllanyapti”. Kuni kecha O‘zbekiston Coca-Cola Kubogi chorak final o‘yinlari o‘tkazildi. To‘rtta o‘yinning har biri alohida mavzu bo‘la oladi.

“So‘g‘diyona” “Qizilqum”ni penaltilar seriyasidagina mag‘lub etdi. Aynan juftliklar orasida birgina Jizzaxdagi uchrashuvda penaltilar seriyasigacha borildi. Namanganda “Navbahor” – “Paxtakor” to‘qnashuvining ikkinchi qismi bo‘lib o‘tdi. Kutilganidek, bu o‘yin katta afisha va o‘yindan keyin ham shunga yarasha munozaralarga sabab bo‘lyapti.

Navbatdagi ikkinchi o‘yin Qarshi va Andijonda bo‘lib o‘tdi. “Nasaf” o‘z uyida “Lokomotiv”ni 1:0 hisobida yutdi. Bu uchrashuvda futbolchilar o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Shuningdek, mehmonlar goli inobatga olinmagani ham bahsli vaziyat sifatida bahonlanmoqda. Biz esa “Bobur Arena”da “Andijon” hamda AGMK ishtirokidagi uchrashuvga guvoh bo‘ldik.

Chorak finalchilar orasida Pro ligadan birgina “Andijon” yetib keldi. AGMKga qarshi uchrashuvda Pro liga karvonboshisi sifatida maydonga tushdi. O‘yin oldidan raqib Superliga yetakchilaridan biri bo‘lgani sababli ham AGMK favorit sifatida baholandi. Ammo o‘yin harorati juda qaynoq bo‘lishi oldindan ma’lum edi. Boisi “Andijon” pro ligada bo‘lsa-da, Kubokda ham oldiga qo‘ygan maqsadi bor edi. Jamoa shunga yarasha tayyorlandi. O‘yin ham zo‘r o‘tdi. Televizor orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi va katta auditoriya tomosha qildi. Lekin ushbu uchrashuvda ham qator bahsli vaziyatlar ko‘zga tashlanib qoldi.

“Andijon” – AGMK bahsiga bosh hakam sifatida Viktor Serazetdinov tayinlanganidayoq mahalliy muxlislarda qandaydir xavotir paydo bo‘lgandi. Statistikaga qarasak, joriy mavsumda u “Andijon” ishtirokidagi ikkita uchrashuvni boshqargan. Safarda “Zomin” va Andijonda “Buxoro” bilan o‘tkazilgan o‘yinlarda hakamlik qilgan hamda ikkalasida ham “Andijon” gol ura olmagan. Ushbu bahslarda 0:0 hisobi kuzatilgan.

Afsuski, “Andijon” – AGMK uchrashuvida o‘sha bosh hakam ayrim qarorlari bilan katta sahnaga chiqib qoldi. Mezbonlar birinchi bo‘limdan keyin hisobda ortda qolayotgan mahalda ikkinchi bo‘limda hujumlarini kuchaytirdi. Natijada AGMK darvozasi oldida ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratila boshlandi. Lekin mezbonlarning birin-ketin ikkita hujumida to‘p AGMK futbolchilarining qo‘liga tekkan holatda bosh hakam o‘yinnni davom ettirdi va bu holat mezbonlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Mana shunday vaziyatda o‘yinga VARning qo‘yilmagani juda pand berdi, deyish mumkin.

E’tiborlisi, O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev o‘zining telegramdagi kanalida darhol “Andijon” – AGMK o‘rtasidagi o‘yindagi hakamlik uchun munosabat bildirib chiqdi. “O‘tgan mavsum Jizzaxda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin hakamlardan biri faoliyatini yakunlashi shart ekani haqida aytgandik. O‘sha fikrimizda qolamiz, u hakamga katta futbolda qiladigan ish qolmagan. Bu safar pozitsiyamizni Hakamlar markaziga rasman bildiramiz”, - deydi Imomxo‘jayev.

Bu yerda gap kim va qaysi o‘yin haqida ketayotganini taxmin qilish mumkin. Chempionatning 2-turida “So‘g‘diyona” “Turon”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan. O‘sha o‘yinni boshqargan Viktor Serazetdinov yo‘q joydan raqib darvozasiga penalti belgilagan va Shoxruz Norxonov gol urgan. Natijada bu jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Xullas, O‘zPFL bosh direktori O‘zbekiston Kubogi chorak finaldagi barcha o‘yinlar yakuniga yetgach, yana bir post qoldirdi. Bu safar unda shunday deyiladi: “Chorak finaldan o‘rin olgan 4 ta bellashuvdan 3 tasida hakamlikka e’tiroz bor. “Andijon” va “Lokomotiv” klublari nisbatan ko‘proq zarar ko‘rishdi. Agar mazkur o‘yinlarda VAR ishlaganida, vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Biz VARni yo‘qotish haqida emas, uni takomillashtirish haqida o‘ylashimiz kerak. O‘zbekistonlik hakamlar VARni uzoq ko‘rayotganiga sabab ularning uquvsizligi emas, bizda sifatli takroriy lavhalar yo‘q, texnika yetarli emas.

VAR bizda ilk bor 2020 yilgi kubok finalida ishlagandi (Namanganda AGMK va “Paxtakor” o‘ynagan). 2022 yilgi Kubokda faqatgina ½ finaldan boshlab VAR ishlashi uchun ruxsat olingan (nega shunday ekanligi bizga qorong‘u). Bilganim shuki, Superliga o‘yinlari va Kubokdagi VAR uchun yillik litsenziya taxminan 50 ming dollar atrofida bo‘ladi va bu pulni 2022 yil uchun O‘zPFL to‘lab bergan.

Agar bizda stadionning qarama-qarshi tomonidan turib ishlaydigan 4 tadan kamera bo‘lsa, muammolar yechimi nisbatan osonlashgan bo‘lardi. Buning uchun bizga kamida 12 ta shunday kamera kerak bo‘ladi. Bizningcha, qaysidir jamoalar “ne za chto” zarar ko‘rganidan ko‘ra, yuqoridagi masalaga yechim izlash to‘g‘ri yo‘l
”, - deya bu safar ham Imomxo‘jayev fikr bildirdi.

Ko‘rib turganingizdek, Andijondagi o‘yinda ham hakamlik e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Albatta, mezbonlar ham o‘zi yaratgan qulay imkoniyatlardan samarali foydalanganida balki vaziyat boshqacha tus olishi mumkin edi. AGMK esa ikki bor o‘zi uchun muhim gollarni urib ketdi. “Andijon” esa yana chorak finalda to‘xtadi. Lekin hakam yuqoridagi vaziyatlarda odilona qaror chiqarganida bahs taqdiri boshqacha kechishi ham hech gap emasdi.

Masalan, o‘sha bahsli vaziyatlarning birida to‘p AGMK sardori Sanjar Tursunovning qo‘liga yaqqol tekkani aks etgan video ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi. Lekin bo‘lar ish bo‘ldi, endi hech nimani ortga qaytarib bo‘lmaydi. Faqat bu kabi nizoli holatlarni bartaraf etmas ekanmiz, muammoli masalalar ko‘payaveradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » VARning yo‘qligi kimga foyda-yu, kimga zarar? Yana hakamlar mavzusi...